AQShning Britaniya va Avstraliya bilan birgalikda tuzgan harbiy ittifoqining mohiyat va ko‘lami

387
0

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ

AQShning Britaniya va Avstraliya bilan birgalikda tuzgan harbiy ittifoqining mohiyat va ko‘lami

Savol: AQShning Britaniya va Avstraliya bilan birgalikda tuzgan harbiy ittifoqining (AUKUS mudofaa alьyansining) mohiyat va ko‘lami qanday? Bu alьyans Xitoyga qarshi tuzildimi? Yoki Britaniya va Amerikaning Frantsiyaga tushirgan tarsakisimi? Zero, Frantsiya bundan oldin Tunisda Britaniya nufuziga barham bergan bo‘lsa, uning Gvineyadagi tobelari Amerika malaylariga qarshi davlat to‘ntarishini amalga oshirdi. Bundan tashqari, u Amerikadan mustaqil bo‘lgan bir harbiy kuch paydo qilishga zo‘r berib harakat qilib keldi.

Javob: Bu savollarning javobi tiniq bo‘lishi uchun quyidagilarni ko‘rib chiqamiz:

1 – Videokonferentsiya orqali o‘tkazgan ayni uchrashuvlarida AQSh prezidenti Bayden, Britaniya bosh vaziri Jonson va Avstraliya bosh vaziri Morrison xavfsizlik sohasida uch tomonlama hamkorlik boshlanganini bildirishdi. Skay Nьyus Arabikning 2021 yil 16 sentyabrda bergan xabariga ko‘ra, Bayden uchrashuvda («Hind-Tinch okeani mintaqasida uzoq muddatli tinchlik va barqarorlik o‘rnatish zarurligini barchamiz tan olamiz», deb aytdi. Morrison esa, «Biz yadro qurollarini tarqatmaslik haqidagi barcha majburiyatlarimizni bajarishda davom etamiz», dedi. Britaniya bosh vaziri Jonson ham ushbu qarorni juda muhim deb baholab, «dunyodagi eng murakkab loyihalardan biri bo‘ladi», deya bildirdi). Bu davlatlar ittifoqqa tayyorgarlikni maxfiy tarzda olib borishdi. To‘satdan sodir bo‘lgani uchun Xitoy va Frantsiya dovdirab qoldi.

2 – Frantsiya bundan juda qattiq g‘azablanib, Amerika va Avstraliyani yolg‘onchilikda, Britaniyani esa doimiy opportunizmda aybladi. Avstraliya 2016 yilda Frantsiya bilan imzolagan 56 milliard evrolik suv osti kemalarini sotib olish to‘g‘risidagi shartnomani bekor qilgani uchun Frantsiya bu ittifoqni orqa tomondan urilgan pichoq, deb atadi. (Bi-Bi-Si, 2021 yil 18 sentyabr). Xitoy esa, Osiyo qit’asida sovuq urushning birinchi o‘qi otilganini eslatib o‘tdi. U Qo‘shma Shtatlar va Britaniyani ushbu ittifoqning yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomaga muvofiqligini ko‘rib chiqishga chaqirib, yadroviy davlat bo‘lmagan Avstraliyaga atom suv osti kemalari texnologiyasini o‘tkazish ayni shartnomaning buzilishiga olib kelishi mumkinligini ta’kidladi. Hech shubha yo‘qki, Xitoy ayni ittifoqni o‘zi uchun xatar deb bilyapti. Chunki Osiyo dengizidagi Xitoyning gegemonligiga qarshi turadigan Avstraliya bu ittifoq orqali atom suv osti kemalarini qo‘lga kiritmoqda.

