“Svet” narxini arzonlatishni va’da qilgan Japarov tarifni o‘zgartirishni taklif qildi

213
0

“Svet” narxini arzonlatishni va’da qilgan Japarov tarifni o‘zgartirishni taklif qildi

 Mamlakat prezidenti Japarov energetika sohasi mutaxassislari bilan yig‘ilish o‘tkazib, sohadagi muammolarni muhokama qildi. Bu haqda Japarov o‘zining “Feysbuk” sahifasida yozdi va so‘zlagan nutqini to‘liq e’lon qildi.

 Japarov o‘z so‘zida energetika tizimi chuqur inqirozda ekanligini ta’kidlab, ushbu sohada olib borilayotgan ishlar, islohotlar va tariflar haqida gapirdi. U vaziyatni yaxshilash uchun shoshilinch choralar ko‘rish zarurligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qirg‘iz energetikasining qarzi 129 milliard somga etgan.

 Sadir Japarov muammoni hal qilish uchun birinchi navbatda elektr energiyasi tariflarini oshirish zarurligini va buning uchun bir necha bosqichli takliflar borligini aytib o‘tdi. Uning ta’kildalishicha, elektrdan foydalanuvchilarni bir necha guruhlarga bo‘lish, narxlar shunga qarab belgilanishi kerak.

 Japarov amaldagi 700 KVt soatlik cheklovni olib tashlash to‘g‘risida ko‘rsatma bergan.

 Davlat rahbari “kam ta’minlangan oilalar uchun 74 tiyin qilib, cheklovni olib tashlash” kerak dedi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Qirg‘izistonda rasman 110 ming kam ta’minlangan oilalar mavjud.

 “Tog‘li va turmush sharoiti og‘ir bo‘lgan olis hududlarga 1 som 04 tiyin qilib belgilab, cheklovni to‘liq olib tashlash bo‘yicha takliflar bor. Yashash sharoiti yaxshi bo‘lgan oilalarga 1 som 48 tiyindan sotish taklif qilinmoqda. Biroq, suv tanqisligi sababli ushbu toifaga qish mavsumida 1000 kVt soatdan oshig‘i uchun 2 som 29 tiyindan bo‘lsin degan takliflar bor. Bu bugungi kundagi elektr energiyasining tan narxi. Xudo xohlasa, suvni to‘ldirib olsak, keyin cheklovni olib tashlaymiz. Ayni paytda suv xajmi ko‘tarila boshladi. Ushbu qadamlarni qo‘yganimizdagina, biz 2025-yilga borib energetik inqirozdan chiqa olamiz”, – dedi Japarov.

 Izoh: Prezident va bosh vazir vazifasini bajaruvchi Sadir Japarov xalq bilan bo‘lgan uchrashuvlarida xalqning undan iltimos qilgan asosiy so‘rovi elektr energiyasidagi cheklovlarni bekor qilish va narxlarni tushirishdan iborat bo‘lgan edi. Japarov Norin viloyatiga bo‘lgan ish safarida mahalliy yashovchilar uchun elektr energiyasidagi cheklovlar 2021 yilning bahor oylarida bekor qilinishini va’da qilgan edi.

 “Bu qishda emas, bahordan boshlab olsa bo‘ladi. Hozir ham bekor qilsak bo‘ladi. Biroq xalq bu xalq. Cheklovlar olindi desa, elektr energiyasini tejagan xalq ko‘mirni tashlab, hammangiz elektr energiyasiga o‘tib ketasizlar. Unda transformatorlarning barchasi yorilib, bazo‘r ishlayotgan elektr simlari kuyib ketadi”, – degan edi Japarov.

