Buyuk Ummatning buyuk javobgarliklari

164
0

Buyuk Ummatning buyuk javobgarliklari

Ustoz Xolid Said

Hizb ut-Tahrirning muborak Falastin

zaminidagi matbuot bo‘limi a’zosi

Islomning insoniyat hayoti uchun asos bo‘ladigan mabda sifatidagi o‘ziga xos xususiyati shuki, u shaxs bilan uning ehtiyojlari va shaxsiy talablari o‘rtasini, shuningdek, jamoat qadrining yuksalishi bilan unga mansublikning muhimligi o‘rtasini muvozanatga keltiradi. Islom shaxsning energiyasini jamoat xizmatiga hamda uning birdamligini saqlash va rishtalarini kuchaytirishga bag‘ishlaydi. Islom bu vazifani o‘tar ekan, chegaradan chiqmaydi va kamchilikka yo‘l qo‘ymaydi. Har bir tomon o‘z roli va o‘ziga yuklatilgan vazifasini bajarishini ta’minlash uchun Islom shaxsga ham, jamoaga ham javobgarlik belgilab berdi. Shu darajada belgiladiki, shaxsning vujudi muhofaza qilinib, huquqi poymol etilmaydi va shaxs jamoa doirasida xizmat qiladi. Buning muqobili o‘laroq, jamoa ham bo‘linmaydi, birligi buzilmaydi. Shaxsning egoistligi hamda boylik va obro‘ga o‘chligi qarshisida jamoaning mavjudligi mustahkam saqlanib qoladi. Islomdagi ushbu javobgarliklar, tatbiq qilish, ularni bajarishga bo‘lgan salohiyat va qodirlik jihatidan, uch qismga bo‘linadi:

Shaxs javobgarligi;

Siyosiy jamoalar javobgarligi;

Davlat javobgarligi.

Islomdagi javobgarlik shaklini quyidagicha o‘rganib chiqish mumkin:

Boshqalarning ishlarini boshqarish:

Abdulloh ibn Umar bunday deydi: Men Rosululloh ning bunday deganlarini eshitgandim:

«كُلُّكُمْ رَاعٍ وَكُلُّكُمْ مَسْؤول عَنْ رَعِيَّتِهِ، الإِمَامُ رَاعٍ وَمَسْؤولٌ عَنْ رَعِيَّتِهِ، وَالرَّجُلُ رَاعٍ فِي أَهْلِهِ وَهُوَ مَسْؤولٌ عَنْ رَعِيَّتِهِ، وَالْمَرْأَةُ رَاعِيَةٌ فِي بَيْتِ زَوْجِهَا وَمَسْؤولَةٌ عَنْ رَعِيَّتِهَا، وَالْخَادِمُ رَاعٍ فِي مَالِ سَيِّدِهِ ومَسْؤولٌ عَنْ رَعِيَّتِهِ، – قَالَ: وَحَسِبْتُ أَنْ قَدْ قَالَ: وَالرَّجُلُ رَاعٍ فِي مَالِ أَبِيهِ وَمَسْؤولٌ عَنْ رَعِيَّتِهِ – وَكُلُّكُمْ رَاعٍ وَمَسْؤولٌ عَنْ رَعِيَّتِهِ»

«Har biringiz boshqaruvchisiz va har biringiz qo‘li ostidagilardan javobgardir. Imom-xalifa boshqaruvchidir va qo‘l ostidagilardan javobgardir. Erkak kishi boshqaruvchidir va ahli-oilasidagilardan javobgardir. Ayol kishi erining uyida boshqaruvchidir va qo‘l ostidagilardan javobgardir. Xizmatkor xo‘jayini molini boshqaruvchidir va qo‘l ostidagi narsalardan javobgardir. Men sanab turdim, oxiri bunday dedilar: Erkak kishi otasining molini boshqaruvchidir va qo‘l ostidagilardan javobgardir. Har biringiz boshqaruvchisisiz va qo‘l ostingizdagi narsalardan javobgarsiz». (Buxoriy va Muslim rivoyati).

