Sanog‘i ko‘p… tashriflar haqida

0
380

Sanog‘i ko‘p… tashriflar haqida

 Oxirgi kunlarda prezident bosh bo‘lgan hukumat vakillarining ko‘plab xorijiy safarlariga guvoh bo‘ldik. Quyida bu safarlardan ko‘zlangan maqsad va ularning ortiga yashiringan ba’zi omillar haqida so‘z yuritamiz.

 Rossiyaga amalga oshirilgan tashrif

 Qirg‘iziston Rossiyaning bevosita mustamlakasi bo‘lgani sababli, Qirg‘izistonning har bir yangi hokimiyati u bilan munosabatlarini o‘z faoliyatini asosi qilib oladi. Sadir Japarovning Rossiyaga amalga oshirgan tashrifidan ko‘zlagan maqsadi ham shunday bo‘ldi. Ko‘pchilik ushbu tashrif haqida “tanishuv safari” bo‘ldi deyishmoqda. Bu juda yuzaki va odamlarni haqiqatdan chalg‘ituvchi fikrdir.

 Ma’lumki, 2019-yili Putin boshchiligidagi delegatsiya Qirg‘izistonga davlat tashrifini amalga oshirgan edi (davlat tashrifi boshqa tashriflarning barchasidan yuqori turadi). Ana shunda ko‘palab ochiq va mahfiy bitimlar tuzilib, siyosiy jihatdan Qirg‘iziston Rossiyaning O‘rta Osiyodagi mustamlakachilik siyosatining tayanch bazasiga aylangan (masalan, 2020-yilning 7-8-fevralida Rossiya Qirg‘izistondan turib Qozog‘istonda millatlararo mojaro chiqarib qozoq hukumatiga muammolar tug‘dira oldi). Iqtisodiy jihatdan barcha tabiiy boyliklarni Rossiya egallab olib, undan ortgani Rossiya ruxsati bilan boshqalarga beriladigan bo‘ldi. Bunga qadar Atambaevning ba’zi “aylanib o‘tish” tadbirlari bekor qilinib, Jeenbekov “to‘liq itoat qilish” strategiyasini qabul qildi. Biroq, ularni ijro etishda oqsoqlanib, Putinning g‘azabiga duchor ham bo‘lgan edi. Masalan, g‘arbparastlarga qarshi keskin choralar ko‘rishga jur’at qila olmadi… Qizil-Ompol uran konidagi rus kompaniyalari ishi to‘xtatildi… va boshqalar. Sadir Japarov esa eks-prezident imzolagan shartnomalarni davom ettirish va ularni yaxshilab bajarishni va’da berib keldi. Ya’ni, avvalgi strategiya Qirg‘iziston Rossiya siyosati uchun yana asos bo‘lib qoldi.  

 Shuning uchun ham Sadir Japarov “Rossiyskaya gazetaga” bergan interьvyusida, mamlakatda tog‘-kon sohasida islohotlar amalga oshirilishini, bu soha bo‘yicha davlat kompaniyasi tashkil etilishini, ammo bu avvaldan litsinziyaga ega bo‘lganlarga taalluqli emasligini aytdi. Bu avvaldan litsenziyaga ega bo‘lgan xorijiy investorlar (xususan Rossiya, undan keyin Xitoy kompaniyalari) avvalgi bitimlar bo‘yicha ishini davom ettiraveradi degani. Ularni amalga oshirilishining birinchi isbati sifatida biz Jeruydagi zavod ochilganiga guvoh bo‘ldik.

 Bundan tashqari, Qirg‘iziston uchun ba’zi muhim masalalar ochiq va muallaq holda qolganligini ko‘rmoqdamiz. Masalan, gaz narxini arzonlatish masalasi xal etilgani yo‘q. Shuningdek, Yuqori Norin GESi kaskadini qurish bo‘yicha masala ham ochiq qoldi. Aslida, Yuqori Norin kaskadini qurilishida Qirg‘iziston xalqi manfaatlari ko‘zlangan emas. AQSh va G‘arb imperialistlari O‘rta Osiyoni Rossiya mustamlakasidan tortib olish strategiyasi doirasida bir nechta iqtisodiy loyihalarni ishlab chiqdilar. Ulardan biri CASA-1000. Bu loyihadan Qirg‘iziston va Tojikistondan Afg‘oniston va Pokistonga elektr energiyasini eksport qilish maqsadi ko‘zlangan. Bunday eksport amalga oshishi uchun yangi GESlar qurilishi kerak. Bu loyiha AQSh manfaatlariga xizmat qilmasligi uchun Rossiya ularni nazorat qilishi kerak bo‘ladi. Boshqacha aytganda, Rossiya egalik qilishi, narxni Rossiya belgilashi, tushgan foydani Rossiya olishi kerak. Shu sababli Rusgidro Yuqorin Norin GES kaskadlarini egallab oldi. Atambaevning undan qutulish harkatlaridan natija chiqmadi. Agar Qirg‘iziston endi Rossiyaning ruxsatisiz boshqa investorga bermoqchi bo‘lsa, u hoda Rossiya ulkan jarimaga tortadi va shu orqali boshqa investorga o‘tkaza olmaydi.

