Liviyada barqarorlikni qoʻllab-quvvatlash konferentsiyasi hamda uning Turkiya bilan Rossiyaning Liviyada mavjud boʻlib turishiga salbiy taʼsiri

246
0

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ
Liviyada barqarorlikni qoʻllab-quvvatlash konferentsiyasi hamda uning Turkiya bilan Rossiyaning Liviyada mavjud boʻlib turishiga salbiy taʼsiri

Usto Muhammad Sodiq qalamiga mansub

2021 yil 21 oktyabrda Liviya poytaxti Tripolida “Liviyada barqarorlikni qoʻllab-quvvatlash konferentsiyasi” boʻlib oʻtdi. Unda tashqi ishlar vazirlari yoki ularning vakillari darajasida oʻttizta davlat delegatsiyalari qatnashdi. Shuningdek, BMT bosh kotibi vakilasi hamda Arab davlatlari Ligasi, Afrika Ittifoqi, Yevropa Ittifoqi va ayrim mahalliy va xalqaro inson huquqlari tashkilotlari ham ishtirok etdi.
Oʻsha kuni konferentsiyaning yakuniy bayonoti chiqarilib, unda Liviya barqarorligi, hududiy yaxlitligi, prezidentlik kengashi va milliy birlik hukumatini qoʻllab-quvvatlash taʼkidlandi. Bayonotda asosiy eʼtibor Liviyadan barcha yollanma askarlar va ajnabiy kuchlarni chiqarib yuborishga qaratildi. Shuningdek, prezidentlik va parlament saylovlarini joriy yil oxirida vaqtidan kechiktirmay oʻtkazish zarurligi taʼkidlandi.
Xoʻsh, nima uchun bu konferentsiya oʻn yildan ziyod vaqtdagi urush, vayronagarchilik va beqarorliklar ortidan bugun va shuncha koʻp davlat ishtirokida, Arab davlatlari Ligasining olqishlovi ostida oʻtkazildi?!
Aftidan, bu konferentsiyani Amerika Liviya prezidentlik kengashi va uning hukumatiga xalqaro qonuniylik tusini berish va xalqaro jihatdan eʼtirof etish maqsadida oʻtkazgan koʻrinadi. Zero, prezidentlik kengashi hukumati 75 toifadagi qoʻmitadan kelib chiqqan boʻlib, bu toifalarning barchasini AQShning BMTdagi sobiq vakilasi Stefani Uilьyams tanlagan. Bu qoʻmitani liviyaliklar saylamagan, balki uning har bir aʼzosini boshqa xalqaro doiralar tayinlagan. Shu bilan birga, Amerikaning ayni konferentsiyadan maqsadi oʻzi olib kelgan milliy birlik hukumati davrida Liviyadagi vaziyatni xalqaro va mahalliy afkori omma koʻziga barqaror va xavfsiz vaziyat qilib koʻrsatishdir. Binobarin, saylovlarni oʻz vaqtida oʻtkazishga, shu orqali Suxayrot shartnomasi qarorlaridan va unga homiylik qilgan davlatlar raqobatidan qutulishga oʻzini, liviyaliklarni va dunyoni ishontirishni istayapti.
Amerikaning maqsadlaridan yana biri Rossiyaga bosim qilib, uni oʻzining yollanma askarlariyu armiyasi bilan Liviyadan chiqib ketishi uchun barcha davlatlar oldida noqulay vaziyatga solib qoʻyishdir. Shuningdek, Turkiyani ham shunday qilmoqchi. Faqat bundan oldin Turkiya qoʻzgʻolonchilarni “tarbiyalab berishi” va urush paytida baʼzi jangovar frontlarda oldinga siljish imkoniyatini qoʻldan boy berishlariga “koʻmaklashish”i kerak.
Konferentsiyadan koʻzlangan maqsadlardan yana biri yangi hukumatga maʼnaviy turtki berib, uning liviyaliklar va dunyo oldida obroʻsini koʻtarishdir. Zero, hukumatning sobiq uchrashuv va forumlarining barchasi Liviya tashqarisida oʻtkazilgandan keyin, hozirda mana shunday yirik xalqaro uchrashuvlarni oʻzining yerida va poytaxtida oʻtkazishga muvaffaq boʻlgani aytilmoqda. Darhaqiqat, Liviya tashqi ishlar vazirasi Bengʻozi va Sabho shaharlarida, yaʼni Liviya yerida bundan boshqa yana ikki konferentsiya oʻtkazilishi toʻgʻrisida bayonot berdi. Bu bayonoti bilan liviyaliklarni xotirjam qilishga va Liviya bilan bogʻliq uchrashuvlarning xorijda oʻtkazilishini tanqid qilayotganlarga raddiya bildirishga urindi. Shuningdek, liviyaliklarga milliy birlik hukumatining mustaqil, istagi oʻz qoʻlida, hech qanday xorijiy davlatga tobe emasligi toʻgʻrisida noma yoʻllashni istadi.