Shar’iy ahkomlar tabiatini e’tiborga olganda, ular hayot sohalarining har xilligiga qarab turlanadi va bir-biridan farq qiladi. Shaxsning kuch-quvvati, salohiyati va o‘z atrofidagilarga ta’siri qanchalik kuchli bo‘lmasin, ahkomlarni tatbiq qila olishi o‘ziga, qaramog‘idagi oilasiga, turmush-o‘rtog‘i va farzandlariga taalluqli ahkomlarni tatbiq qilish bo‘lib qolaveradi. Aqida, ibodatlar, muomala va axloqqa taalluqli ahkomlar Islomdagi ahkomlarning beshdan biri, xolos, undan nariga o‘tmaydi. Ahkomlarning qolgan to‘rt qismi esa, hayotda tatbiq qilish va vujudga keltirish bo‘yicha xalifaga bog‘liq. Ya’ni, insonlarning diniy va dunyoviy ishlarini boshqaruvchi davlatga bog‘liq. Shuning uchun ham ulamolarimiz davlatning bo‘lishini eng birinchi vazifalar darajasiga va farzlarning gultojisi martabasiga ko‘targanlari bejiz emas. Bu haqda Ibn Taymiya rohimahulloh bunday degan: «Shuni bilmoq kerakki, insonlar ishiga valiylik-boshliqlik qilmoq dinning eng buyuk vazifalaridandir. Hatto boshliq bo‘lmasa, na din qoim bo‘ladi, na dunyo».

Nasihat qilish, hisob so‘rash, ma’rufga buyurib, munkardan qaytarish javobgarligi:

Ushbu javobgarlik jamiyatning har doim to‘g‘ri turishi va manfaatining kafolatidir. Qachon musulmonlar bu javobgarlikni ado etishda qusurga yo‘l qo‘ysalar, buzilishga uchraydilar, qadriyatlari va turmush tarzlariga zaiflik etadi, barqarorliklari darz ketib, Ummat sifatida borliqlari va taqdirlari tahdid ostida qoladi. Abu Said Xudriy rivoyat qiladi: «Men Rosululloh ﷺning bunday deganlarini eshitgandim:

«مَنْ رَأَى مِنْكُمْ مُنْكَرًا فَلْيُغَيِّرْهُ بِيَدِهِ، فَإِنْ لَمْ يَسْتَطِعْ فَبِلِسَانِهِ، فَإِنْ لَمْ يَسْتَطِعْ فَبِقَلْبِهِ وَذَلِكَ أَضْعَفُ الْإِيمَانِ»

«Sizlardan kimda-kim munkarni ko‘rsa, qo‘li bilan qaytarsin. Agar qodir bo‘lmasa, tili bilan. Agar unga ham qodir bo‘lmasa qalbi bilan qaytarsin. Ammo bu imonning eng zaifidir».

Bu musulmonlarning erkagu ayollardan iborat har bir shaxsiga taalluqli buyruqdir. Ma’rufga buyurib, munkardan qaytarish ishlarining eng muhimi va Alloh Taolo nazdida eng ajrligi ham bor. Ular sultondan hisob so‘ramoq va uning Alloh shariatiga naqadar amal qilib, naqadar tatbiq etishini va fuqaro ishlarini naqadar boshqarishini kuzatmoqdir. Jobir roziyallohu anhudan Rosululloh ﷺning bunday marhamat qilganlari rivoyat qilinadi:

«سَيِّدُ الشُّهَدَاءِ حَمْزَةُ بْنُ عَبْدِ الْمُطَّلِبِ، وَرَجُلٌ قَامَ إلَى إمَامٍ جَائِرٍ فَأَمَرَهُ وَنَهَاهُ، فَقَتَلَهُ»

«Shahidlar sayyidi Hamza ibn Abdulmuttalibdir. Shuningdek, zolim hukmdorga qarshi chiqib, uni ma’rufga buyurgan va munkardan qaytargan, oqibatda o‘sha hukmdor uni qatl qilgan kishidir». Huzayfa roziyallohu anhudan Rosululloh ﷺning bunday deganlari rivoyat qilinadi:

