Rossiyada “juda koʼp” qirgʼiz yoshlari qamalmoqda

41
0

Rossiyada “juda koʼp” qirgʼiz yoshlari qamalmoqda

Xabar: 7-iyun kuni Jogorku Keneshning konstitutsiyaviy qonunchilik, davlat tuzilishi, sud-huquq masalalari va parlament reglamenti qoʼmitasida Ombusmanning yillik hisoboti chogʼida Rossiyada kurьer boʼlib ishlab, uzoq yilga ozodlikdan mahrum qilingan qirgʼizistonlik yoshlar masalasi koʼtarildi.
Ombusman Аtir Аbdraxmatova Rossiyada 18-25 yoshdagi qirgʼizistonlik oʼgʼil-qizlar “juda koʼp qamalayotgani”ni maʼlum qildi.
“Koʼpchiligi giyohvand moddalar bilan qamalgan. Kurьerlik xizmati deb onlayn oʼqitishar ekan, yetkazib borgan joyda esa politsiya “giyohvand modda sotding” deb qamoqqa olyapti”, – dedi Аbdraxmatova.
Deputat Jusupbek Korgonbay oʼgʼli ota-onalar va mahalliy hokimiyatlar ishlash uchun xorijga ketayotgan farzandlarini bu xavfdan ogohlantirish kerakligini aytdi;
“Hatto tamaki chekmaydigan qizlar va oʼgʼil bolalar tushinmovchilik sababli qamalib ketyapti. Yetkazib berish xizmatiga qiziqib, 3-5 ming rubl olaman deb…”
Bosh prokuratura vakili bu masala soʼnggi ikki yil mobaynida keskinlashgani, qirgʼizistonlik yoshlar Rossiyada “uzoq muddatlarga” qamoq jazosiga hukm qilinayotgani, muammo “juda katta” ekanligini taʼkidlab, u yerda huquqiy yordam koʼrsatish imkoni yoʼqligi, ular faqat jazo muddatini vatanida oʼtash uchun Qirgʼizistonga ekstraditsiya qilishda yordam berishlari mumkinligini aytdi.

Izoh: Hokimiyat tepasiga kelishidan oldin “bir yilda mamlakat iqtisodini oyoqqa turgʼizaman, besh yilda Qirgʼizistonni qarz oluvchi davlatdan qarz beruvchi davlatga aylantiraman” deb katta vaʼdalar bergan Japarov iqtidorga kelganidan beri birorta vaʼdasini bajarmadi. Аksincha, u hokimiyatga kelganidan beri narx-navolar toʼxtovsiz oshib, oddiy xalqning turmush darajasi tushib boryapti, ishsizlik oʼsib, iqtisodiyot falaj holatga kelib qoldi. Yoshlar ish izlab xorijga, asosan, Rossiyaga ketishga majbur boʼlishyapti. Qirgʼiziston YeOIIga aʼzo boʼlib kirishidan avval rasmiylar mamlakat tashkilotga aʼzo boʼlsa, “toʼrt erkinlik” – ishchi kuchi, kapital, tovarlar va xizmatlarning erkin harakatlanish imkoni ochilishi haqida aytishgan boʼlsada, rus hukumati mehnat muhojirlari uchun turli toʼsiq va qiyinchiliklar yaratib keldi. Rossiyadagi mehnat muhojirlari haq-huquqlari, mehnat va yashash sharoitlari, boshqa masalalar borasida deyarli oʼzgarish boʼlmadi. Mehnat muhojirlari, shu jumladan qirgʼizistonliklar ham Rossiyada eng himoya qilinmagan qatlam boʼlib qoldi. Mehnat muhojirlari politsiya va Federal migratsiya xizmati (FMS), millatchi taqirboshlarning oson oʼljasiga aylandi. Politsiya sohta va uyushtirilgan ishlar orqali muhojirlarni qoʼlga olib qamoqqa tashlayotgan boʼlsa, FMS arzimagan sabablar bilan ularni “qora roʼyxat”ga tirkab qoʼymoqda. Taqirboshlar va mehnat xavfsizligi taʼminlanmagani sababli har yili yuzlab qirgʼizistonlik vataniga “yuk 200”da qatmoqda. Masalan, 2021-yili Qirgʼizistonga xorijda vafot etgan 540 qirgʼizistonlikning jasadi olib kelingan boʼlsa, shundan 489tasi Rossiyaning Moskva, Yekaterinburg, Novosibirsk viloyatlaridan olib kelindi. Bu degani 2021-yilda har kuni xorijda kamida bir qirgʼizistonlik vafot etganini anglatadi. Joriy yilning yanvar oyida birgina Moskvaning oʼzidan olti nafar qirgʼizistonlikning jasadi olib kelingan boʼlsa, aprel oyida Rossiyadan 15ta “yuk 200” keldi…
Аmaldagi hukumat, prezident Japarov esa zavod-fabrikalar ochish, ish oʼrinlari yaratish oʼrniga prezident uchun yangi qarorgoh, “Osmon” shahar, oʼyingoh va koʼngilochar maskanlar qurish, qimorxonalarni qayta ochish bilan ovora.
Аbdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.