 Endi, Rossiyani Qirg‘izistonga qurol-yaroq va’da qilishiga kelsak, bu Tojikistonni EOIIga majburlab olib kirish doirasida bo‘lmoqda. Ya’ni, Qirg‘iziston Rossiya bergan qurollar bilan faqatgina Tojikistonga ovozini ko‘tarishi mumkin va bu qurollar vositasida – Rossiya xohlagan vaqtda – Tojikiston uchun chegara muammolarini paydo qilishi mumkin.

 Prezidentning Qozog‘istonga bo‘lgan tashrifi

 Qozog‘iston ham Qirg‘iziston kabi mustamlakachilarga tobe davlat. Farqi, qozoq hukumati mintaqada etakchi bo‘lishga harakat qilib keladi. Uni bunga AQSh bosh bo‘lgan G‘arb imperialistlari undab kelishadi. Shu orqali ular Rossiyaga qarshi tura oladigan, Rossiya mustamlakasi ostidagi O‘rta Osiyo mamlakatlarini undan uzoqlashtirishi mumkin bo‘lgan bir davlat qilishni ko‘zlashadi. Biroq, Rossiya uni mintaqada etakchi bo‘lishiga imkon bermay keladi.

 Qirg‘iziston prezidentining Qozog‘istonga bo‘lgan safarida avvalgi holatdan farq qiladigan hech qanday qaror qabul qilingani yo‘q. Aslida, hozir Qirg‘iziston uchun Qozog‘iston bilan bo‘lgan munosabatda 2 muhim nuqta mavjud. Birinchisi, YoMM (yonuvchi-moylash materiallari) masalasi bo‘lsa, ikkinchisi, tranzit masalasi. Qirg‘izistonni Rossiyaga eng ko‘p qaram qilayotgan narsalardan biri – Qirg‘iziston YoMMni Rossiyadan import qilishidir. Qozog‘istonda esa orzon YoMM to‘lib yotipti. Biroq shunga qaramay – standartlar bahonasi bilan – Qozog‘istonning o‘zi ham Rossiyadan YoMM import qiladi. Agar Qirg‘iziston Qozog‘istondan arzon YoMM import qila olganida, mamlakatda bir qator engilliklar bo‘lar edi. Biroq, Qirg‘iziston va Qozog‘iston hukumatlarining bunga siyosiy erklari etmaydi. Bu safargi tashrif davomida ham ushub masala bo‘yicha biror bir qarorga kelinmadi. Ikkinchidan, Qirg‘iziston Qozog‘iston orqali Rossiyaga chiqishda har doim chegara to‘siqlariga duch keladi. Ya’ni, Qozog‘iston hukumati Rossiyadan ko‘rgan xo‘rlik alamini Qirg‘izistondan oladi. Rossiyaning o‘ziga bevosita qarshi chiqa olmaydi. Uning mustamlakachiligiga, masalan, EOII tashkiloti faoliyatiga mana shu yo‘l bilan qarshi chiqadi. Rossiya esa, qachonki zarurat tug‘ulmaguncha bunga ko‘z yumib turadi. Chunki, ushbu mamlakatlar o‘rtasidagi ziddiyat uning mustamlakachilik siyosatiga xizmat qiladi. Qirg‘iziston prezidentining bu safargi tashrifida ham – ba’zi protokollik tadbirlar tadbirlar o‘tgani bilan – tranzit masalasi shu holicha qoldi. 

 Prezidentning O‘zbekistonga bo‘lgan tashrifi

 O‘zbekiston ham Qirg‘iziston kabi mustamlakachilarga qaram davlat. Shu sababli uni o‘zi mustaqil tashqi siyosat yurita oladi deb aytib bo‘lmaydi. Faqat imperialistik kuchlarning mustamlakachilik nizolarida unga mintaqaviy etakchi maqomini berish imkoniyatlari bor. AQSh boshchiligidagi G‘arb imperialistlari O‘rta Osiyoni Rossiyadan tortib olish uchun bir nechta xalqaro tashkilotlar va xalqaro loyihalar tuzishgan. Ularning rejasi amalga oshishida O‘zbekiston muhim ahamiyatga ega. O‘rta Osiyo respublikalarida o‘zaro integratsiyani kuchaytirish mana shu loyiha doirasida olib boriladi.

