Japarov: Pul faqat Qozogʻiston va Rossiya uchun sarflanyapti

276
0

Japarov: Pul faqat Qozogʻiston va Rossiya uchun sarflanyapti

Xabar: Qirgʻiziston bosh vaziri Akilbek Japarovning soʻzlariga koʻra, Yevrosiyo taraqqiyot bankining barcha mablagʻlari faqat Qozogʻiston va Rossiyadagi investitsiya loyihalarini moliyalashtirishga ketyapti.
Shu sababli Qirgʻiziston YeOII davlatlari rahbarlarining may oyida oʻtkaziladigan yigʻilishida bu masalani koʻtarishni rejalashtirgan.
“Mazkur inqirozga qarshi institut Rossiya va Qozogʻiston iqtisodiyotini qoʻllab-quvvatlash uchun emas, balki Armaniston, Qirgʻiziston va Belarus kabi davlatlarning iqtisodiyotini tenglashtirish uchun ishlashi kerak va bu Rossiya prezidenti Vladimir Putin tomonidan bir necha bor taʼkidlangan. Biz bu masalani kun tartibiga olib chiqamiz. Hamkasblarim meni qoʻllab-quvvatlaydi degan umiddaman. Hozir esa 99 foiz mablagʻ Qozogʻiston va Rossiyani qoʻllab-quvvatlashga ketyapti”, – deb taʼkidladi Japarov.
U shuningdek, 24 fevral kuni boʻlib oʻtadigan hukumat rahbarlari yigʻilishida YeOII ichidagi toʻsiqlarni bartaraf etish masalasini ham koʻtarish rejalashtirilganini aytdi.
Yevrosiyo taraqqiyot banki (EOTB) Yevrosiyo makonida investitsion faoliyatni amalga oshiruvchi xalqaro moliya tashkiloti hisoblanadi. Unga Armaniston, Belarus, Rossiya, Tojikiston, Qirgʻiziston va Qozogʻiston aʼzo. YeOTBning ustav kapitali 7 mlrd dollarni tashkil etadi.
YeOTB asosan transport infratuzilmasi, raqamli tizimlar, yashil energetika, sanoat va mashinasozlik sohalaridagi loyihalar bilan shugʻullanadi.

Izoh: Qirgʻiziston hukumati Rossiya bosimi ostida mamlakatni Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga olib kirgunga qadar oddiy xalq qoʻynini puch yongʻoqqa toʻldirib, ittifoqqa aʼzo boʻlishlik bilan Qirgʻiziston qarshisida 170 millionlik bozor ochilishi, ittifoq hududida tovarlar, xizmatlar va ishchi kuchining erkin harakati taʼminlanishi va iqtisodiyot sohasida yagona siyosat yuritishini vaʼda qilgan edi.
Rossiyaning YeOII tashkil etishdan koʻzlagan maqsadi oʻzida ishlab chiqarilgan va jahon bozorida kasodga uchragan tovarlari uchun bozor ochish boʻlgan boʻlsa, boshqa tomondan aʼzo davlatlarni oʻziga boʻlgan qaramligini oshirishdan iborat edi. Boshqa mustamlakachi davlatlar kabi Qirgʻiziston yoki boshqa mustamlakalarini rivojlanib ketishini xohlamaydi. Qirgʻiziston ittifoqa aʼzo boʻlganidan beri iqtisodi orqaga ketsa ketdik, aslo oldinga siljimadi. Qirgʻiziston iqtisodining asosi boʻlgan reeksport (Xitoydan tovar olib boshqa davlatlarga sotish) deyarli toʻxtab qoldi, Dordoy va Qorasuv bozorlari inqirozga yuz tutdi. Mamlakatdagi un ishlab chiqarish, parrandachilik sohalari jiddiy zarar koʻrdi. Davlat ishongan asosiy tarmoq – tikuvchilik sohasi ham oʻz maxsulotlarini umumiy bozorga olib chiqishda muammolarga duch keldi. Qozogʻiston va Rossiya fitosanitariya talablariga javob bermaydi degan bahona bilan Qirgʻiziston qishloq xoʻjalik va goʻsht maxsulotlarini oʻz hududlariga olib kirishga cheklovlar qoʻydi. Qirgʻiz-qozoq chegarasida yuk mashinalari Qozogʻistonga kira olmay chegarada ushlab turilishi oddiy holga aylandi. Mashinasozlik sohasida ham oldinga siljish oʻrniga ortga ketish boʻldi. Aksincha, Qirgʻiziston YeOIIga aʼzo boʻlishidan oldin xorijiy davlatlardan olib kelinayotgan ikkichi qoʻl mashinalar uchun boj ittifoqqa aʼzo boʻlganidan soʻng qaryib 10 barobarga oshib ketdi. Hukumat Rossiya talabi bilan oʻng rulli mashinalar olib kirilishini ham taqiqladi. Natijada mamlakatda mashina narxi keskin qimmatlab, aksar odamlar mashina sotib olishdan mahrum boʻldi.
Ammo ittifoqdagi Rossiyaning yakka hukmronligi va faqat oʻz manfaatlarini ilgari surishi borgan sari koʻproq noroziliklarni paydo qilmoqda. Bir vaqtlar Lukashenko ham “bu kabi ittifoqni bizga nima keragi bor” deb chiqqan boʻlsa, ayrim qirgʻiz rasmiylar ittifoqdagi nohaqliklardan noliy boshlashgan edi. Ammo hozircha Rossiya harbiy quvvatiga suyanib, turli vahimalarni boʻrttirib koʻrsatish orqali boshqa aʼzolarga deyarli tahdid bilan ittifoqni saqlab turibdi. Agar Rossiya yana ozgina quvvatdan qoladigan boʻlsa bu ittifoqning kelajagi ham savol ostida qoladi.

Abdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.