Bishkekda Yevrosiyo iqtisodiy forumi boʼlib oʼtdi

262
0

Bishkekda Yevrosiyo iqtisodiy forumi boʼlib oʼtdi

Xabar: Bishkekda Yevrosiyo iqtisodiy forumining yalpi majlisi videokonferentsiya formatida boʼlib oʼtdi.
Unda YeOIIga aʼzo davlatlar Rossiya prezidenti, Аrmaniston bosh vaziri va Belarus bosh vaziri videoaloqa orqali, Qirgʼiziston va Qozogʼiston prezidentlari bevosita ishtirok etdi.
Oʼtgan haftada forumga Rossiya prezidenti Vladimir Putin boshchiligidagi qator davlatlar rahbarlari kelmasligi maʼlum qilingan edi.
Prezident Japarov tadbir moderatori Аleksandr Shoxinning savollariga javob berar ekan, “EOII rivoji har bir aʼzo davlatning alohida jarayoni emas, balki unga aʼzo barcha davlatlarga bogʼliq boʼlgan bir-birini toʼldiruvchi jarayondir”, – dedi.
Japarov tashkilotning asosiy tamoyilini aytib oʼtdi. Birinchisi – tovarlar, xizmatlar, kapital va ishchi kuchining erkin harakatlanishini taʼminlash;
Ikkinchisi – 2025-yilgacha boʼlgan rivojlanish strategiyasini oʼz vaqtida amalga oshirish;
Uchinchisi – qishloq xoʼjaligi va sanoat sohasida hamkorlik. Bular – import oʼrnini bosish va tashkilotning oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash boʼyicha aniq hamkorlik loyihalarini amalga oshirish;
Toʼrtinchisi – barqaror iqtisodiy oʼsishni taʼminlash uchun integratsiyani rivojlantirish dasturini amalga oshirish algoritmlari va mexanizmalarini aniqlash;
Beshinchisi – Sharq-Gʼarb va Shimol-Janub yoʼnalishlarida transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish.

Izoh: Rossiya boshchiligida tashkil etilgan YeOII doirasida turli darajada – davlat rahbarlari, Oliy iqtisodiy kengash yoki bosh vazirlar darajasida boʼlishidan qatʼiy nazar – uchrashuv va yigʼilishlar oʼtkazib kelinayotgan boʼlsada, bu yigʼilish va uchrashuvlardan biror natija kutish kerak emas. Garchi, YeOIIning asosiy tamoyili “toʼrt erkinlik” – tovarlar, xizmatlar, kapital va ishchi kuchining erkin harakatlanishdan iborat boʼlishiga qaramay bu erkinliklar asosan Rossiyaning xohish irodasiga bogʼliq boʼlib qolmoqda. Rossiya oʼzi uchun manfaatli boʼlgan vaqtda tashkilotga aʼzo boʼlgan davlatlardan kelayotgan ishchi kuchii oqimini toʼxtatish uchun arzimagan sabablar bilan oʼz hudidga kirishga taqiq qoʼyib, “qora roʼyxatga” kiritgan boʼlsa, ishchi kuchi yetishmagan vaqtda ularga nisbatan amnistiya eʼlon qilib bu roʼyxatni bekor qiladi. Tashkilot hududida tovarlar ham Rossiyaning istagiga qarab aylanadi. Bir vaqtlar veterinariya va fitosanitariya bahonalari bilan oʼz hududiga ittifoqqa aʼzo davlatlardan mahsulotlar kirib kelishiga toʼsiqlar qoʼyib kelgan boʼlsa, Ukrainadagi bosqinchilik urushi ortidan iqtisodiy qiyinchiliklar iskanjasiga tushib qolgach avval qoʼyilgan taqiqlarni bekor qildi va qishloq xoʼjalik, goʼsht, sut va oʼzi uchun zarur boʼlgan mahsulotlarini olib kirishga ruxsat berdi. Bulardan farqli oʼlaroq, tashkilotga aʼzo davlatlar ehtiyoji uchun zarur boʼlgan don va shakar eksportiga cheklov joriy etdi. Bu orqali Rossiya oʼzidagi insonning birlamchi ehtiyojlari uchun zarur boʼlgan mahsulotlarni chetga chiqib ketishini oldini olgan boʼlsa, Gʼarb sanktsiyalari sababli oʼziga kelish toʼxtab qolgan mahsulotlarni ittifoqqa aʼzo davlatlar orqali olib kirish imkonini saqlab qoldi. Bundan tashqari, Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasining 20 may kuni boʼlib oʼtgan yigʼilishida Rossiya Federatsiyasi Qishloq xoʼjaligi vazirligi Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqining barcha aʼzolariga uchinchi davlatlar uchun don eksportiga kvotalar va bojlar joriy etish taklifini kiritdi. Аslida bu taklif emas, talab boʼlib, Rossiya bu orqali jahon bozorida oziq-ovqat, asosan, bugʼdoy va un mahulotlari taqchilligini vujudga keltirish va shu orqali Gʼarbga oʼziga qarshi joriy etilgan sanktsiyalarni olib tashlash yoki yengillatishda bosim oʼtkazmoqchi. Gʼarb sanktsiyalari natijasida rublning keskin qadrsizlanishi ortidan Rossiya mamlakatdan naqd valyuta olib chiqish miqdorini cheklab qoʼydi. Natijada u yerda ishlab yurgan millionlab mehnat muhojirlari oʼz yurtlariga faqat rublda pul chiqarishga majbur boʼlishmoqda. Bu orqali Rossiya kapitalning erkin aylanishiga ham toʼsiq paydo qildi. Xulosa qilib aytganda, YeOIIdagi qonun va meʼyorlar yana Rossiya tomonidan qoʼyilib, odatdagidek ittifoqdan oʼz manfaatlari yoʼlida foydalanmoqda. Tashkilotga aʼzo davlat rahbarlari erkinlik va tamoyillar haqida qanchalik gapirishmasin bundan hech qanday foyda yoʼq. Rossiya oʼzi bilan birga YeOIIni ham botqoqlikka tortib ketmoqda.

Аbdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.