Putin: terrorchilar Afg‘onistondan Markaziy Osiyoga yoyilishni boshlashi mumkin

272
0

Putin: terrorchilar Afg‘onistondan Markaziy Osiyoga yoyilishni boshlashi mumkin

 Xabar: Terrorchilar Afg‘onistondan qo‘shni mamlakatlarga yoyilishni boshlashi mumkin. Bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putin MDH mamlakatlari maxsus xizmatlari rahbarlari bilan uchrashuvda ma’lum qildi.

 “Iroqdan, Suriyadan u erga jangovar harakatlarda tajribaga ega jangarilar yig‘ilib kelmoqda. Shu bois terrorchilar chegaradosh mamlakatlardagi, jumladan, MDH mamlakatlaridagi vaziyatni ham beqarorlashtirishga, to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoyilishga urinishni boshlashlari mumkinligi istisno qilinmaydi”, – dedi Putin.

 Putin afg‘on chegarasidagi vaziyatni doimiy kuzatuvga olish va jangarilarga qarshilik ko‘rsatishga shay turish muhimligini ta’kidladi. Buning uchun kuch ishlatar tuzilmalari ishini muvofiqlashtirish va kerak bo‘lgan paytda qo‘shma amaliyotlarni o‘tkazish darkor.

“Afg‘onistondagi vaziyat oddiy emas, buni o‘zingiz ham yaxshi bilasiz. Amerika qo‘shinlari batamom olib chiqib ketilgandan so‘ng hukumat o‘z tartiblari, o‘z qoidalarini o‘rnatayotgan toliblar qo‘liga o‘tdi. Shu bilan birga mamlakatda “IShID” tarkibidagi qator xalqaro terrorchilik guruhlar o‘z ishini davom ettirmoqda”, – dedi Putin.

 Rossiya rahbari Markaziy Osiyo, Kavkazorti va boshqa mintaqalar uchun tug‘ilayotgan ehtimoliy tahdidlar sentyabrdagi KXShT va ShHT sammitlarida batafsil muhokama qilinganini qayd etdi. Bu mavzu bo‘lajak MDH sammitida ham muhokama qilinadi, deb qo‘shimcha qildi u.

Izoh: AQSh Afg‘onistondan qo‘shinlarini olib chiqib ketgani bilan mintaqa davlatlari uchun manfaatli, o‘z navbatida mintaqani Rossiya ta’sir doirasidan uzoqlashishiga olib keluvchi loyihalarni amalga oshirishdan voz kechganicha yo‘q. Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshovar temir yo‘li qurilsa mintaqa davlatlari uchun Eron va Pokiston portlariga yo‘l ochiladi. Bu esa o‘z navbatida Rossiyaning “qosh-qovog‘iga” bog‘liq bo‘lgan yagona temir yo‘lga muqobil yo‘l bo‘ladi va mintaqani rusga bo‘lgan qaramlikdan uzoqlashtirishga olib keladi. Shu sababli ham AQSh nufuzi ostidagi Jahon banki tomonidan bu loyihaga ilk bosqichlar uchun 35 mln dollar mablag‘ ajratiladigan bo‘ldi.

 Turkmaniston uchun esa 1800 km uzunlikdagi Turkmaniston-Afg‘oniston-Pokiston-Hindiston (TAPH) gaz quvuri har yili 33 milliard kub metrga yaqin turkman gazini eksport qilish uchun mo‘ljallangan loyihadir. Hozir Turkmaniston o‘z gazini faqat Rossiya va Xitoyga sotishga majbur. Agar mazkur loyiha amalga oshsa mintaqadagi eng arzon bo‘lgan turkman gazi uchun yana uchta xaridor naqd bo‘ladi. Hozirgi taqsimot bilan Afg‘oniston yiliga 5 milliard kubometr, Pokiston 14 milliard kubometr, Hindiston 14 milliard kubometr oladi. Bu o‘z navbatida Rossiyani gaz narxi borasida Turkmanistonga bosim o‘tkazish richagidan mahrum qiladi.

 Bundan tashqari, Rossiya manfaatlariga eid bo‘lgan Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘l loyihasi ham mavjud. Ushbu loyihalar amalga oshishi uchun Afg‘onistonda barqarorlik va mamlakatni boshqarayotganlar bilan xayrixoh bo‘lib, ular bilan hamkorlikni talab qiladi. Shu sababli ham mintaqad davlatlari (Tojikistondan tashqari)ning barchasi Afg‘oniston bilan yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini tiklab, diplomatik aloqalarni tiklashga va insonparvarlik yordamlari ko‘rsatish orqali, siyosiy muzokaralar orqali mamlakatda tezroq tinchlik va barqarorlik o‘rnatishga o‘z xissalarini qo‘shishga intilmoqda.

 Rossiya esa Afg‘oniston bilan qo‘shni mamlakatlarni undan uzoqroq ushlashga intilmoqda. Bunda u sinalgan usul – mintaqa davlatlarini “terrorizm tahdidi”dan foydalanib, chegaralarni mustahkamlashga undamoqda. Rossiya mintaqa dalatlari bilan birin-ketin harbiy mashg‘ulotlar va sammitlar o‘tkazish orqali o‘zini mintaqadagi “tinchlik garanti” sifatida taqdim qilishga urinmoqda. Hozir Rossiya mintaqada o‘z nufuzini saqlab qolish uchun harbiy kuchiga suyanishdan boshqa chorasi qolmay bormoqda.

 Abdurahmon Odilov   

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.