Qirgʻiziston “Qambarota – 1” GESini oʻz hisobidan qurish rejasini koʻrib chiqmoqda

91
0

Qirgʻiziston “Qambarota – 1” GESini oʻz hisobidan qurish rejasini koʻrib chiqmoqda

Xabar: Energetika vaziri Doskul Bekmurzayev Qirgʻiziston “Qambarota – 1” GESini oʻz hisobidan qurish rejasini oʻrganayotganini bildirdi.
“GESni oʻz mablagʻimiz hisobiga qurish oʻngʻay boʻladi. Optimizatsiya, islohotlar natijasida hozir byudjet mablagʻlari iqtisod qilib qolinmoqda. Bu pullarning barchasi yangi quvvat yaratish uchun sarflanishi lozim”,-dedi vazir.
Qirgʻiziston uzoq yillardan beri “Qambarota – 1” GESini qurish uchun hamkor yoki investor izlab keladi. Jumladan, 2010 yilda Rossiya bilan Norin GES kaskadlarini va “Qambarota – 1” GESini hamkorlikda qurish boʻyicha shartnoma imzolangan. Biroq Rossiya bu loyihani amalga oshirishni paysalga solgani ortidan Qirgʻiziston shartnomadan chiqqanini eʼlon qilgan.

Izoh: 2016 yil avgust oyida Rossiya hozirgi iqtisodiy holatida kelishuvdagi yirik loyihalarni moliyaviy jihatdan taʼminlay olmasligini tan olganidan soʻng Qirgʻiziston hukumati 31 dekabr kuni Qambarota -1 va Yuqori Norin GES kaskadlarini qurish va ekspluatatsiya qilish boʻyicha Rossiya bilan erishilgan kelishuvni bekor qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan va GESlarni qurilishiga sarflangan 37 million dollarni Rossiyaga qaytarib berish lozimligini bildirgan edi.
2017-yili Qirgʻiziston hukumati Yuqori-Norin GES majmuasini qurish boʻyicha tender eʼlon qildi. Tenderda Chexiyaning Liglass Traiding CZ kompaniyasi yutib chiqdi. Liglass Traiding CZ kompaniyasi va “Elektr stantsiyalari” OAJ bilan investitsiya shartnomasini tasdiqlaganidan keyin bir oy ichida Rossiyaga 37 mln dollar toʻlashi kerakligi belgilab qoʻyildi. Biroq, kompaniya ish faoliyatini boshlamay turib bitim bekor qilindi…
Sadir Japarov 2021-yil 11-12 mart kunlari Toshkentga qilgan safari chogʻida Qambaota-1” GESini hamkorlikda qurish borasida kelishuvga erishildi.
“Biz “Qambaota-1” GESini Oʻzbekiston bilan birga qurish toʻgʻrisida shartnomaga erishdik. Hozir ish boshlandi. Hudo hoxlasa, “Qambarota-1” GESini uch yil ichida qurishni maqsad qildik. Bu loyiha toʻliq amalga oshadi. 30 yildan beri amalga oshmay qolib ketayotgan bu loyiha uch yilda qurib bitkaziladi”, – degan edi Sadir Japarov. Biroq, berilgan bayonotlar, erishilgan kelishuvlarga qaramay qirgʻiz-oʻzbek hamkorligida biror siljish boʻlganicha yoʻq.
Shu kunga qadar qirgʻizi hukumati “Qambarota-1” GESini barpo etish boʻyicha biror qadam oldinga siljimayotgani yoki investor topolmayotganining asosiy sababi ushbu loyiha strategik ahamiyatga ega boʻlib, qaysi davlat buni oʻz qoʻliga oladigan boʻlsa birinchidan ulkan daromadga, ikkinchidan rasmiy hukumatga boʻlgan taʼsirini oshirishga muvaffaq boʻladi. Shu sababli ham garchi Rossiya loyihada ishtirokini toʻxtatib qoʻygan boʻlsada, GES kabi muhim strategik obʼektni osonlikcha boshqa davlat qoʻliga topshirib qoʻymaydi yoki Qirgʻiziston mustaqil ravishda barpo etishiga yoʻl qoʻymaydi.

Abdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.