nasroniy va kofirlarni bayramlari bilan tabriklash toʻgʻrisidagi savoliga javob

69
0

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ
Hizb ut-Tahrir amiri olim, shayx Ato ibn Xalil Abu Roshtaning Feysbuk sahifasidagi ziyoratchilarning bergan savollariga javoblaridan (fiqhiy)

(Bahaa Alden Torman)ning nasroniy va kofirlarni bayramlari bilan tabriklash toʻgʻrisidagi savoliga javob

Savol:
Assalom alaykum va rohmatullohi va barokatuh. Men Alloh uchun birodaringiz falastinlik Baho. Allohdan sizga sihat-salomatlik va ofiyat soʻrayman. Savolim nasroniylarni bayramlari bilan tabriklash va xursandchiliklarini boʻlishish haqida. Meni bu savolga undagan narsa, shayx Taqiyyuddin Nabahoniy rohimahullohning bu haqda berilgan savolga joiz, deya javob berganlaridir. Shuning uchun sizdan shayx Taqiyyuddinning ushbu javobiga qoʻshimcha ravishda masalaga oydinlik kiritib berishingizni soʻrayman.

Javob:
Va alaykum assalom va rohmatullohi va barokatuh.
Bu savolga ilgari javob bergan edik, quyida oʻsha javobimizdan keltiramiz:
“Qadrli birodar, va alaykum assalom va rohmatullohi va barokatuh.
Ahli kitoblarni bayramlari bilan tabriklash haqidagi savolingizga kelsak, javob berishdan oldin shu haqdagi baʼzi sobiq nashrlarimizni keltirib oʻtmoqchiman.
(1 – 1970 yil 30 yanvarda ushbu savol-javob nashr qilingan:
“Savol: Nasroniylarni bayram va xursandchiliklarida ziyorat qilish, kasallarini yoʻqlash va janozalarida ishtirok etishning hukmi qanday? Musulmon ularni ziyorat qilganda nima qilishi kerak? Buning “Yahudiy va nasroniylarga birinchi boʻlib salom bermang…”, degan mazmundagi hadisi sharifga qanday aloqasi bor?
Javob: Rosululloh ﷺning bir kasal yahudiyni ziyorat qilganliklari, bir yahudiyning janozasida qatnashganliklari, shuningdek, zimmiylar borasida musulmonlarga vasiyat qilganliklari oʻz isbotini topgan. Bu va boshqa shu kabi hadislar nasroniylarni xursandchilik va bayramlarida ziyorat qilish, kasallarini yoʻqlash, janoza, taʼziya va boshqalariga borish joizligiga dalildir. Ularga birinchi boʻlib salom bermaslik haqidagi hadisga kelsak, bu ular bilan yoʻlda uchrashganda salom berishga xosdir va u salom berishga taalluqli nusus boʻlib, undan boshqasini oʻz ichiga olmaydi. Hijriy 1389 yil 23 zulqaʼda, milodiy 1970 yil 30 yanvar”.
2 – Keyin 1976 yil 17 iyulda ushbu savol-javob nashr qilingan:
“Savol: Nasroniy va yahudiylarni ularning bayramlari bilan tabriklash joizmi?
Javob: Nasroniylarni bayramlari bilan tabriklash joiz, chunki bu yaxshilik qilishga kiradi.
1976 yil 17 iyul”.
3 – 2010 yil 16 yanvarda bunday nashra chiqqan:
“Ahli kitoblarni bayramlari bilan tabriklash joiz. Biroq ularga “va lakum”, deb javob qaytarsangiz, bu bilan goʻyo ular assalomu alaykum degan paytda “va alaykum” deb javob qaytarish toʻgʻrisidagi hadisga solishtirmoqchi boʻlasiz.
