Suriyaliklarni vataniga qaytarish loyihasi

251
0

Suriyaliklarni vataniga qaytarish loyihasi

Suriyada yuzaga kelgan qaltis vaziyat tufayli Turkiyadan qoʼnim topgan bir million suriyalikni vataniga qaytarish loyihasi tuzilmoqda. Bu haqida Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdogʼan Idlibda qurilgan briket uylarining kalitlarini topshirish marosimida qilgan video murojaatida aytib oʼtdi.

“…Hozir yurtimizda mehmon boʼlib turgan bir million suriyalik birodarlarimizning ixtiyoriy ravishda qaytishini taʼminlovchi loyihani tayyorlash jarayonidamiz. Biz ushbu loyihani mahalliy va xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlar koʼmagida amalga oshiramiz”, “Bu loyiha uy-joydan tortib kundalik hayotning barcha ehtiyojlarga, maktab va kasalxona, qishloq xoʼjaligidan sanoatgacha oʼzini oʼzi taʼminlaydigan iqtisodiy infratuzilmaga ega boʼladi. Umid qilamanki, Suriyaning boshqa hududlari bir kun kelib xavfsiz holatga kelgach, biz u yerda ham shunga oʼxshash tadqiqotlar olib boramiz va ixtiyoriy qaytish uchun zamin tayyorlashga harakat qilamiz”.

Izoh: Suriya xalqi boshpana topgan oʼlkalarning eng afzali Turkiya boʼldi. Hech bir xalq Turkiya xalqidek suriyaliklarga yordam qoʼlini choʼza olgan emas. Buni suriyaliklarning oʼzlari ham tan olib gapirishadi. Islom aqidasi bilan sugʼorilgan turk xalqi mazlum Suriya xalqiga nisbatan oʼz muruvvatini yetarli darajada koʼrsatdi.

Аmmo davlat jihatidan qaraladigan boʼlsa, Turkiya hukumati muhojirlar masalasiga Islomiy nuqtai nazardan emas, balki siyosiy va iqtisodiy nuqtai nazardan qaraydi. Chunki kapitalizm asosiga qurilgan davlat boshqa xalqlar u yoqda tursin, oʼz xalqiga ham tekinga marhamat koʼrsatmaydi, balki xalqdan imkon qadar koʼproq foydalanishga harakat qiladi. Bu faqat Turkiyaga xos emas, barcha kapitalistik davlatlarda ahvol shunday.

 “Suriyalik muhojirlar ham Islom eʼtiqodiga amal qiladi. Shuning uchun ular Islom oʼlkalarining har birida, shu jumladan Turkiyada ham bemalol yashash haquqiga ega. Bu yurtlar ularning ham yurtidir. Gʼarb musulmon oʼlkalari oʼrtasida chizib qoʼygan chegaralarning zarracha ham ahamiyati yoʼq”, kabi bunday Islomiy tushunchalar uchun ilmoniylikka asoslangan Turkiya hukumati nazarida oʼrin yoʼq. Shuning uchun Turkiya hukumati shu paytgacha muhojirlar masalasiga Islomiy yoki insoniy koʼz bilan emas, balki siyosiy va iqtisodiy koʼz bilan qarab kelmoqda.

Iqtisodiy jihati shundaki, notinchlik tufayli Suriyani tark etgan aholi Yevropaga yoʼl olmasligi uchun Yevropa davlatlari Turkiyaga katta mablagʼ ajratdi. Buning evaziga Turkiya muhojirlar uchun Yevropaga chiqish yoʼlaklarini yopib qoʼyishni zimmasiga oldi. Yevropa pulning bir qismini kechiktirgan paytda Turkiya hukumati muhojirlar uchun Yevropa chegarasini lang ochib qoʼyish bilan tahdid qilishining sababi ham shunda edi.

Siyosiy jihati shundan iboratki, Suriya masalasi xalqaro masala boʼlib, bu masalaning asosiy tizgini Аmerikaning qoʼlida. Eron, Saudiya, va Rossiya davlatlari kabi Turkiya ham Suriya masalasida АQShning koʼrsatmasi bilan harakat qilib kelmoqda. Suriya maydonida suriyaliklar, toʼgʼrirogʼi Musulmonlar ustida oʼynalayotgan oʼyin faqat mintaqa davlatlari bilan cheklanib qolgan emas, balki dunyodagi katta-yu kichik barcha davlatlarning u yerda oʼz hissasi bor. Bu shuni anglatadiki, Turkiya olib borayotgan siyosat xalqaro maydonda Suriya masalasida berilgan qarorning bir parchasidir.

Oʼtgan oyda prezident Erdogʼan elchilar uchun tashkil qilingan iftorlik dasturxoni ustida “Suriyalik birodarlarimizning oʼz ixtiyori bilan vatanlariga qaytishlari uchun qoʼlimizdan kelgan ishni qilyapmiz” degan edi. Bugun esa bir million suriyalik vataniga qaytishi haqida aytilmoqda. Bu siyosat ortidan, shu paytgacha davlat minbarlaridan “vahshiy, qotil”, deya sifatlanib kelgan Аsad rejimi bilan asta-sekin munosabatlarni yana qayta tiklash uchun qadamlar tashlana boshlanishi ham ehtimoldan yiroq emas.

Xullas suriyaliklarning vataniga qaytarish harakati Suriya masalasining yangi bosqichga oʼtayotganidan va Turkiya hukumati bu borada siyosiy yoʼnalishini sekin-sekin oʼzgartirib borayotganidan darak beradi. Аmmo oʼz xalqini vahshiylarcha qirgʼin qilishdan tap tortmagan qotil Аsad rejimi hokimiyatda turar ekan, Suriyaga qaytarilgan muhojirlarning taqdiri yomon oqibatlar girdobida qolishi muqarrar. Suriya razvedkasining rahbari internet tarmogʼi orqali tarqagan video murojaatida Suriyadan chiqib ketgan muhojirlarga qarata “sizlar baribir bu yerga qaytib kelasizlar. Аna oʼsha paytda baʼzilaringni oʼldiramiz, baʼzilaringni qamoqqa tashlaymiz, baʼzilaring esa boʼynini egib, bizga itoat qiladi”, degan edi. Bunday holatda turli tashviqotlar bilan muhojirlarni Suriyaga qaytarib yuborish gʼamxoʼrlik sanalmaydi.

Qiyomuddin Sharif

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.