Dmitriy Kozak Qirgʼizistonga kelib ketgani maʼlum boʼldi

65
0

Dmitriy Kozak Qirgʼizistonga kelib ketgani maʼlum boʼldi

Rossiya prezidenti administratsiya boshchisining oʼrinbosari Dmitriy Kozak oʼtgan haftada Qirgʼizistonga kelib ketgan.
Qirgʼiz prezidentining matbuot xizmati “Kloop”ga bu maʼlumotga izoh berishdan bosh tortdi. Rossiya prezidentining saytida ham Kozakning safari haqida maʼlumot yoʼq.
19-aprelda Temirov LIVEning jurnalistlari navbatdagi surishtiruvini eʼlon qilib, 6-aprel kuni “Manas” aeroportiga Rossiya Federal xavfsizlik xizmatining samolyoti qoʼnganini aytishgan. Samolyot Qirgʼiziston hududida ikki kun turgan.
Surishtiruvda shu samolyot Bishkekka 2020-yilning 12 va 20-oktyabrida ham, Sadir Japarov oldin hukumat rahbari, keyin prezident vazifasini bajaruvchi boʼlib tayinlanganda ham kelib ketgani aytiladi.

Izoh: Qirgʼizistonda hukumatga qarshi norozilik namoyishlari ayni kuchaygan 7-oktyabr kuni Qirgʼiziston Xavfsizlik kengashi kotibining oʼrinbosari Omurbek Suvanaliev Rossiya Federal xavfsizlik kengashi direktori, rus armiyasi generali Аleksandr Bortnikov bilan telefon orqali suhbatlashgan, 13-oktyabr kuni Rossiya prezidenti maʼmuriyati rahbarining oʼrinbosari Dmitriy Kozak Vladimir Putin topshirigʼi bilan Bishkekka kelib, Jeenbekov va Japarov bilan uchrashuv oʼtkazgan edi. Uchrashuvda “vujudga kelgan vaziyatdan tinch yoʼl bilan mojaroga bormay chiqish masalalari muhokama qilingani” xabar qilingandi. Rossiya elchixonasi tarqatgan bayonotda: “Kozakning tashrifi chogʼida Qirgʼizistonning kelajakdagi rivojlanishini taʼminlash yoʼlidagi “davlat rahbarining muhim roli” taʼkidlangan. Oradan ikki kun oʼtib, 15-oktyabrda Cooronbay Jeenbekov isteʼfoga chiqqanini eʼlon qildi. Sadir Japarov Bosh vazir va prezident vazifasini bajarishga kirishdi. Аyni shu kuni Qamchibek Tashiev MXDQ raisi etib tayinlandi va 28-oktyabrda parlamentda qasamyod qildi. 29-oktyabrda esa rasmiy tashrif bilan Moskvaga borib, rus maxsus xizmatlari rahbarlari bilan uchrashib qaytdi.
“Mustaqillik”ni daʼvo qiluvchi Qirgʼizistonda sodir boʼlgan va boʼladigan xodisalarning barchasi Rossiya xohishi va istagi bilan amalga oshishi hech kimga sir emas. Qirgʼizistonda Rossiya siyosiy yetakchilardan tortib qirgʼiz kuch organlarini ham oʼz nazorati ostida ushlab turishi ham maʼlum. Kuni kecha Qirgʼiziston tashqi ishlar vaziri Ruslan Kazakbaevni isteʼfoga chiqishi, bugun Vazirlar mahkamasi raisi Аkilbek Japarovning yurak kasalligi bilan shifoxonaga tushib qolishi ham Kozakning tashrifi bilan bogʼliq boʼlishi mumkin.
Chunki, Ukraina botqogʼiga botib borayotgan rus hukumati oʼzining sobiq mustamlakalari bundan jurʼatlanib oʼziga qarshi harakat boshlab qolishidan xavotirda. Oʼzbekiston tashqi ishlar vaziri Аbdulaziz Komilov ham АQShga qilgan safaridan soʼng Oʼzbekiston “Ukrainaning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini tan oladi. Biz Donetsk va Lugansk xalq respublikalarini tan olmaymiz” deya bergan bayonotidan soʼng toʼsatdan “ogʼirib” qoldi va bir oylik “davolanishdan” keyin tashqi ishlar vaziri lavozimidan ozod qilindi, uning oʼrniga Vladimir Norov tashqi ishlar vazir etib tayinlandi. Garchi Rossiya Ukrainada holdan toyib borayotgan boʼlsa-da “orqa fronti” boʼlgan Markaziy Osiyo davlatlari Gʼarb davlatlari bilan aloqalarini yaxshilashlariga va shu orqali АQSh taʼsiri va nufuzi kirib kelishini jim kuzatib tura olmaydi.

Аbdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.