Amerika Husiylarga Maʼrabda imkoniyat yaratib bermoqda

97
0

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ
Amerika Husiylarga Maʼrabda imkoniyat yaratib bermoqda

Doktor Abdulloh Bozib – Yaman

Husiy jangarilari Maʼrab shahrini qamal qilishga qattiq harakat qilishmoqda. Yaman shimolida Hodiy hukumatining soʻnggi qalʼasi boʻlgan bu shahardan oldin Husiylar Juba va Jabali Murodni nazoratga olib, soʻng Maʼrabni uchta front orqali qurshovga olishdi, janglar hamon davom etmoqda. BMTning Migratsiya agentligining 2021 yil 28 oktyabr payshanba kuni chiqargan hisobotiga koʻra, Maʼrab shahridagi janglar kuchaygandan keyin qochqinlarning umumiy soni 170 mingdan ortib ketgan. Aslida esa, qochqinlarning ikki milliondan ortib ketgani aytiladi. Bitta shahardan koʻchirilgan qochqinlar soni shu darajada koʻpligiga qaramay, Amerika bu masalaga aralashmadi va gumanitar sabablarni oʻrtaga tashlamadi. Ammo hukumat kuchlari Hadida shahrini qamal qilganda aralashgan va hukumatni Stokgolьm konventsiyasiga amal qilishga majbur qilgan. Maʼlumki, bu konventsiyada hukumat kuchlarining Hadidaga kirishiga taqiq qoʻyilgan edi. Holbuki, u shaharni egallashiga qosh bilan qovoqcha masofa qolgandi.
Bundan tashqari, hukumat Sanʼoga yaqinlashib qolganda ham Amerika uning atrofidagi janglarni toʻxtatgan. Gumanitar sabablarni bahona qilib, shu orqali neftga boy shaharni nazorat ostiga olish uchun Husiylarning janglarni davom ettirishlariga yetarli vaqt bergan. Zotan, bu mintaqa yetti yildan beri boʻlayotgan urushda strategik ahamiyatga ham molikdir.
Abdurobbih Hodiy hukumati oʻz axborot vositalarini Maʼrabdagi janglar oqibatida yuzaga kelgan gumanitar jihatlarga diqqat qaratishga urinyapti. Biroq Amerika nazoratidagi xalqaro tashkilotlar bunga umuman ahamiyat bermayapti. Balki, aksincha, Husiylar jamoasi Maʼrabdagi Abdiya rayonini ishgʻol qilganda u yerga BMTning insonparvarlik ishlar boʻyicha koordinatori borgan. Uning borishi esa, xalqaro jihatdan tan olinmagan bir jamoa uchun bir siyosiy qoʻllab-quvvatlov, ekanini anglatadi.
Garchi “milliy armiya” shaharni kuch bilan mudofaa etayotgan boʻlsa-da, ammo Husiylar jamoasining armiya qoʻmondonligiga sizib kirishi davom etyapti. Qoʻmondonlarni sotib olib, ulardan jamoat manfaati uchun foydalanyapti. Bundan tashqari, Husiy jangarilari Maʼrab atrofidagi qabilalarga ham sizib kirmoqda. Bularning barchasi Abdurobbih Hodiy hukumati uchun shimoldagi soʻnggi qalʼa hisoblangan ushbu shahar sari Husiylarning ildamlashiga yordam bermoqda. Oʻz navbatida, bu Yamanni boʻlish gʻoyasi voqeiy holatga aylanishiga hissa qoʻshmoqda. Masalan, valyuta bozorlarida ham har xil narxdagi ikki valyuta, yaʼni Husiylarga va hukumatga tegishli valyuta paydo boʻldi.
Abdurobbih Hodiy hukumati Maʼrab janglariga boʻlayotgan bosimlarni yengillashtirish maqsadida Shabvada boshqa frontlar ochishga urinyapti. Biroq, shahar atrofidagi rayonlarning qoʻldan boy berilishi xabarlari ham kundan-kunga ortmoqda. Buni Yaman Gʻarbiy sohili birlashgan kuchlar matbuot voizi Vazzoh Dabishning mana bu bayonoti ham tasdiqlamoqda: “Husiylarning Jabali Murod va Juba rayonlarini nazoratga olishlari Maʼrab rayonining soʻnggi tumani boʻlgan shaharning qulashiga yaqin qolganidan xabar bermoqda”.
