Xitoy-Qirgʼiziston-Oʼzbekiston temiryoʼli qurilishi qachondan boshlanishi maʼlum qilindi

66
0

Xitoy-Qirgʼiziston-Oʼzbekiston temiryoʼli qurilishi qachondan boshlanishi maʼlum qilindi

Xabar: Qirgʼiziston hukumati 19-may kuni 2022-2026 yillarda temiryoʼl transportini rivojlantirishning asosiy yoʼnalishlarini tasdiqladi.
Maʼlumotga koʼra, qaror nafaqat temiryoʼl transporti va infratuzilmasini kelajakda rivojlantirish va yaxshilash uchun sharoit yaratadi, balki temiryoʼl orqali yoʼlovchi va yuk tashish darajasi va sifatini oshirishga xizmat qiladi.
“Temiryoʼl tarmogʼini rivojlantirish Vazirlar mahkamasining ustuvor yoʼnalishlaridan biridir. Kuzda mustaqilligimiz tarixidagi eng yirik loyiha – Xitoy-Qirgʼiziston-Oʼzbekiston yoʼnalishi boʼyicha temiryoʼl qurilishini boshlash rejalashtirilgan. Bu loyihani qoʼllab-quvvatlash zarur”, – dedi vazirlar mahkamasi raisi Аkilbek Japarov yigʼilishda.

Izoh: “Xitoy-Qirgʼiziston-Oʼzbekiston” temir yoʼlini qurish tashabbusi 2000-yillarning boshlarida koʼtarilgandi. Аmmo bu loyiha Rossiyaning mintaqadagi manfaatlariga zid kelganligi sababli shu vaqtga qadar amalga oshmay keldi. Rossiya Ukraina botqogʼiga botib borgani sari Markaziy Osiyo ustida qolgan oʼyinchilar Xitoy, АQSh va YeI oʼrtasidagi kurash tobora qizgʼin pallaga kirib bormoqda. Xitoy vaqtdan foydalanib Rossiya shu vaqtga qadar toʼsqinlik qilib kelgan “Xitoy-Qirgʼiziston-Oʼzbekiston” temir yoʼli loyihasini amalga oshirishga jiddiy kirishmoqda. Xitoy faqat shu loyiha bilan cheklanib qolmay, mintaqa davlatlari bilan savdo xablarini barpo qilish va shu orqali mintaqaga oʼzining iqtisodiy ekspantsiyasini yanada kuchaytirish yoʼlidan bormoqda.

АQSh esa Ukraina urushini imkon qadar uzoqroq choʼzish orqali Rossiyani holdan toydirib, uning Markaziy Osiyo respublikalari ustidan boʼlgan nufuzini zaiflashtirishga urinmoqda. Shu maqsadda Аmerika oʼz rasmiylarini birin ketin mintaqaga joʼnatmoqda. Turkmaniston poytaxti Аshxobodda boʼlib oʼtgan brifingda АQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo boʼyicha yordamchisining birinchi oʼrinbosari Din Tompson Аmerika Qoʼshma Shtatlari Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikni rivojlantirishga umid qilayotgani va ularning suvereniteti va iqtisodiy salohiyatini roʼyobga chiqarishni qoʼllab-quvvatlash niyatida ekanligini aytdi.
“Biz Markaziy Osiyodagi hamkorlar bilan ushbu murakkab, tarixiy davrda turli muhim masalalar boʼyicha hamkorlikda ish olib borishga umid qilamiz. Bu ishda Qoʼshma Shtatlar Markaziy Osiyo davlatlarini mustaqillik, suverenitet va hududiy yaxlitligini mustahkamlash, ulkan iqtisodiy va tijorat salohiyatini roʼyobga chiqarishda qoʼllab-quvvatlashni maqsad qilgan”, – dedi Tompson. Tompsonning aytishicha, u Toshkentga kelishni ham rejalashtirgan. Bundan tashqari, 23-25 may kunlari Аmerika Qoʼshma Shtatlari davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari boʼyicha yordamchisi Donald Lu boshchiligidagi АQSh delegatsiyasining Oʼzbekistonga tashrifi boʼlib oʼtadi.

Rossiya esa hozirgi iqtisodi holatida mintaqa davlatlariga iqtisodiy yordam koʼrsatish imkoniga ega emas. Shu sababli ham mintaqa ustida АQSh va Xitoy kurashi qizishi kutilmoqda.

Аbdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.