Lekin bu yerda holat boshqacha. Chunki hadisda kelgan narsa ularning “السام عليكم assom alaykum”, deyishlari toʻgʻrisida aytilgan. Zero, (السام as-som) oʻlimdir. Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan ushbu hadis matnida moʻminlar onasi Oisha roziyallohu anho bunday deydi: Bir guruh yahudiylar Rosululloh ﷺning huzurlariga kirishganda “assom alaykum”, deyishdi. Men buni tushunib qoldim va “va alaykum assom va laʼnat”, dedim. Rosululloh ﷺ “Shoshma, ey Oisha, Alloh hamma ishlarda muloyimlikni sevadi”, dedilar. Yo Rosululloh, ularni nima deyishganini eshitmadingizmi, dedim. Shunda Rosululloh ﷺ “Men ularga va alaykum, deb boʻlgandim”, dedilar.
Yana bir rivoyatda Ibn Umar roziyallohu anhu bunday deydi: Rosululloh ﷺ marhamat qilganlar:
“إِنَّ الْيَهُودَ إِذَا سَلَّمُوا عَلَيْكُمْ يَقُولُ أَحَدُهُمْ السَّامُ عَلَيْكُمْ فَقُلْ عَلَيْكَ”
“Qachon yahudiylar sizlarga salom berishsa, ulardan biri assom alaykum, deydi. Shunda siz va alayka, deng”. Shunday qilib, koʻrib turganingizdek, bu narsa ularning assom alaykum, deb aytishlariga taalluqli.
Ammo agar ular salomlashganda yaxshi gap gapirishsa, buni qabul qilamiz. Ular bizga hayitingiz muborak boʻlsin, deyishsa, biz ham toʻgʻri yaxshi javob qaytaramiz. Masalan, tabriklaganingiz uchun tashakkur yoki hush vaqt boʻling kabi shariatga zid boʻlmagan soʻzlar bilan javob beramiz. 2010 yil 16 yanvar”. Iqtibos tugadi.
Bundan quyidagilar oydinlashadi:
1 – Zimmiylarni shariatga zid kelmaydigan yaxshi gap orqali ularning bayramlari bilan tabriklash joiz. Ammo bayramlarini maqtamaymiz. Yaʼni, bayramingiz muborak boʻlsin va shunga oʻxshash maqtovli soʻzlarni aytmaymiz.
2 – Biroq, bu qutlov quyidagi shartlar topilgan shaxslargagina xos:
a) Ular islomiy yurtlarda musulmonlar bilan yashayotgan va zimmalarida musulmonlarga xiyonat qilmaslik sharti boʻlgan zimmiylar boʻlishlari kerak.
b) Oyati karimada kelganidek, dinimiz borasida bizga qarshi jang qilmagan yoki bizni yurtimizdan chiqarib tashlashga til biriktirmagan boʻlishlari kerak.
– Ularning zimmiy boʻlishlariga dalil shuki, 1970 yil 30 yanvardagi birinchi javobda bunday matn keladi: “Rosululloh ﷺning bir kasal yahudiyni ziyorat qilganliklari, bir yahudiyning janozasida qatnashganliklari, shuningdek, zimmiylar borasida musulmonlarga vasiyat qilganliklari oʻz isbotini topgan. Bu va boshqa shu kabi hadislar nasroniylarni xursandchilik va bayramlarida ziyorat qilish, kasallarini yoʻqlash, janoza, taʼziya va boshqalariga borish joizligiga dalildir”. Bu yerda aytilgan kishilarning zimmiylar boʻlishlari ehtimoli koʻproq. Chunki ular musulmonlar bilan birga va ularning himoyasi ostida yashaganlar. Rosululloh ﷺ zimmiylar borasida musulmonlarga vasiyat qilganlar hamda yahudiylar janozasi musulmonlar koʻchalaridan oʻtib turgan. Keyin, Rosululloh ﷺ bir yahudiyni kasallik paytida borib koʻrganlar va u Rosululloh