3 – Amerikaning odatiy ittifoqchisi bo‘lgan Evropa Tramp davrining oxirlariga borib o‘zini engil his qila boshladi. AQSh prezidenti Bayden «Amerika ortiga qaytdi» deya jar solib, buni Trampning «Birinchi Amerika» shioriga muqobil o‘z shior sifatida qabul qilganida, Evropa o‘zini yanada engil his qildi. Biroq, Bayden ma’muriyatining Evropa qarashlari va manfaatlarini hisobga olmagan holda Afg‘onistondan harbiy kuchlarni olib chiqib ketishi Evropa davlatlarining AQShga sharmandali qaram ekanini ko‘rsatib qo‘ydi. Zero, AQShning Afg‘onistondan chiqib ketishi Bayden ma’muriyatining Trampdan so‘ng prezidentlik lavozimi egallanishi ortidan to‘qqiz oy ichida amalga oshirgan eng yirik xalqaro operatsiyasi bo‘ldi. Buning natijasida Evropada Amerikaga nisbatan keng ko‘lamli tanqidlar yuzaga keldi. Ulardan eng muhimi Frantsiyaning Evropada Amerikadan mustaqil bo‘lgan bir kuch paydo qilish va uni mustahkamlash uchun qilgan chaqirig‘i edi. Shundan so‘ng, AQSh Avstraliya hamda Evropa Ittifoqidan chiqqan Britaniya bilan birgalikda yangi ittifoq tuzganini bildirdi. Bu esa, vaziyatni yanada yomonlashtirdi! Shuning uchun Frantsiya tashqi ishlar vaziri «Bu Tramp uslubidagi kutilmagan qaror», «Orqamizdan pichoq urishdi», «Bu alamli zarba», deya ta’kidladi. Shundan so‘ng Frantsiya Vashingtondagi elchisini maslahat uchun chaqirib oldi!

4 – Ushbu yangi harbiy ittifoq ko‘lamiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, xalqaro maydonda katta voqea sodir bo‘lganini ko‘ramiz. Bu o‘z navbatida, keng ko‘lamli oqibatlarni keltirib chiqarishi tayin. Biz buni Xitoy yuksalishini to‘xtatishga qaratilgan AQSh strategiyasi doirasida, shuningdek, Frantsiya xalqaro maydonda muxolif xatti-harakatlarni sodir etib, bu bilan Evropa Ittifoqidagi boshqa mamlakatlarga ta’sir o‘tkazgani uchun uning AQSh va Britaniya tomonidan jazolanishi doirasida baholay olamiz. Buning izohi quyidagicha:

•      Xitoyga nisbatan:

Hech kimga, xususan Xitoyning o‘ziga ham sir emaski, bugungi kunda AQShning asosiy strategik maqsadi Xitoyning yuksalishiga qarshi kurashish hamda uning xalqaro iqtisodiy va mintaqaviy harbiy xatarlarini bartaraf etishdir. Shuning uchun Xitoy – birinchi e’lon qilingan paytdayoq – bu harbiy ittifoqning maqsadlarini tushunib, uni qabul qilib bo‘lmaydigan ish ekanini bildirdi. Shuningdek, bu ittifoqning «sovuq urush mentaliteti» va «mafkuraviy tarafkashlik» asosida tuzilganini hamda «yadro qurolini tarqatmaslik» to‘g‘risidagi shartnomani buzayotganini ta’kidladi. (Xitoyning Vashingtondagi elchixonasi matbuot kotibi Lyu Pen’yuyning ta’kidlashicha, bu davlatlar boshqa taraflarning manfaatlariga qaratilgan yoki zarar etkazadigan eksklyuziv bloklar tuzmasliklari va birinchi navbatda sovuq urush mentaliteti va mafkuraviy tarafkashlikdan voz kechishlari lozim… Al-Jazira, 2021 yil 16 sentyabr).

Shunday qilib, Xitoy:

a)    Hech shubha yo‘qki, Xitoy bu qadamning yangi alьyans yadrosi sifatida o‘ziga qarshi qaratilganini, uning xuddi Sovet Ittifoqiga qarshi tuzilgan NATO kabi shakllanishini tushunib turibdi. Darhaqiqat, Al-Jazira Vashington Post gazetasidan iqtibos keltirib, xabar berishicha, (Ushbu ittifoq Avstraliyaga dizel dvigatelli submarinalar o‘rniga, ilg‘or yadroviy reaktorlar bilan harakatlanuvchi suvosti kemalariga egalik qilish va ulardan foydalanish imkonini beradi. U shuningdek, Avstraliyaga shunday bir hujum qilish qobiliyatini beradiki, agar biror bir nizo chiqadigan bo‘lsa, Xitoy uning bu qobiliyatini hisobga olishiga majbur bo‘ladi. Al-Jazira, 2021 yil 17 sentyabr). Boshqacha aytganda, bu kelishuv Avstraliyani atom suv osti kemalari va AQShning Tomagavk rusumli qanotli raketalari bilan ta’minlash orqali, uning Osiyodagi Xitoyga qarshi halqalardan biri sifatida harbiy salohiyatini mustahkamlaydi.