 Bahor kelib, kunlar isiy boshlagach, Japarov o‘z va’dasini “bajardi”, ya’ni cheklovlarni olib tashlashni topshirdi, biroq shu bilan bir vaqtda elektr narxini ikki barobar oshirish bo‘yicha taklif kiritdi. Japarov o‘z so‘zida qirg‘iz energetikasining qarzi 129 milliard somga etganini aytib o‘tdi. Biroq, bu qarzdorlik qanday paydo bo‘lganiga urg‘u berib o‘tirmadi. Holbuki, oddiy xalq elektrdan 100-150 som qarz bo‘lsa ham qishning sovuq va izg‘irinli kunlariga qaramay elektrdan uzib ketilayotgan va buning ortidan odamlar vafot etayotgan bo‘lsa. Barchamizga ma’lumki, 2019-yilning 20 fevral kuni Talas viloyati Talas tumani Qora-Suu qishlog‘ida elektr energiyasidan 185 som qarzdor bo‘lgan bir oila ta’minotdan uzib qo‘yilgan edi. Buning oqibatida elektr ta’minotidan uzilgan oila a’zolari uyning o‘rtasiga chelak o‘rnatib, unga isinish uchun o‘t yoqqan. Shundan so‘ng is gazidan zaharlangan ona va uning bir qizi vafot etgan, yana ikki bola esa kasalxonaga yotqizilgan edi. Ushbu qarzdorlik, tarmoqda chuqur ildiz otgan korruptsiya, o‘rtamchilar va elektr uchun haq to‘lamaydigan amaldorlar hisobidan vujudga kelgani shubhasiz.

 Bundan tashqari, Japarov, go‘yoki “marxamat” ko‘rsatib, “kam ta’minlangan oilalar” uchun elektr narxini 74 tiyinga tushirishni taklif qildi. Biroq, kam ta’minlangan oilalar qanday ajratib olinadi va oila o‘zini kam ta’minlangan ekanligini qanday isbot qiladi? Bu ham xuddi bolalar nafaqasini olish uchun bir dunyo qog‘ozbozlik va tekshuruvlardan “eson-omon” o‘ta olganlar uchungina bo‘ladimi? Ma’lumki, oilada bir bosh xayvoni, televizori yoki kir yuvish mashinasi borlar kam ta’minlanmaganlar sifatida baholanib, ularga bola uchun nafaqa puli berilmaydi.

 Qolaversa, Japarov aynan elektr energiyasi narxini arzonlatishni so‘ragan tog‘li va olis hududdagi Norinliklar uchun svet narxini 1 som 04 tiyin qilib belgilashni taklif qildi. Bu esa yoz oylarida shundoq ham 700 KVt soatlik cheklovdan oshiqcha sarflamaydigan aholi uchun narxlarni arzonlatishmi yoki xalqni go‘l sanab ular ustidan kulishmi? “Yashash sharoiti yaxshi bo‘lgan” oilalar uchun esa narxni 1 som 48 tiyin qilib belgilash va buning ustiga 1000 kVt soatlik cheklov qo‘yilishi, oshiqchasi uchun 2 som 29 tiyin narx belgilash esa hozirgiga qaraganda narxni ikki barobar oshirishdan boshqa narsa emas. Bu oilalar ham yoz oylarida 700 KVt soatdan ortiq elektr sarflamasligi kundek ravshan-ku. Qishga borganda esa, suv omborlarida suv kamligini bahona qilib va’da qilingan cheklovlarni bekor qilinmasligi aniq.

 Abdulla Qodiriy “O‘tgan kunlar” romonida Yusufbek hoji tilidan “Yaxshi deb yo‘lida jon berganing Azizbek, bu kun senlarga yaxshiligingni o‘ttiz ikki tanga soliq bilan qaytarmoqchi bo‘ldi” degan edi. Japarov ham o‘zining hokimiyatga erishishida qo‘llab-quvvatlagan, kunlab namoyishlarda yurgan, “dokontsa” deb turib bergan qirg‘iz xalqi yaxshiligini elektr energiyasi narxini ikki barobar oshirish yo‘li bilan qaytarmoqchi. Oziq-ovqat, benzin va boshqa kunlik ehtiyojlar narxining kun sayin oshib borayotgani esa xalq uchun “bonus” bo‘lmoqda.

 Ey Qirg‘iziston xalqi, hokimiyatga kelgunga qadar qo‘ynilaringni puch yong‘oqqa to‘ldirib kelayotgan prezidentlarni almashtirishdan charchamadinglarmi? Shaxslarni emas, amaldagi buzuq kapitalistik-demokratik tuzumni o‘zgartirish vaqti kelmadimi?

 Abdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.