Rossiya Tojikistondagi harbiy bazasini kuchaytiradi

369
0

Rossiya Tojikistondagi harbiy bazasini kuchaytiradi

 Rossiya prezident Vladimir Putin 8 may kuni Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon bilan Moskvada bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida Rossiya Tojikistondagi harbiy bazasini kuchaytirish va mustahkamlash masalasida bosh qotirayotganini ma’lum qildi.

 Putin, shuningdek, Rossiya “Tojikiston armiyasining qudratli bo‘lishiga ham ko‘maklashish” niyatida ekanini ta’kidladi.

 Ayni paytda Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon AQSh Afg‘onistondan harbiylarini olib chiqib ketishi ortidan mazkur mamlakatda vaziyat keskinlashishi mumkinligidan tashvish bildirdi.

 Ma’lumot uchun, Tojikistondagi uchta harbiy bazaga Rossiya 201-diviziyasining 7 mingdan ortiq harbiysi joylashgan.

 Izoh: Rossiya uzoq yillardan beri Afg‘onistondagi beqarorlik va Tolibon “tahdidini” ro‘kach qilib, O‘rta Osiyoda o‘zining harbiy ishtirokini kuchaytirishga intilib keladi. Chunki, bugungi kunda Rossiya suyanishi mumkin bo‘lgan yagona kuch bu – uning harbiy quvvatigina bo‘lib qoldi. Holbuki, AQSh Afg‘onistonga bostirib kirishidan oldin mamlakatda to‘liq nazorat o‘rnatgan Tolibon harakati biror marta qo‘shni davlatlarga “tahdid” tug‘dirmagan, qo‘shni davlatlar bilan chegaralarni buzib o‘tishga harakat ham qilmagan edi. Mintaqa prezidentlari buni bilib tursalarda Rossiyani mintaqadagi “tinchlik garanti” sifatida qabul qilib, o‘z erlaridan unga harbiy bazalar uchun er ajratib berishdi. O‘z navbatida Rossiya ushbu bazalarni kuchaytirish bahonasida mintaqaga harbiy jihatdan to‘liq o‘rnashib oldi.

 Rus hukumati keyingi o‘n yillikda o‘zining Tojikistondagi harbiy bazasini kuchaytirib kelmoqda. “Kommersant” nashri 2015 yili Rossiya Bosh harbiy shtabidagi manba ma’lumotiga tayangan holda, Rossiya yaqin yillar ichida Tojikistonga 70 milliard rubl (1 milliard 230 million dollarga yaqin) hajmidagi harbiy-texnik ko‘mak ko‘rsatishini xabar qilgan edi. Tojikiston ko‘mak doirasida Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT) liniyasi bo‘yicha aloqa vositalari, o‘qotar qurollar va o‘q-dorilardan tortib, aviatsiya, artilleriya va zenit-raketa qurilmalarigacha bo‘lgan keng turdagi qurol-yarog‘larga ega bo‘lgan edi.

 2017-yili Rossiya Tojikiston Qurolli kuchlariga o‘qotar mashina, artilleriya, zirxli tanklar BTR-80, jangovar piyoda mashinalari BMP-2, T-72 rusumli tank vositalari, Mi-8 va Mi-24 rusumidagi vertolyotlar taqdim etdi. Bundan tashqari, Rossiyaning havo hujumiga qarshi mudofaa kompleksi, tibbiy va topografik vazifalarni bajarish uchun mo‘ljallangan texnikalar ham yuborildi.

 2019-yilda Rossiya Tojikiston qurolli kuchlariga beg‘araz asosda umumiy qiymati 320 mln rubllik (5 mln dollar) harbiy texnika va qurol-yarog‘lar partiyasini taqdim etdi. Ammo ushbu qurollarning birortasi “asosiy dushman” Tolibonga qarshi ishlatilmadi. Aksincha, bu qurollar qo‘shni mamlakatlar bilan bo‘lgan chegara mojarolarida, xususan, 28-29-30 aprel kunlari tojik hukumatining Rossiya ruxsati va qo‘llovi ostida Qirg‘izistonga nisbatan qilgan harbiy tajovuzida foydalanildi. Rus hukumati chegara mojarosi ortida o‘zi turganini yashirishga harakat ham qilmadi. Shu sababli qirg‘iz hukumati hatto tojik hukumatidan qurolli ziddiyat natijasida ko‘rilgan moddiy zararni qoplab berishni talab qilishga ham jur’at qilmadi.

 Xulosa qilib aytganda, rus hukumatining harbiy bazalarini kuchaytirishi mintaqada o‘z harbiy ishtirokini kuchaytirishga qaratilgan harakatdan boshqa narsa emas.

 Abdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.