b)    Xitoy o‘zining yuksalishiga qarshi qaratilgan AQSh strategiyasi Vashingtondagi ma’muriyat o‘zgarishi bilan o‘zgarmasligini yaxshi biladi. Bu strategiyaning asosiy g‘oyasi atrofdagi Xitoyga qarshi davlatlarni kuchaytirish hamda uni qo‘shimcha xavflar bilan o‘rab olishdir. Shunday qilib, Amerika ochiq dengiz zonalari va navigatsiya erkinligi nomi ostida Xitoy atrofidagi dengizlarni harbiylashtirmoqda. Buni o‘zining harbiy texnikasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib borib qo‘yish orqali amalga oshiradimi yoki Yaponiya, Janubiy Koreya, Avstraliya, Hindiston va boshqa Xitoyga qarshi bo‘lgan Osiyo guruhlarini harbiy jihatdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri va sezilarli tarzda qo‘llab-quvvatlash orqali amalga oshiradimi farqi yo‘q. Amerika Iroq va Afg‘onistondagi urushlari tufayli Xitoyning yuksalishini to‘xtatish siyosati kechikkanini tushunib turibdi. O‘z navbatida Xitoy ham bu kechikish Vashingtonni hech qanday cheklovsiz Xitoyning yuksalishini to‘xtatishga undayotganini bilyapti. Bu juda xavfli. Chunki Tramp ma’muriyatining Yaponiya va Janubiy Koreyaga yadroviy qurol etkazib berish g‘oyasi va bugunga kelib Bayden ma’muriyatining Avstraliyaga atom suv osti kemalarini va’da qilishi AQShning Xitoyga nisbatan siyosati xavfini yanada oshiradi va bu siyosat bundan keyin xalqaro konventsiyalarga amal qilmaydi.

•      AUKUS doirasida birlashgan uchta mamlakatga nisbatan aytadigan bo‘lsak, 2021 yil 16 sentyabrda Al-Jazira bunday xabar berdi:

a)    (AQSh ma’muriyatining yuqori martabali amaldorlari «Mudofaa sohasidagi bu hamkorlik Xitoyning mintaqadagi ta’siri ortib borayotgan bir manzarada yuzaga kelgan»ini bildirdi. AQSh prezidenti Jo Bayden o‘z bayonotida bunday dedi: «Britaniya va Avstraliya bilan imzolangan AUKUS xavfsizlik shartnomasi bu mamlakatlarga eng zamonaviy manyovr qobiliyatiga ega bo‘lish hamda tez rivojlanayotgan tahdidlarga qarshi turish imkonini beradi»).

b)    (Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson AQSh va Avstraliya bilan uch tomonlama mudofaa hamkorligini boshlash Hind-Tinch okeani mintaqasida xavfsizlik va barqarorlikni saqlash uchun birgalikda harakat qilishga qaratilganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni hamkorlikning asosiy vazifasi Avstraliyaga atom suv osti kemalarini qo‘lga kiritishida yordamlashishdir).

v)    Boshqa tomondan, Avstraliya bosh vaziri Skott Morrison, (o‘z mamlakati an’anaviy suv osti kemalarini sotib olish bo‘yicha 2016 yilda Frantsiya bilan imzolangan yirik shartnomani bekor qilganini, chunki u AQSh va Britaniya yordamida yadroviy reaktorlar bilan harakatlanuvchi suv osti kemalarini qurishni afzal ko‘rayotganini bildirdi. U shuningdek, Avstraliya yadroviy qurolga ega bo‘lishga intilmayotganini, balki yadro qurollarini tarqatmaslik borasidagi o‘z majburiyatlarini bajarishda davom etishini qo‘shimcha qildi.

