Qimorxonalar ochish to‘g‘risida yana bir qonun loyihasi taklif qilindi

292
0

Qimorxonalar ochish to‘g‘risida yana bir qonun loyihasi taklif qilindi

Qirg‘izistonda qonun loyihasi mualliflari qimor o‘yinlari uchun ma’muriy ixtisoslashgan rayon yaratishni taklif qilib chiqishdi. Ular bunday ko‘ngilochar majmualar yopiq joylarda tashkil etilishi va faqat chet elliklar uchun xizmat ko‘rsatishi haqida aytishmoqda. Hujjat tashabbuskorlari Jo‘g‘orku Kenesh deputatlari Ulug‘bek O‘rmonov, Qaldarbek Baymurotov,  Saidolimjon Jo‘rayev, Beyshenali Nurdinov va Chailoobek Atazovlardir.

Bundan avvalroq, Issiqko‘l viloyatida qimor o‘ynashga ruxsat beruvchi qonun loyihasi ikki deputat tomonidan taqdim etilgan edi. Mazkur loyiha 8 aprel kuni bo‘lib o‘tgan Jo‘g‘orku Kenesh yalpi majlisida muhokama qilinib, ovoz berishga yuborilgan edi.

Qirg‘izistonda qimor o‘yinlari 2012 yilda, bukmeker idoralari esa 2015 yilda taqiqlangan. Shunday bo‘lsada,  aksariyat kazinolar yashirin tarzda yoki boshqa nom ostida faoliyat olib bormoqda.

Bugungi kunda bizga tatbiq qilinayotgan kapitalistik tuzum davlatga va uning fuqarolariga xohlagan tarzda daromad topish imkoniyatini beradi. Jamiyatda ko‘rib turganimizdek, sudxo‘rlik, qimor o‘yinlari va firibgarlik daromad topishning odatiy manbaiga aylangan. Hukumat tomonidan kapitalizm asosida chiqarilgan qonunlar ushbu daromad manbalarining deyarli barchasiga keng yo‘l ochib bergan, qolgan-qutganlari uchun ham “karidor”lar qoldirgan va ushbu “karidor”lar hokimiyat tomonidan himoya qilinadi. Shu sababli, bukmekerlik va lotereya o‘yinlari, firibgarlik, moliyaviy piramidalar va tarmoq marketingi kabi ko‘zbo‘yamachiliklar dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida keng tarqalgan. Bunday qimor o‘yinlaridan ko‘plab odamlar aziyat chekkani va qanchalar oilalar buzilib, boshpanasiz qolgan insonlarga guvoh bo‘lib kelyapmiz. Qonun loyihasini taklif qilayotgan deputatlar buni yaxshi bilishadi. Biroq, ular bir hovuch “tadbirkor”larning manfaatlarini jamiyat manfaatlaridan ustun qo‘yishmoqda. Chunki kazinolar korruptsiya va iqtisodiy jinoyatchilar uchun juda katta ahamiyatga ega. U erlarda poraxo‘r amaldorlarning harom yo‘l bilan qo‘lga kiritgan pullari yuviladi. Keyin, ular poraxo‘rlik yoki boshqa noqonuniy yo‘llar bilan topgan pullarini “qimordan yutib oldi” deya, hujjatlashtirib, hashamatli uylar qurishga kirishadi. Butun dunyodagi kazinolarning asosiy daromad manbai shunga o‘xshash iflos ishlarni bajarib berish bilan rivojlanib bormoqda. Ular har ikki taraf bilan kelishgan holda, pora beruvchidan pul yutib olib, pora oluvchi tomonga o‘tkazib berish orqali poraxo‘rlik jarayonini xavfsiz qilib berishadi. Shuning uchun kazino hukumat amaldorlari uchun korrupsiyani rivojlantirishda juda muhim tarmoqlardan biridir.

Xulosa qilib aytish mumkinki, qimor o‘yinlari jamiyatga zarar etkazish bilan bir qatorda Alloh harom qilgan amallardan biridir.

Alloh Taolo O‘z Kalomida shunday marhamat qiladi:

يَاأَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا إِنَّمَا الْخَمْرُ وَالْمَيْسِرُ وَالْأَنصَابُ وَالْأَزْلَامُ رِجْسٌ مِنْ عَمَلِ الشَّيْطَانِ فَاجْتَنِبُوهُ لَعَلَّكُمْ تُفْلِحُونَ

 Ey mo‘minlar, aroq (mast qiladigan ichkilik ichish), qimor (o‘ynash), butlar (ya’ni ularga sig‘inish) va cho‘plar (ya’ni cho‘plar bilan folbinlik qilish) shayton amalidan bo‘lgan harom ishdir. Bas, najot topishingiz uchun ularning xar biridan uzoq bo‘lingiz! (5:90).

Mumtaz Maveranahriy

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.