«وَالَّذِي نَفْسِي بِيَدِهِ، لَتَأْمُرُنَّ بِالْمَعْرُوفِ، وَلَتَنْهَوُنَّ عَنْ الْمُنْكَرِ، أَوْ لَيُوشِكَنَّ اللَّهُ أَنْ يَبْعَثَ عَلَيْكُمْ عِقَاباً مِنْهُ، ثُمَّ تَدْعُونَهُ فَلَا يُسْتَجَابُ لَكُمْ»

«Jonim qo‘lida bo‘lgan zotga qasamki, silar albatta ma’rufga buyurib, munkardan qaytarasizlar. Aks holda, Alloh o‘zi tomonidan shunday bir jazo yuboradiki, keyin Unga duo qilsangiz, duongiz ijobat bo‘lmay qoladi». (Imom Termiziy rivoyati).

Hokimiyatning haqiqiy egasi Ummatdir. Ummat o‘z ishiga boshchilik qilishi va dinu dunyoviy ishlarini boshqarishi uchun rozi bo‘lgan bir hukmdorni saylash huquqiga egadir. Shuning uchun bugungi kunda Ummat o‘zgartirish va rivojlanish yo‘lida harakat qilayotgan ekan, uning zimmasiga ushbu vazifalar tushgan: musulmon yurtlaridagi hukmron rejimlarni ag‘darib, zolimlar boshqaruviga yakun yasash orqali hokimiyatini qaytarib olmoq, Parvardigorining dinini barpo etib, shariatini tatbiq qilmoq, dini va taqvosiga ishongan bir insonga, ya’ni, uni buguniyu ertasini xavfsizlik bilan ta’minlaydigan, bu borada Allohga itoat qiladigan va uni Islom bilan haq-rost boshqaradigan taqvoli halol bir xalifaga o‘zining ustidan hukm yuritish vazifasini topshirmoq kabi.

Davlat va jamiyat katta va murakkab vujud hisoblangani bois, uning muqobilida vujud yoki vujudlarni yaratish shart bo‘ladi. Bu vujudlar ulug‘ javobgarliklarni ko‘tarishga va qarshi turishga, hisob so‘rashga, ma’rufga buyurib, munkardan qaytarishga qodir vujudlardir. Ular davlat va jamiyatning xavfsizlik klapani bo‘lib, toyilish, yiqilish va mabdadan ozishdan saqlovchi siyosiy hizblardir. Chunki shaxs qanchalar kuchli bo‘lmasin va qanchalar ta’sir o‘tkaza olmasin, u albatta cheklidir. Shu sababdan Islom musulmonlarga oralarida shunday bir jamoa va siyosiy hizblar bo‘lishini buyurdiki, ular o‘ziga Islomni mabda qilib, siyosatni faoliyatlari qilib olsinlar va Islomga da’vat qilsinlar. Shuningdek, ma’rufga buyurib, munkardan qaytarsinlar, jamiyatning hissi va fikriga tayanch bo‘lishga har doim hushyor va ogoh bo‘lsinlar, bularning barini Alloh Taoloning ushbu kalomiga javoban amalga oshirsinlar:

وَلْتَكُن مِّنكُمْ أُمَّةٌ يَدْعُونَ إِلَى الْخَيْرِ وَيَأْمُرُونَ بِالْمَعْرُوفِ وَيَنْهَوْنَ عَنِ الْمُنكَرِ وَأُولَٰئِكَ هُمُ الْمُفْلِحُونَ

«Orangizdan ezgulikka (Islomga) da’vat qiladigan, ma’rufga buyurib, munkardan qaytaradigan bir jamoa bo‘lsin, ana o‘shalar zafar topguvchidirlar»  [Oli Imron 104]

Islomni etkazish va ummatlar ustida guvoh bo‘lish:

Ummat zimmasiga yuklangan javobgarliklardan biri Islomni insonlarga ko‘tarib chiqib, risolatini etkazish, ularni yaxshilik va nurga etaklab, qiyomat kuni barchalari ustida guvoh bo‘lishdir. Haq Taboraka va Taolo bunday deydi:

وَكَذَلِكَ جَعَلْنَاكُمْ أُمَّةً وَسَطاً لِّتَكُونُوا شُهَدَاءَ عَلَى النَّاسِ وَيَكُونَ الرَّسُولُ عَلَيْكُمْ شَهِيداً