•      Frantsiyaga kelsak, u juda g‘azabnok munosabat bildirib, bo‘lgan voqeadan dovdirab qoldi:

a)    (Frantsiya tashqi ishlar vaziri Jan-Iv Le Drian Avstraliyaning suv osti kemalarini ishlab chiqarish bo‘yicha Frantsiya bilan imzolagan avvalgi shartnomani bekor qilishini «Orqadan urilgan pichoq», deya tanqid qildi. Jan-Iv Le Drian «Franc Info» radiosiga bergan intervьyusida Frantsiyaning xiyonatga uchrab, g‘azab va og‘riqni his qilayotganini, bunga Avstraliyaning Frantsiya bilan imzolagan shartnomani buzib, AQSh va Britaniya bilan atom suv osti kemalarini qo‘lga kiritish bo‘yicha hamkorlik shartnomasini imzolashi sabab bo‘lganini bildirdi… Al-Jazira, 2021 yil 16 sentyabr). U o‘z bayonotida yana bunday dedi: («Prezident Makronning talabiga binoan, zudlik bilan Qo‘shma Shtatlar va Avstraliyadagi elchilarimizni maslahat uchun chaqirib oldim. Bu favqulodda chiqarilgan qaror bo‘lsa-da, Avstraliya va Qo‘shma Shtatlarning 15 sentyabrdagi jiddiy bayonotlari uning oqilona bo‘lganini oqlaydi». arabic.euronews.com, 2021 yil 17 sentyabr). Le Drian «Franc Info» radiosiga bergan intervьyusida yana bunday dedi: «Men juda g‘azabdaman… Ittifoqchilar o‘rtasida bunday ishlar bo‘lishi mumkin emas… Bu yuzga tortilgan tarsakidir». Deutsche Welle, 2021 yil 17 sentyabr). Elchilarni chaqirib olish to‘g‘risidagi qarordan oldin (Frantsiya hukumati Vashingtonda juma kuni o‘tkazilishi belgilangan tantanani bekor qildi. Ma’lumki, bu tantana Amerika qo‘zg‘oloni paytida Frantsiya katta rolь o‘ynagan hal qiluvchi dengiz jangining yubileyiga bag‘ishlangan edi. Al-Jazira, 2021 yil 17 sentyabr).

b)    Frantsiya qurolli kuchlari vazirasi Florans Parli (Avstraliyaning an’anaviy suv osti kemalarini sotib olish bo‘yicha Frantsiya bilan imzolagan yirik shartnomani bekor qilishi xavfli va juda yomon xabar… deya baholadi. Al-Jazira, 2021 yil 16 sentyabr).

5 – Amerika boshchiligidagi ushbu uch mamlakatning nega bu ishlarni Frantsiyadan uzoqda, hatto Frantsiyani jazolaydigan tarzda amalga oshirganiga kelsak, buning bayoni quyidagicha:

a)    Frantsiya Tramp ma’muriyati siyosatini ochiqchasiga tanqid qilib, buni qabul qilib bo‘lmasligini aytgan edi. Bu Turkiya va Gretsiya o‘rtasidagi Sharqiy O‘rta er dengizi inqirozida yaqqol namoyon bo‘lgan. Bayden ma’muriyati kelib, Afg‘onistondan Evropa davlatlarining Qo‘shma Shtatlarga qaramligini ko‘rsatib qo‘yadigan tarzda chiqib ketgach (holbuki, bu davlatlar tobe emas, balki ittifoqchi sifatida ko‘rinishni istaydi) Frantsiya Evropa Ittifoqi tarkibida Amerikadan (ya’ni NATO)dan mustaqil bo‘lgan bir harbiy kuch paydo qilish g‘oyasini ilgari surdi. Boshqacha aytganda, Frantsiya AQShning Evropa davlatlari ustidagi harbiy etakchiligiga yana qarshi bo‘lib qoldi hamda Amerikaning Afrikadagi nufuziga qarshi jur’ati osha boshladi. Bu narsa Gvineyadagi harbiy to‘ntarishda hamda Frantsiyaning Afrikadagi Sohil davlatlarida amalga oshirgan harbiy harakatlarida yaqqol namoyon bo‘ldi. Bularning barchasi Amerikada Frantsiyaga nisbatan norozilikni keltirib chiqardi.