ﷺning xizmatkori boʻlgan. Imom Buxoriyning 1356-hadisida Anas roziyallohu anhuning bunday degani rivoyat qilinadi: “Bir yahudiy yigit Rosululloh ﷺning xizmatlarini qilar edi, kasal boʻlib qoldi. Shunda Rosululloh ﷺ uni koʻrgani bordilar va boshida oʻtirib, Islomni qabul qil, dedilar. Yigit boshida oʻtirgan otasiga qaradi… Otasi Abu Qosim ﷺga itoat qil, dedi. Yigit Islomni qabul qildi. Rosululloh ﷺ u yerdan chiqar ekanlar, Uni qutqargan Allohga hamd boʻlsin, dedilar”. Bularning barchasi birinchi savol-javobda aytilgan narsa zimmiylarga xos ekaniga dalolat qilmoqda.
– Ularning dinimiz borasida bizga qarshi kurashmayotgan yoki bizni yurtimizdan chiqarib tashlashga til biriktirishmagan boʻlishlari kerakligiga dalil ushbu oyati karimadir:
﴿لَا يَنْهَاكُمُ اللَّهُ عَنِ الَّذِينَ لَمْ يُقَاتِلُوكُمْ فِي الدِّينِ وَلَمْ يُخْرِجُوكُمْ مِنْ دِيَارِكُمْ أَنْ تَبَرُّوهُمْ وَتُقْسِطُوا إِلَيْهِمْ إِنَّ اللَّهَ يُحِبُّ الْمُقْسِطِينَ * إِنَّمَا يَنْهَاكُمُ اللَّهُ عَنِ الَّذِينَ قَاتَلُوكُمْ فِي الدِّينِ وَأَخْرَجُوكُمْ مِنْ دِيَارِكُمْ وَظَاهَرُوا عَلَى إِخْرَاجِكُمْ أَنْ تَوَلَّوْهُمْ وَمَنْ يَتَوَلَّهُمْ فَأُولَئِكَ هُمُ الظَّالِمُونَ﴾
“Alloh diningiz toʻgʻrisida sizga qarshi kurashmagan va sizni oʻz diyoringizdan haydab chiqarmagan kishilarga yaxshilik qilishingizdan va ularga adolatli boʻlishingizdan sizlarni qaytarmadi, Alloh adolat qilguvchilarni albatta sevadi. Alloh faqat diningiz toʻgʻrisida sizga qarshi kurashgan va sizni oʻz diyoringizdan haydab chiqargan hamda sizni haydab chiqarishda bir-birlariga yordamlashgan kimsalar bilan doʻstlashishingizdan sizlarni qaytaradi. Kimki ular bilan doʻstlashsa, bas, ana oʻshalar zolim kimsalarning oʻzidir” [Mumtahina 8-9]
Ibn Kasir ushbu oyati karimaning nozil boʻlish sababi haqida bunday deydi:
(Alloh Taoloning
﴿لَا يَنْهَاكُمُ اللَّهُ عَنِ الَّذِينَ لَمْ يُقَاتِلُوكُمْ فِي الدِّينِ وَلَمْ يُخْرِجُوكُمْ مِنْ دِيَارِكُمْ﴾
(Alloh diningiz toʻgʻrisida sizga qarshi kurashmagan va sizni oʻz diyoringizdan haydab chiqarmagan kishilarga (yaxshilik qilishingizdan va ularga adolatli boʻlishingizdan) sizlarni qaytarmadi), degani sizga qarshi kurashmayotgan kofirlarga – masalan, ularning ayollari va zaiflariga – yaxshilik qilishdan qaytarmaydi, demakdir. (أَنْ تَبَرُّوهُمْ) degani yaxshilik qilishlaringizdir. (وَتُقْسِطُوا إِلَيْهِمْ) ularga adolat qilishlaringizdir).
Imom Ahmad aytadiki, bizga Orim Abdulloh ibn Muborakdan, u Musʼab ibn Sobitdan, u Omir ibn Abdulloh ibn Zubayrdan, u esa otasidan hadis rivoyat qiladi: Qutayla oʻz qizi Asmo bint Abu Bakrning oldiga hadya sifatida sinab (gorchitsa va mayizdan tayyorlangan taom), aqt (quritilgan sut mahsuloti) va yogʻ olib kirdi. Oʻshanda u mushrik edi. Shuning uchun Asmo Qutaylaning hadyasini qabul qilish va uning oʻzini uyga kiritishdan bosh tortdi. Shunda Oisha roziyallohu anho buni Rosululloh ﷺdan soʻragan edi, Alloh Azza va Jalla yuqoridagi
