Qirg‘izistonning yirik ob’ektlari Xitoyga o‘tib ketishi mumkin

0
275

Qirg‘izistonning yirik ob’ektlari Xitoyga o‘tib ketishi mumkin

 Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning matbuot xizmati uning mamlakat davlat qarzini to‘lamagan taqdirda, ko‘plab ob’ektlarini qo‘ldan boy berishi mumkinligi to‘g‘risidagi bayonotiga izoh berdi.

 Avvalroq Sadir Japarov axborot agentliklaridan biriga bergan intervьyusida sobiq davlat rahbari Almazbek Atambaev davlat qarzi bo‘yicha bitimlar imzolagani, ular tufayli Qirg‘iziston ko‘plab ob’ektlaridan mahrum bo‘lishi mumkinligini ma’lum qilgandi.

Davlat rahbari matbuot xizmati gap aynan qaysi ob’ektlar va kredit bitimlari haqidagi gap borayotganiga oydinlik kiritmagan.

 “Atambaev davrida ko‘plab tashqi kreditlar olingan, jumladan, Xitoy va boshqa mamlakatlardan. Bugungi kunda ikki tomonlama imzolangan o‘sha alohida shartnomalarni bajarmasak, kreditni to‘lamasak, ob’ektlar qarz bergan tomonga o‘tib ketishi mumkin. Bu juda yirik ob’ektlar. Prezident qiyinchiliklarga qaramasdan mablag‘ topilishiga, kreditlar o‘z vaqtida to‘lanishiga, ob’ektlar esa hech kimga berilmasligiga umid bildirdi”, – dedi prezidentning matbuot kotibi Galina Bayterek “Sputnik” muxbirining savoliga javob berayotib.

 Izoh: Moliya vazirligi e’lon qilgan hisobotda 2020-yil 31-dekabr holatiga ko‘ra, Qirg‘izistonning umumiy qarzi 5 milliard dollar (4 mlrd. 928,67 million)ga yaqinlashib qolgan. Eng ko‘p qarz Xitoydan olingan bo‘lib, bu tashqi qarzning 41,8%ini tashkil etadi. So‘ngi 12 yilda Qirg‘izistonning Xitoy oldidagi davlat qarzi 200 barobar o‘sdi. Bugungi kunda Qirg‘izistonning Xitoydan olgan qarzi 1 milliard 782 million dollarni tashkil etmoqda. Qirg‘iz rasmiylari Xitoydan qarzni to‘lash muddatini kechiktirishni iltimos qilgan holda undan yana qarz so‘rab kelishmoqda. Qirg‘iziston hukumati o‘tgan yillar mobaynida faqat olingan qarzlarning foizini to‘lab keldi. Yangi, 2021-yildan boshlab qo‘shimcha foiz bilan birga olingan qarzlarning tanini qaytarishni ham boshlashi zarur.

 Avval ham aytib o‘tganimizdek, Xitoy hukumati bergan qarz evaziga qarzdor davlatlarning erlari, kon boyliklar va portlarini tortib olgan. Bunga Tojikistonning Tog‘li Badaxshonidagi qazilma boyliklar serob erlari, Keniyaning Mambos porti, Zambiya davlati to‘lig‘icha Xitoy boshqaruviga o‘tgani, Shri-Lanka Xambantota yirik porti aktsiyalarining 70 foizini 99 yilga xitoy kompaniyasi boshqaruviga o‘tkazib bergani misol bo‘la oladi…

 Qirg‘iziston rasmiylari qarz evaziga Xitoy nima talab qilayotganini rasman ma’lum qilmayotgan bo‘lishsada, Japarov prezidentlik saylovi arafasida Norin viloyatiga qilgan safari vaqtida viloyatdagi Jetim-Too temir koni xorijiy davlatlarga berilmasligini aytgan edi. Demak, Xitoy hukumati qarz evaziga Jetim-Too konini berishni talab qilyapti. Albatta, qirg‘iz rasmiylari kon yoki boshqa yirik ob’ektlarni berayotgan vaqtda “biz butunlay berib yuborayotganimiz yo‘q. 50 yoki 99 yilga ijaraga beryapmiz” deyishlar mumkin. Ammo, bu vaqt davomida kondan biror narsa qolish yoki qolmasligi ularni qiziqtirmaydi. Qolaversa, tuziladigan shartnomada bu muddatni uzaytirish bandi ham qo‘shib qo‘yilishi ehtimoldan uzoq emas. Xuddi, 2017-yili Rossiya harbiy bazalarini Qirg‘izistonda qolish muddati uzaytirilgani kabi. O‘sha vaqtda Rossiyaning to‘rt harbiy ob’ekti – Qant aviabazasi, Issiqko‘ldagi sinov bazasi, seysmostantsiya va RF HDF (harbiy-dengiz floti)ning uzoq aloqa tarmog‘i avvalgi o‘rinlarida qolgan. Mazkur kelishuv 15 yil davomida amalda bo‘lishi belgilangan, shu bilan birga tomonlardan biri uni to‘xtatishga qaror qilgunga qadar avtomatik ravishda 5 yil muddatga uzaytirilshi belgilab qo‘yilgan edi.

 Mustamlakachi davlatlar bosib, egallab olgan erlarini hech qachon o‘z ixtiyorlari bilan tashlab chiqib ketishmaydi. Ularni faqat o‘zidan qudratli bo‘lgan boshqa bir kuchgina majburlab chiqarib yubora oladi. Qirg‘iziston xalqi uchun ushbu najotkor kuch kim bo‘lishi mumkin? Bir fikrlab ko‘ringlar!!!

 Abdurahmon Odilov

Izohlar yo'q