b)    Britaniyaning Evropa Ittifoqi mamlakatlari bilan Breksit bo‘yicha muzokaralaridan so‘ng, Britaniya-Frantsiya munosabatlari keskin yomonlashdi. Ikki mamlakatdan birortasining ham keskinlikni yumshatishga harakat qilgani kuzatilmadi. Bu holatni Britaniya Evropa Ittifoqidan chiqib ketar ekan, Frantsiya va Evropaning u bilan tuzilgan kelishuv va shartlar paytida o‘jarlik qilib turib olishida ko‘rish mumkin. Aftidan, Frantsiya va Evropa Ittifoqi davlatlari ittifoqdagi boshqa davlatlarning Britaniyaning izidan borishiga va shu tariqa ittifoqdan chiqib, ittifoq shartnomasini buzishiga to‘sqinlik qilmoqchi bo‘lgan ko‘rinadi. Biroq, bu narsa Frantsiya-Britaniya munosabatlarining misli ko‘rilmagan darajada yomonlashishiga olib keldi. Ularning xalqaro siyosati sezilarli darajada bir-biridan ajraldi. Frantsiya Qays Saidning so‘nggi qarorlari orqali Tunisda hokimiyatni qo‘lga kiritgach, Britaniyaning hech bir manfaatini hisobga olmay, unga qarshi Amerikadan yordam ola boshladi. Bunday holat har ikkisining ham siyosatida avval kuzatilmagan.

v)    Bunga qadar, 2021 yil may oyining boshida Jersi oroli inqirozi ro‘y bergan edi. Ma’lumki, Jersi Britaniya qirolligiga qarashli orol bo‘lib, Frantsiya hududidan taxminan 20 km. uzoqlikda joylashgan. O‘shanda Britaniya Evropa Ittifoqidan chiqqanidan keyin frantsuz baliqchi kemalarining Britaniyaga qarashli baliq ovlanadigan hududlarga kirishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun o‘z harbiy kemasini yuborgan edi. Shunda Frantsiya orolni elektr energiyasidan uzib qo‘yish bilan tahdid qildi. So‘ng Britaniya ko‘rgan choralarga javoban, frantsuz baliqchilarini himoya qilish uchun o‘zining politsiya va sohil qo‘riqchilari qayiqlarini yubordi. Bularning barchasi ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarning yomonlashuvi tezlashib ketganidan darak beradi. Bu holat Britaniyani Frantsiyaga tarsaki tushirishga va Amerikani unga qarshi qo‘yishga undadi. Ammo bularning barchasi Britaniyaning odati va hiyla-nayrangi bo‘yicha maxfiy tarzda amalga oshirildi. Amerikaning Nьyu-York Tayms gazetasining yozishicha, (London va Vashington rasmiylariga ko‘ra, Britaniya hukumati Tinch okeanida atom suv osti kemalarini joylashtirish uchun AQSh va Avstraliya bilan uch tomonlama ittifoq tuzar ekan, bu borada o‘ynagan o‘zining rolini ancha erta boshlagan. Arabiyya, 2021 yil 19 sentyabr).

g)    Biroq, xususan Amerika uchun eng xatarli narsa Frantsiyaning Xitoyga nisbatan – Amerika pozitsiyasiga zid ravishda – patsifistik munosabatda bo‘lishidir. (Parij o‘z ittifoqchilarining Xitoyga nisbatan mintaqada Frantsiya manfaatlariga xavf soladigan to‘qnashuv strategiyasini amalga oshirishidan xavotirda. Hind-Tinch okeanidagi uch tomonlama ittifoq strategiyasida yo‘l qo‘yilgan har qanday harbiy xato «Yangi Kaledoniya» va «Frantsiya Polineziyasi»dagi bir million frantsuz fuqarolarining xavfsizligiga tahdid soladi. Ma’lumki, Frantsiyaning ushbu ikki muhim mintaqasi dengiz ortidagi mintaqalar sifatida tanilgan…). Shuning uchun Frantsiya (kelasi yilning boshida Evropa Ittifoqi raisligini qabul qilib olganidan so‘ng, Mustaqil Evropa strategiyasi yo‘nalishini aniq belgilab olishi, Evropani AQSh mudofaa soyabonidan chiqarib olishga qaratilgan harakatlarni davom ettirishi hamda universal kuchga aylanish uchun Evropa Ittifoqining xalqaro maydondagi o‘rnini mustahkamlashi kutiladi… 2021 yil 22 sentyabr).