 Ushbu loyiha doirasida O‘zbekiston hukumati chegara muammolaridan uzoqroq bo‘lishni ko‘zlaydi. Rossiyaning chegara mojarolaridan foydalanib KXShT orqali muammolar yaratishidan qochadi. Bunga Qirg‘iziston hukumatining ham moyilligi bor. Chunki, chegara masalalarini yo‘q bo‘lishi har ikki davlat fuqarolariga birdek yoqadi, sababi, bunday ko‘rinish turmushda engilliklar paydo qiladi. Shuning uchun chegara masalalarini xal etish xalqning hokimiyatga nisbatan ishonchini orttiradi. Biroq, hozirgi harakatlar chegara muammolarini butunlay xal qila olmaydi. Chunki, ularning “kaliti” mustamlakachilar qo‘lida. Masalan, bu safargi chegara masalasida erishilgan engilliklarga nisbatan mustamlakachilarning boshqa bir malaylari tomonidan ishonchsizlik keltirib chiqarishga qaratilgan kuchli urinishlarni ko‘rdik.

 O‘zbekistonni GESlar qurulishida investorlik qilishiga kelsak, bu ham Rossiya changalidan qutulishga bo‘lgan harakatlar jumlasidandir. Biroq, Rossiya bunga qarshi darhol reaktsiya ko‘rsatmadi. Chunki, O‘zbekiston yolg‘iz o‘zi Qambarota-2 GESiga investorlik qila olmaydi. Loyiha ishga tushganidan keyin ham yana boshqa bir investorni jalb qilish ehtiyoji tug‘iladi. U shunda G‘arb kompaniyalarini jalb qilishni ko‘zlaydi. Biroq, agar Rossiya qudratini yo‘qotmasa, u o‘z kompaniyasini olib kiradi va loyihadagi bosh rolni egallaydi, aks holda loyihani to‘xtatib qo‘yadi. O‘zbekiston va Qirg‘iziston hukumati Rossiyaning zaiflashishidan umidvor.

 Qirg‘iziston delegatsiyasining Tojikstonga bo‘lgan tashrifi

 Safar oldidan MXDQ raisi Tojikistonga qattiq talablar qo‘yishi borasida bayonot berdi. Talablar qatorida Tojikistonga Qirg‘iziston orqali kirib borayotgan YoMM kontrabandasi va Qirg‘iziston orqali Xitoy tovarlariga taqiq qo‘yilishi aytildi. Chegaradagi ba’zi qishloqlar kontrabanda orqali tirikchilik o‘tkazayotganiga qaramay, ularga taqiq qo‘yilishi, qonuniy yo‘lga qaytilishi bildirildi. Bu – qonunlar orqali to‘siq paydo qilinadi degani. Aslida, bu Rossiyaning Tojikistonni EOII tashkilotiga majburan olib kirish uchun amalga oshirilmoqda. Sababi, Tojikiston EOIIga kirgan Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Armaniston davlatlari qanday qiyinchiliklarga duchor bo‘layotganini ko‘rib tashkilotga a’zo bo‘lishdan qochib kelmoqda. Rossiya esa uni turli choralar bilan qiynab tashkilotga olib kirish harakatida. Bunga qadar Qirg‘iziston Rossiyadan kelgan va Qozog‘istondan konrtabanda yo‘li bilan impor qilingan YoMMni Tojikistonga kontrabanda yo‘li bilan eksprot qilar edi. Mana endi hozir guvohi bo‘lib turganimizdek, bunga to‘siq paydo bo‘lishi bilan Tojikistonda YoMM narxi o‘ta ko‘tarilib ketdi. Delegatsiya bu masalani echishga yaqin ham borgani yo‘q. Demak, vaziyat shunday davom etadigan bo‘lsa tojik hukumati Rossiya hukumati oldida tiz cho‘kishi kerak bo‘ladi. Aks holda, xalq noroziligi Tojikiston hukumatiga tahdid tug‘diradigan darajaga etadi. 

 Bu sanog‘i ko‘p, sifati gumon bo‘lgan tashriflarning ba’zi jihatlari haqida edi. Ko‘rinib turganidek, mintaqa aholisi imperialistlarning mustamlaka talashishlari va ularning malaylarining toj-taxtlarini saqlab qolish amallari ostida ezilib kelmoqda. Musulmonlar uchun bunday zulmlardan qutulishning birgina yo‘li bor. Bu – butun dunyo musulmonlarini birlashtiradigan Xalifalik davlatini barpo etishdan iborat. Xalifalik davlati Islomni hayotga tatbiq qilib, da’vatni butun olamga yoyadi.

 Abdulhakiym Qoraxoniy

Izohlar yo'q