Shuningdek, sizlarni boshqa odamlar ustida guvoh bo‘lishingiz va payg‘ambar sizlarning ustingizda guvoh bo‘lishi uchun adolatli Ummat qildik» [Baqara 143]

Ushbu buyuk vazifani, ya’ni, guvohlik berish, omonatni loyig‘icha ado etib, uni ro‘yobga chiqarish vazifasini bajarmoq uchun Islomni so‘zda va amalda tatbiq qilmoq shart. Tatbiq qilmoq uchun esa Islom ahkomlarini hayot voqeida gavdalantiradigan davlat kerak. Ma’rufga buyurib, munkardan qaytarish Ummatning Alloh istagandek eng yaxshi Ummatlik martabasiga olib chiquvchi darvozadir.

كُنتُمْ خَيْرَ أُمَّةٍ أُخْرِجَتْ لِلنَّاسِ تَأْمُرُونَ بِالْمَعْرُوفِ وَتَنْهَوْنَ عَنِ الْمُنكَرِ وَتُؤْمِنُونَ بِاللَّهِ

«(Ey ummati Muhammad), odamlar uchun chiqarilgan eng yaxshi Ummat bo‘ldingiz. Zero, siz ma’rufga buyurib, munkardan qaytarasiz va Allohga imon keltirasiz» [Oli Imron 110]

Islom Ummati zimmasiga mana shunday javobgarliklar tushganini, Islom ahkomlarini tatbiq etmayotganini, bo‘linish va tarqoqlik holatida ekanini ko‘rib, Hizb ut-Tahrir vujudga keldi. Hizb ut-Tahrirning vujudga kelishi Allohning buyrug‘ini bajarish va farzni ado etish uchun bo‘ldi. U Allohga hamda Allohning o‘z do‘stlariga nusrat va g‘oliblikni va’da qilganiga bo‘lgan imon bilan qurollandi. Hizb Payg‘ambarlik minhoji asosidagi ikkinchi roshid Xalifalikni barpo etish orqali islomiy hayotni qayta boshlash vazifasini zimmasiga oldi. Hizb ut-Tahrir buning uchun tayyorgarlik ko‘rib, davlatga asos bo‘luvchi dastur, boshqaruv nizomi, iqtisod nizomi, ijtimo nizomi, ta’lim, sog‘liqni saqlash va axborot tizimi kabi davlatning turli nizomlarini ishlab chiqdi. Ushbu ishlab chiqqan narsalarni kitoblarda bitib, Ummat farzandlari orasiga turli tillarda tarqatdi. Bugun ular Ummat farzandlari o‘rtasida muomala qilinmoqda, o‘qib o‘rganilmoqda. Hizb o‘z safiga Ummatning abror axyor farzandlarini jamladi. Ular ushbu vazifani Allohning roziligini umid qilib, malomatchining malomatidan qo‘rqmay, siyosiy kishilar va davlat arboblari sifatida ado etmoqdalar. Ularga bu ishda ulug‘ olim Ato ibn Xalil Abu Roshta donolik va iqtidor ila etakchilik qilmoqda.

Ey musulmonlar!

Islomning tatbiqisiz o‘tgan yuz yil kifoya emasmi?! Yuz yillik bo‘linish, parchalanish va xorlik etarli emasmi?! Mustamlakachi kofirning yuz yil hukmronlik qilgani etmaydimi?! Mustamlakachi kofir yasagan qo‘g‘irchoq ruvaybizalarning yuz yillik hukmronligi kifoya qilmaydimi?! Bas, ey insonlar uchun chiqarilgan eng yaxshi Ummat, biz sizni dunyoyu oxirat azizligiga, ummatlar o‘rtasida markaziy o‘rinni egallashga, kasallikka davo, mazlumga yordamchi, bechoraga chora bo‘lishingizga da’vat qilmoqdamiz. Sizlarni adolat mezonini o‘rnatishga, butun olamga nur, hidoyat va rahmat ulashishga chaqiramiz. Ey musulmonlar, bas, Payg‘ambarlik minhoji asosidagi roshid Xalifalikni barpo qilinglar.

Roya gazetasining 2021 yil 10 mart chorshanba kungi 329-sonidan

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.