Xitoy qarz to‘lovini 6 yilga kechiktirdi

312
0

Xitoy qarz to‘lovini 6 yilga kechiktirdi

 Xabar: Xitoy Qirg‘izistonning qarzlar bo‘yicha to‘lovlarini olti yilga kechiktirishiga rozi bo‘ldi. 24.kg nashrining xabar berishicha, bu borada Xitoy bilan tuzilgan shartnoma loyihasi Qirg‘iziston parlamentining Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik qo‘mitasida ko‘rib chiqilgan.

 Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ruslan Tatikovning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy to‘lovlarni olti yilga kechiktiradi, uning birinchi yili imtiyozli bo‘ladi.

 “Biz bu yil kreditlar bo‘yicha 88 million dollar foiz to‘lashimiz kerak edi. Pandemiya tufayli Xitoyga Parij klubi orqali murojaat qildik. Xitoy 51,1 million dollarni kechiktirishga rozi bo‘ldi. Foiz stavkalari belgilangan va biz olti yil davomida 3,8 million dollar to‘laymiz”, – degan vazir.

 Ruslan Tatikovning so‘zlariga ko‘ra, hozir Qirg‘izistonning Xitoy Eksport-import bankiga qarzi 1,7 milliard dollarni tashkil etmoqda.

 Izoh: Qirg‘iziston hukumati o‘tgan yilning bahor oylaridan boshlab Xitoydan qarz to‘lovi muddatini kechiktirishni iltimos qilib keladi. Aprel oyida eks-prezident maqomini olgan Jeenbekov, may oyida o‘sha vaqtdagi Tashqi ishlar vaziri Chingiz Aydarbekov, keyinchalik, hukumat almashganidan so‘ng Tashqi ishlar vaziri lavozimini  Ruslan Kazakbaev Xitoydan qarz yukini engillatishni so‘rab murojaat qilishdi. Ammo Xitoy hukumati Qirg‘iziston rasmiylari so‘rovlariga biror munosabat bildirmadi.

 Noyabr oyi boshida Moliya vaziriligi davlat qarzlari boshqarmasi boshlig‘i Ruslan Tatikov Xitoy qarz muddatini kechiktirish evaziga shart qo‘yayotganini ma’lum qildi.

 “Muzokaralar davom etayotgani sababli batafsil ma’lumot bermayman. OAV Xitoy tomoni to‘lovni kechiktirishga rozi bo‘lmadi deb yozishmoqda, ammo bunday emas. Xitoy to‘lov muddatini kechiktirdi, biroq alohida shart qo‘ydi, biz hozir buni muhokama qilyapmiz. Muzokaralar yakuniga etsa, to‘lov muddati 2020-yilning 1-mayidan 31-dekabriga qoldiriladi. Bu 35 million dollarni tashkil etadi”, – degan edi Tatikov.

 Bosh vazir vazifasini bajaruvchi Artyom Novikov esa 2020-yilning 25-noyabr kuni parlamentda qilgan chiqishida davlat tashqi qarzi masalasida Xitoy bilan muzokaralar davom etayotganini ma’lum qilgan va “Xitoy qarzni to‘lash muddatini transhlarga bo‘lib to‘rt yilga uzaytirishni taklif qilmoqda. Bunday muddatni uzaytirish uchun foiz stavkasi 2 foiz etib belgilandi. Taklif hukumat tomonidan imtiyozlar bo‘yicha belgilangan parametrlardan oshmaydi. Ushbu summaning ortiqcha to‘lovi 2,9 milliard som (34 million 118 ming dollar)ni tashkil etadi”,- degandi.

 Garchi, Qirg‘iziston rasmiylari qarz evaziga Xitoy nima talab qilayotganini rasman ma’lum qilmayotgan bo‘lishsada, Japarov prezidentlik saylovi arafasida Norin viloyatiga qilgan safari vaqtida viloyatdagi Jetim-Too temir koni xorijiy davlatlarga berilmasligini aytgan edi… Hozircha Xitoy hukumati avval imzolangan shartnomalar bajarilishini jiddiy turib talab qilmayotgan bo‘lsada, vaqt o‘tishi va xalqning Xitoyga qarshi kayfiyati o‘zgarib borishi bilan ular ijrosiga kirishadi. “Xavfsiz shahar -2” loyihasini amalga oshirishga kirishilishi ham shunga dalolat qilmoqda.

 Mustamlakachi davlatlar Qirg‘iziston kabi uchinchi dunyo davlatlariga sanoat rivoji uchun qarz bermaydi. Ular qarz berishdan avval beriladigan mablag‘ni obodonlashtirish, madaniyat yoki sport komplekslari kabi davlatga daromad keltirmaydigan sohalarga sarflashni shart qilib qo‘yadi. Natijada qarz muddati tugagach, olingan mablag‘ u yoqda tursin, uning ustama foizini to‘lashdan ojiz bo‘lib qolgan davlat mustamlakachilar qaram bo‘lib, uning yangi shartlari bajarishga majbur bo‘lib qolaveradi.

 Abdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.