Sadir Japarov: Аfgʼonistondagi vaziyat Markaziy Osiyo uchun xavotirli
Xabar: Sadir Japarov Аfgʼonistonning ayrim viloyatlaridagi vaziyatni Markaziy Osiyo uchun xavotirli deb atadi. Bu haqda u 16 may kuni Moskvada boʼlib oʼtgan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga (KXShT) aʼzo davlatlar rahbarlarining yubiley yigʼilishida soʼzlagan nutqida maʼlum qildi.
Qirgʼiziston prezidenti Sadir Japarovning fikricha, “tashqi homiylari Markaziy Osiyo boʼyicha keng koʼlamli rejalarga ega boʼlgan Аfgʼonistonning ayrim viloyatlarida radikal diniy-terrorchilik tuzilmalarining toʼsiqsiz faoliyat yuritishi tufayli KXShTning janubiy chegaralaridagi vaziyat juda xavotirli boʼlib qolmoqda”.
Oʼz nutqida u “xavfsizlikka tahdidlar va harbiy-siyosiy keskinlik KXShT masʼuliyat hududining barcha chegaralariga yaqinlashganini” taʼkidladi.
“KXShTga aʼzo davlatlarning ichki ishlariga uchinchi shaxslarning aralashuviga urinishlar kuzatilmoqda. Shunday qilib, yil boshida biz aʼzo davlatlardan birida kutilmagan xavfsizlik inqirozini toʼxtatishga majbur boʼldik. Biz zudlik bilan va samarali javob qaytardik”, – dedi Japarov.
Japarov “oziq-ovqat va energetika xavfsizligi, makroiqtisodiy barqarorlik va ijtimoiy barqarorlikka tahdid solayotgan” sanktsiyalar qarama-qarshiligidan xavotir bildirdi.
Izoh: Rossiya postsovet respublikalarida oʼz harbiy taʼsirini saqlab qolish uchun tashkil etgan Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti (KXShT) Rossiyaning hozirgi siyosiy, iqtisodiy va harbiy holatida faoliyati va mavjudligini saqlab qolishi savol ostida qolmoqda. 16-may kuni boʼlib oʼtgan KXShTga aʼzo davlat rahbarlirining navbatdagi yigʼilishida ittifoqchilar orasida oʼzaro ishonchsizlik va bir-birini hiyonatda ayblash holatlari kuzatildi. Аrmaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan ozar-arman urushi vaqtida tashkilotga aʼzo davlatlar “Аrmanistonga doʼst boʼlmagan davlatlarga qurol-yaroq sotgani va natijada bu qurollar Аrmaniston va arman xalqiga qarshi ishlatilganidan” shikoyat qilgan boʼlsa, Jirinovskiydan keyin Putinning “masxarabozi” va Kreml “tiliga” aylangan Аleksandr Lukashenko kollektiv Gʼarb tomonidan tashkilotga aʼzo davlatlardan biri (Rossiya)ga qarshi qoʼllanayotgan iqtisodiy sanktsiyalar vaqtida tashkilotga aʼzo baʼzi davlatlarni uning samolyotlarini oʼz hududiga kirishini taqiqlashda aybladi. Har ikki davlat rahbari ham aniq davlat nomini aytishmagan boʼlsada, ularning bu bayonotlari yopiq eshiklar ortida oʼtkazilgan muzokaralarda tashkilotga aʼzo davlatlar oʼrtasida kelishmovchilik vujudga kelganidan darak beradi.
Putin uchun Rossiyaning hozirgi holatida oʼz ittifoqchilarini saqlab qolish va ular safini imkon qadar kengaytirish juda muhim. Shu sababli ham hozirga qadar ramziy tashkilot sifatida faoliyat yuritib kelgan Mustaqil Davlatlar Hamdoʼstligi (MDH)ga KXShT huzurida kuzatuvchi maqomini taqdim etishni taklif qildi.
“Biz ShHT va MDH boʼyicha hamkorlarimiz bilan oʼzaro hamkorlikni kuchaytirishimiz zarur. Oʼrni kelganda shuni aytish kerakki, fikrimizcha, MDHga KXShT huzurida kuzatuvchi maqomini taqdim etish oʼrinli va toʼgʼri boʼlgan boʼlardi. Buni muhokama qilmogʼimiz darkor”, – dedi Putin yubiley sammiti davomida. Maʼlumki, KXShTga faqat Аrmaniston, Belorus, Qozogʼiston, Qirgʼiziston va Tojikistongina aʼzo xolos. MDH esa oʼz safida – Rossiya, Ozorbayjon, Аrmaniston, Bulorus, Qozogʼiston, Qirgʼiziston, Moldaviya, Tojikiston, Turkmaniston va Oʼzbekistonni jamlagan. Putin MDH kuzatuvchi maqom berish orqali KXShTga aʼzo boʼlmagan davlatlarni ham oʼzining harbiy bloki atrofida jamlashga urunmoqda. Bu orqali Putin bu tashkilotdan ham harbiy maqsadlari yoʼlida foydalanishga harakat qilib koʼrmoqchi.
Bizning davlat rahbarlari esa oʼz taxtlarini saqlab qolish umidida choʼkib borayotgan kemaga oʼtirib, Rossiyaga xushomad qilishadi. Ular uchun oʼz taxtlarini saqlab qolish va Rossiyaning mamlakatda harbiy ishtirokini taʼminlashdagi eng sinalgan vosita “terrorizm” va “ekstremizm” “tahdidi”dan iborat. Ular bu “tahdiddan” oʼz boshqaruvlariga nisbatan ishonchsizlik kuchayib, xalq noroziligi ortib borayotganida unumli foydalanishadi va bu “tahdid”ni boʼrttirib koʼrsatish orqali xojalaridan moddiy va harbiy yordam olish ilinjida boʼlishadi.
Аbdurahmon Odilov