﴿لَا يَنْهَاكُمُ اللَّهُ عَنِ الَّذِينَ لَمْ يُقَاتِلُوكُمْ فِي الدِّينِ﴾
(Alloh diningiz toʻgʻrisida sizga qarshi kurashmagan kishilarga (yaxshilik qilishingizdan va ularga adolatli boʻlishingizdan) sizlarni qaytarmadi), oyatini oxirigacha nozil qildi. Soʻng Rosululloh ﷺ Asmoni Qutayla bergan hadyalarni qabul qilishga va uyiga kiritishga buyurdilar.
Alloh Taoloning
﴿إِنَّمَا يَنْهَاكُمُ اللَّهُ عَنِ الَّذِينَ قَاتَلُوكُمْ فِي الدِّينِ وَأَخْرَجُوكُمْ مِنْ دِيَارِكُمْ وَظَاهَرُوا عَلَى إِخْرَاجِكُمْ أَنْ تَوَلَّوْهُمْ﴾
(Alloh faqat diningiz toʻgʻrisida sizga qarshi kurashgan va sizni oʻz diyoringizdan haydab chiqargan hamda sizni haydab chiqarishda bir-birlariga yordamlashgan kimsalar bilan doʻstlashishingizdan sizlarni qaytaradi), degani Alloh ana u sizga dushmanlik qilib, sizga qarshi kurashayotgan va sizni quvib chiqarayotganlar, quvib chiqarishda bir-birlariga yordam berayotganlar bilan doʻstlashishdan sizlarni qaytardi, ularni doʻst tutishdan qaytarib, dushman tutishga buyurdi, demakdir. Keyin ular bilan doʻstlashishning oqibatidan qoʻrqitib,
﴿وَمَنْ يَتَوَلَّهُمْ فَأُولَئِكَ هُمُ الظَّالِمُونَ﴾
(Kimki ular bilan doʻstlashsa, bas, ana oʻshalar zolim kimsalarning oʻzidir), dedi. Bu Alloh Taoloning ushbu kalomi kabidir:
﴿يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا لا تَتَّخِذُوا الْيَهُودَ وَالنَّصَارَى أَوْلِيَاءَ بَعْضُهُمْ أَوْلِيَاءُ بَعْضٍ وَمَنْ يَتَوَلَّهُمْ مِنْكُمْ فَإِنَّهُ مِنْهُمْ إِنَّ اللَّهَ لا يَهْدِي الْقَوْمَ الظَّالِمِينَ﴾
“Ey moʻminlar, yahudiylar va nasroniylarni doʻst tutmangiz! Ularning baʼzilari baʼzilariga doʻstdirlar. Sizlardan kim ularga doʻst boʻlsa, bas, u oʻshalardandir. Albatta, Alloh zolim qavmni hidoyat qilmas” [Moida 51]).
Demak, zimmiylarni bayramlari bilan shariatga zid kelmaydigan gap bilan tabriklash joizdir. Shuningdek, zimmiylardan boshqa kofirlarni ham shariatga xilof kelmaydigan soʻzlar bilan tabriklash joiz. Chunki tabriklash yaxshilik. Biroq, buning quyidagi oyati karimada aytilgandek shartlari bor: dinimizda bizga qarshi kurashmagan, yurtlarimizdan bizni quvib chiqarmagan, quvib chiqarishda bir-biriga yordam bermagan boʻlishlari shart:
﴿لَا يَنْهَاكُمُ اللَّهُ عَنِ الَّذِينَ لَمْ يُقَاتِلُوكُمْ فِي الدِّينِ وَلَمْ يُخْرِجُوكُمْ مِنْ دِيَارِكُمْ أَنْ تَبَرُّوهُمْ وَتُقْسِطُوا إِلَيْهِمْ إِنَّ اللَّهَ يُحِبُّ الْمُقْسِطِينَ﴾
“Alloh diningiz toʻgʻrisida sizga qarshi kurashmagan va sizni oʻz diyoringizdan haydab chiqarmagan kishilarga yaxshilik qilishingizdan va ularga adolatli boʻlishingizdan sizlarni qaytarmadi”
[Mumtahina 8]
Ammo bundaylar bugun juda oz…
Oʻylaymanki, shu javob yetarli boʻlsa kerak, vallohu aʼlam va ahkam.

Birodaringiz Ato ibn Xalil Abu Roshta 10 jumodussoniy 1443h
13 yanvar 2022m

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.