Amerika Yamanda mana shularni amalga oshirmoqchi. U inqilob jangarilarini qonuniy hukumatga qarshi amerikacha standartlarga muvofiq qoʻllab-quvvatlamoqda. Biroq, bu mustamlakachi davlat uchun muhim narsa Husiylarning uning manfaati va nufuzining mustahkamlanishiga hamda Yaman boyliklariga ega chiqishiga xizmat qilishlaridir. Bu urush qurbonlarining yamanliklar boʻlishining ahamiyati yoʻq, muhimi qurbonlar amerikaliklar boʻlmasa bas.
Abdurobbih Mansur Hodiy hukumatiga kelsak, u Britaniyaning Adanda qolgan nufuzini mudofaa qilib yotibdi. Har kuni yurtning chor atrofida Yaman ahlining qoni toʻkilayotgani uning uchun ahamiyatli emas. Bu hukumat bir kun ham yamanliklar manfaatini oʻylagan yoki himoya qilgan emas. Aksincha, uning nazorati ostidagi hududlar aholisi bunday hayotdan qutulgisi kelib soʻnggi nafasini olayotgan mayyitlar holiga tushib qolganlar. Bu hukumatga qarashli armiya bilan politsiya oʻrtasida deyarli har kuni jang kelib chiqmoqda… Matbuot mina oʻrnatilgan mashinalarning portlashi va suiqasdlar toʻgʻrisidagi xabarlar bilan toʻlib ketgan. Mahalliy valyutaning qadrsizlanishi oqibatida narx-navo dahshatli shaklda oʻsmoqda. Yaman xalqi tunu kunlarini yoqilgʻi, gaz va arzonlashtirilgan non uchun navbat kutish bilan oʻtkazmoqda. Arab davlatlari koalitsiyasi (Saudiya bilan Amirliklar) esa, mahalliy toʻdalar va jangarilarni qurollantirish ustida bellashishyapti. Bu toʻda va jangarilar Yaman boyliklarini oʻzlashtirish va nufuzlarini oʻrnatish ustida qizgʻin kurash olib borayotgan AQSh va Britaniyaning vakillari sifatida bir-birlarini qonini toʻkishyapti.
Yechim urushni toʻxtatishdadir… Abdurobbih Hodiyga ham, Abdulmalik Husiyga ham itoat qilmaslikdadir. Chunki ikkalasi ham hech kim emas. Atigi yurt ustida kurashayotgan Gʻarb loyihasi uchun arabcha ismlar, xolos. Shuningdek, Saudiya jangarilariga ham, Amirliklar armiyalari va siyosatchilariga ham itoat qilmaslik kerak. Chunki bu ikki davlat ham mustamlakachi kofirning qurollaridan hisoblanadi.
Islom bizga muayyan va aniq yechimni berib qoʻygan. U ham boʻlsa, Paygʻambarlik minhoji asosidagi Xalifalik davlatida Allohdan, Kitobidan va Rosuli ﷺdan hukm olishdir. Xalifalik davlatigina musulmonlar qoni toʻkilishini oldini olib, boyliklarini muhofaza qiladi, dinlarini himoya qilib, mustamlakachi kofirni, uning nufuzini, jangariyu kuchlarini quvib soladi. Bu Allohga aslo mushkul emas. Alloh Taolo bunday degan:
﴿إِنَّا لَنَنْصُرُ رُسُلَنَا وَالَّذِينَ آمَنُوا فِي الْحَيَاةِ الدُّنْيَا وَيَوْمَ يَقُومُ الأَشْهَادُ﴾
“Albatta Biz paygʻambarlarimizga va imon keltirgan zotlarga hayoti dunyoda ham, guvohlar (hozir boʻlib) turadigan Kunda (qiyomatda) ham yordam berurmiz” [Gʻofir 51]

Roya gazetasining 2021 yil 10 noyabr chorshanba kungi 364-sonidan

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.