Xitoy hukumati Qirg‘iziston iqtisodiyotiga ko‘mak bermoqchi

243
0

Xitoy hukumati Qirg‘iziston iqtisodiyotiga ko‘mak bermoqchi

Xitoy hukumati Qirg‘iziston iqtisodiyotiga ko‘mak sifatida 350 million yuan ajratishni rejalashtirmoqda. “REGNUM” xabarida aytilishicha, bu haqda Qirg‘iziston tashqi ishlar mahkamasi ma’lumot bergan. Ikki davlat tashqi ishlar vazirlarining Siandagi uchrashuvida shu haqda so‘z borgan.

Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I o‘zining qirg‘izistonlik hamkasbi Ruslan Kazakbaevga Xitoy Qirg‘izistonning davlat qarzlarini qaytarishini ortga surish va qo‘shimcha mablag‘ ajratishga qaror qilishini aytdi.

Shuningdek, insonparvarlik yordami tariqasida 15 ming dozadagi Xitoyning koronavirusga qarshi  vaktsinasi etkazilishini ma’lum qilgan.

 Izoh: Rasmiy hisobotlarga ko‘ra, Qirg‘izistonning umumiy qarzi 5 milliard dollar (4 mlrd. 928,67 million)ga yaqinlashib qolgan. Eng ko‘p qarz Xitoydan olingan bo‘lib, bu tashqi qarzning 41,8%ini tashkil etadi. So‘ngi 12 yilda Qirg‘izistonning Xitoy oldidagi davlat qarzi 200 barobar o‘sgan. Bugungi kunda Qirg‘izistonning Xitoydan olgan qarzi 1 milliard 782 million dollarni tashkil etmoqda.

 Joriy yildan boshlab Qirg‘iziston Xitoydan olgan qarzlarning foizidan tashqari tanini ham to‘lashni boshlashi zarur. Biroq, Qirg‘izistondagi og‘ir iqtisodiy holat va bunga qo‘shimcha koronavirus pandemiyasi sababli joriy etilgan karantin choralari qirg‘iz hukumatini og‘ir vaziyatga solib qo‘ydi. Shu sababli ham qirg‘iz rasmiylari o‘tgan yildan beri Xitoy hukumatidan qarz muddatini uzaytirishni so‘rab kelishdi. Sobiq prezident Jeenbekov va boshqa rasmiylar iltimosiga nisbatan biror munosabat bildirmay keldi. Va nihoyat 2020-yil noyabr oyida Xitoy tomoni Qirg‘izistonga qarzlarni to‘lashni keyinga qoldirishga rozi bo‘ldi, ammo shu bilan birga ma’lum bir shart qo‘ydi. Moliya vaziriligi davlat qarzlari boshqarmasi boshlig‘i Ruslan Tatikov Xitoy bilan muzokaralar olib borilayotganini, Xitoy to‘lov muddatini kechiktirish evaziga shart qo‘yganini ma’lum qilgan edi.

 “Muzokaralar davom etayotgani sababli batafsil ma’lumot bermayman. OAV Xitoy tomoni to‘lovni kechiktirishga rozi bo‘lmadi deb yozishmoqda, ammo bunday emas. Xitoy to‘lov muddatini kechiktirdi, biroq alohida shart qo‘ydi, biz hozir buni muhokama qilyapmiz. Muzokaralar yakuniga etsa, to‘lov muddati 2020-yilning 1-mayidan 31-dekabriga qoldiriladi”, – degan edi Tatikov.  Garchi Tatikov Xitoy qanday shart qo‘yayotganini aytmagan bo‘lsada, Sadir Japarov matubot anjumanida “Norindagi Jetim-Too temir koni xorijiy davlatlarga berilmaydi”, dedi.

 Keyinchalik Sadir Japarov agar rasmiy Bishkek XXR oldidagi tashqi qarzini to‘lamasa, mamlakatdagi ba’zi muhim ob’ektlar Xitoy nazorati ostiga o‘tishi mumkinligini istisno qilmagan va mamlakatning tashqi qarzi bankka beriladigan oddiy kredit kabi tizim bo‘yicha to‘lanishini, mabodo qarz oluvchi o‘z majburiyatlarini bajara olmasa, ularni mol-mulk bilan to‘lashini aytgan edi. Japarov Xitoy nazorati ostiga o‘tishi mumkin bo‘lgan inshootlar orasida mamlakat shimolidagi eng yirik elektr inshooti – Bishkek issiqlik elektr stantsiyasi, Datka-Kemin elektr uzatish liniyasi hamda respublikaning shimoli va janubini birlashtiruvchi yo‘lni sanab o‘tgandi…

 Kuchli davlat zaif davlatlarni ezib, qul qilish, ribo ustiga qurilgan iqtisodiy munosabatlar qashshoq davlatni yanada qashshoqlashtirib, qarz botqog‘iga botirish asosiga qurilgan xalqaro kapitalistik tuzumda iqtisodi qishloq xo‘jaliliga asoslangan Qirg‘iziston kabi davlatlar hech qachon erkin nafas olmaydi. Xalqaro tuzum bu kabi davlatlarni qarzdan to‘liq ozod bo‘lishiga, iqtisodiy taraqqiyot asosi bo‘lgan og‘ir sanoatini rivojlantirishga yo‘l qo‘ymaydi. Bu kabi davlatlar uzoq yillar mobaynida olingan qarzlar foizini to‘lab berishga, tanini qaytaradigan vaqtda to‘lashdan ojiz qolib yana yangi qarz olishga va bo‘g‘zigacha qarzga botib oxir-oqibat qazlarini er va qazilma boyliklar hisobidan to‘lashga majbur bo‘ladi. Xususan, Xitoy qarz oluvchi tomonga qarz shartlarini oshkor etmaslikni shart qilib qo‘yadi. Qarzini to‘lay olmagan davlatlar Xitoyga tabiiy boyliklari yoki hududini berishga majbur bo‘ladi…

 Abdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.