Vaziraning Bengʻozida bir konferentsiya, Sabhoda yana bir konferentsiya oʻtkaziladi, degan gapidan yana shuni tushunish mumkinki, bu yangi hukumatni Liviyaning barcha mintaqalari ustidan hukmron qilish koʻzlanyapti. Ilgari Bengʻoziga kirishi taqiqlangan bosh vazir endi bu shaharga kirib, konferentsiyani ochib beradigan boʻlyapti.
Sharqiy mintaqadagi shayxlar va aʼyonlardan iborat delegatsiyaning Tripoliga kelishi konferentsiyaga zamin tayyorlovchi ishlardan biri boʻldi. Shuningdek, Xalifa Haftar tarafdori boʻlgan va bosh vazir oʻrinbosari boʻlib ishlagan Husayn Qatroniyning milliy hukumatga qarshi oʻz pozitsiyasidan va noroziligidan voz kechganligi ham konferentsiyaga zamin tayyorlovchi ishlardan biri boʻldi. Maʼlumki, Qatroniy milliy birlik hukumatidagi vazirlar, vakillar va rasmiylarni sharqiy mintaqaga chaqirib, Bengʻozida yigʻilish oʻtkazib, bosh vazirning xatti-harakatlariga norozilik bildirgan va Sharqiy mintaqada parallel hukumat tuzishi bilan tahdid qilgan edi.
Shubhasiz, Qatroniyning hukumatni boykot qilishi Haftarning buyrugʻi bilan boʻlgan edi. Endi parallel hukumat tuzish fikridan qaytganligi esa, boshqa tomonning, yaʼni Haftardan kuchliroq tomonning bosimi bilan boʻlyapti. Aynan mana shu tomon Haftar tarafidan Liviya bosh qoʻmondoni etib tayinlangan Nozuriyga ham tazyiq oʻtkazib, uni prezidentlik kengashiga borishga va harbiy qasamyod keltirishga undadi. Nozuriyning bu pozitsiyasi prezidentlik kengashini armiyaning Oliy rahbariyati, deya tan olishni anglatadi. Chunki Haftar kengashni ham, hukumatni ham, boshqa barcha fuqarolik hokimiyatini ham tan olmay, unga qarshi chiqqan. Buni sobiq bayonotlaridan birida oʻzi maʼlum qilgan.
Ushbu ikki pozitsiya, yaʼni Qatroniy va Nozuriy pozitsiyalaridan shuni tushunish mumkinki, Amerika asta sekin Haftarning tagiga suv quyishni va siyosiy maydondan surib chiqarishni boshlagan koʻrinadi. Haftarning saylov kampaniyasini bahona qilib lavozimidan vaqtincha isteʼfoga chiqishi ham shunga bogʻliq boʻlsa kerak. Yaʼni uni siyosiy va harbiy hayotdan bosqichma-bosqich chiqarib tashlash koʻzlangan boʻlishi mumkin.
Haftarning shu paytgacha maydonda qolishi yoki ushlab turilishidan maqsad, boshqa tomonlarga bosim oʻtkazib, ularni xalqaro yechimga rozi boʻlishga majburlash edi. Chunki, agar Haftar saylovga oʻz nomzodini qoʻygan va saylovlar jarayoni xavfsiz, toza va shaffof oʻtgan taqdirda ham uning muvaffaqiyat qozonishi taxmin qilinmaydi. Men Amerikaning haqiqatda ham Liviyaga barqarorlik olib kelish yoʻllarini izlayotgani rost va jiddiy boʻlsa, Haftarni – kuch ishlatib boʻlsa ham – yurtga prezident qiladi, deb oʻylamayman. Chunki u Haftarga butun Liviya, ayniqsa, Gʻarbiy hududlar rozi boʻlmaydi. Shuningdek, Haftarning Liviyada urush jinoyatini sodir etganlik ayblovi bilan AQSh va boshqa davlatlar sudi tomonidan taʼqib ostida ekani ham maʼlum. Amerika yetti yildan beri Haftarning hokimiyatga kelishi uchun imkoniyat ketidan imkoniyat berib keldi. Biroq, u urushda magʻlub boʻldi, siyosatda omadi chopmadi, yoshi ham bir joyga borib qoldi.
Shunday qilib, ming afsuski, liviyaliklar taqdiri yirik davlatlar qoʻlida oʻyinchoq boʻlib qoldi. Ularni bir konferentsiyadan yana bir konferentsiyaga, bir uchrashuvdan yana bir uchrashuvga, bir shahardan boshqa bir shaharga sudrash bilan boʻlingan yurtlarini yanada boʻlib tashlashyapti, oʻzaro ixtilof ketidan ixtilofga tiqib, oʻz yurtlari va Ummatlari haqqidan voz kechishga ularni majbur qilishyapti… La havla va la quvvata illa billah.

Roya gazetasining 2021 yil 3 noyabr chorshanba kungi 363-sonidan

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.