6 – Amerika Britaniya bilan birgalikda harakat qilib, Avstraliya bilan tuzgan ittifoqning mohiyat va ko‘lami mana shudir. Zero, bu ittifoq bir tomondan Xitoyni qamal qilish halqalaridan biri bo‘lgan bo‘lsa, boshqa tomondan, suv osti kemalarini sotib olish bo‘yicha Frantsiya-Avstraliya shartnomasini bekor qilish va bu ittifoqqa uni qo‘shmaslik orqali Frantsiyaga tushirilgan qattiq tarsaki bo‘ldi. Bu ittifoq Xitoyni o‘rab turgan dengizlardagi vaziyatni yanada ko‘proq harbiylashuv va inqirozga etaklaydi, shuningdek, Xitoy yuksalishini to‘xtatishda Vashington uchun juda muhim vosita sifatida xizmat qiladi. Puxta siyosat olib bora olmaydigan Frantsiyaga kelsak, u Amerika va Britaniya tushirgan mushtlardan yuzini ham himoya qila olmaydigan darajada zaifdir. To‘g‘rirog‘i, Evropa Ittifoqidagi davlatlarning barchasi mana shunday juda zaif holatda. Frantsiyaning hamma yoqqa jar solib, NATOdan alohida bo‘lgan bir mustaqil kuch sifatida ta’sis etishga chaqirayotgan ushbu Evropa kuchlarining miqdori juda ham oz (besh ming nafar)ni tashkil qiladi. Bu ayniqsa, Britaniya Evropa Ittifoqidan chiqib ketganidan keyin, Evropaning xalqaro salohiyati juda cheklangan ekanini ko‘rsatmoqda.

7 – Shunday qilib, bugungi kunda yirik deb atalayotgan bu davlatlarning aniq bir qiymati yo‘q.

﴿بَأْسُهُمْ بَيْنَهُمْ شَدِيدٌ تَحْسَبُهُمْ جَمِيعاً وَقُلُوبُهُمْ شَتَّى ذَلِكَ بِأَنَّهُمْ قَوْمٌ لَا يَعْقِلُونَ﴾

«Ular o‘z o‘rtalarida kuchli-quvvatlidirlar, (ya’ni, jang-jadal bo‘lmasdan turib o‘zaro kuch-qudratli ekanliklari haqida lof uraveradilar, ammo jang paytida ojiz-qo‘rqoqdirlar). (Og‘izlaridagi so‘zlaridan) ularni bir deb hisoblaysiz-u, (ammo) dillari xilma-xildir. Bunga sabab, ularning aqlsiz qavm ekanliklaridir» [Hashr 14]

Bu mamlakatlarni ichidan qurt kemirib bo‘lgan, hatto ularning o‘zaro munosabatlarini ham kemirmoqda. Shoyadki, bu yaxshilik darakchisi hamda Alloh Taoloning O‘z dini ustuvor bo‘lishini osonlashtirish uchun qo‘ygan sunnatlaridan biri bo‘lsa ajab emas. Ilk Islom davlati tashkil etil paytda, Fors va Rim davlatlarining holati ham, ularning munosabatlari ham mana shu shaklda, ya’ni bo‘g‘ib o‘ldirish va ochiq dushmanlik holatida bo‘lgan.

وَإِذَا أَرَادَ اللَّهُ بِقَوْمٍ سُوءاً فَلَا مَرَدَّ لَهُ وَمَا لَهُمْ مِنْ دُونِهِ مِنْ وَالٍ

«Qachon Alloh biron qavmga yomonlik-balo yuborishni iroda qilsa, bas, uni qaytarib bo‘lmas. Va ular uchun Undan o‘zga hokim yo‘qdir» [Ro’d 11]

18 safar 1443h

25 sentyabr 2021m

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.