Muftiyot atrofidagi shov-shuvli xodisalar to‘g‘risida

0
362

Muftiyot atrofidagi shov-shuvli xodisalar to‘g‘risida

 Muftiyot bu – mustamlakachilarning musulmon yurtlarini bosib olganidan keyin, dinga e’tiqod qilganlarni mustamlakachilarga itoat qildirish, din nomidan mustamlakachilar manfaatlariga mos keluvchi fatvolar chiqarish, musulmonlar yana qayta Islom asosida uyg‘onmasliklari uchun ularni sof dinidan chalg‘itish maqsadida tuzilgan tashkilotdir. Rossiya O‘rta Osiyo musulmonlarining bevosita mustamlakachisi bo‘lgani sababli, undagi muftiyot tarixiga qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.

 Rossiyadagi birinchi muftiyot imperatritsa Ekaterina II davrida tashkil etilgan. “Orenburgskoe magometanskoe duxovnoe sobranie” deb atalgan. Bundan tashqari, Sovetlar davlati o‘rnatilgunga qadar Rossiyada “Zakavkazskie musulьmanskie duxovnыe pravleniya”, “Tavricheskoe magometanskoe duxovnoe upravlenie” tashkilotlari faoliyat olib borgan. Ular chor Rossiyasi manfaatlari uchun xizmat qilishgan.

 SSSRning raqibi bo‘lgan G‘arbiy lagerning “diniy e’tiqod erkinligi” g‘oyaviy hujumlari bosimi ostida SSSRda 1943-yili “O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi” (Duxovnoe upravlenie musulьman Sredney Azii i Kazaxstana), 1944-yili “Kavkazorti musulmonlari diniy boshqarmasi” (Duxovnoe upravlenie musulьman Zakavkazьya) tashkil etildi. Ular Sovetlar Ittifoqining diniy siyosatiga xizmat qilishgan. Ittifoq qulaganidan keyin, sohta “mustaqillik” olgan respublikalar o‘z muftiyotlarini tuzib olishdi. Ular “dunyoviy davlat” g‘oyasi va mintaqada paydo bo‘lgan davlatchalar manfaatlariga xizmat qilishdi. “Qirg‘iziston musulmonlari diniy idorasi” ushbu zanjirning bir uchidir.

 Hozir Rossiya o‘z mustamlakalarida musulmonlarga nisbatan “an’anaviy islom” siyosatini qo‘llamoqda. G‘arb ham bunga hozircha rozi bo‘lib turipti. Chunki, qachonki musulmonlar siyosiy aralashuv bosqichiga etganda, G‘arb “mo‘’tadil islom” g‘oyasidan foydalangan holda ularni demokratik siyosatga aralashtirib, islomiy siyosatdan chalg‘itadi. Unga qadar “an’anaviy islom”da ushlab turishni istaydi. Muftiyotga “an’anaviy islom”ni yuklaydi. Bu qolipga tushmaganlar va muftiyot tarafdorlari o‘rtasida mazhabparastlik mojarolarini keltirib chiqaradi.

 Jeenbekov davrida davlat va muftiyot tomonidan – ba’zi bayonotlarni hisobga olmaganda – mazhabparastlik nizolari keltirib chiqarishga urinish bo‘lmadi hisob (bu o‘rinda faqat shu ish nazarda tutilmoqda). Bu o‘rinda “fosiqlikdan ko‘ra ojizlikni” tanlagani ko‘rindi, albatta, bu ularnig obro‘si va oxirati uchun yaxshiroq bo‘ldi. Bugunga kelib davlat va muftiyotda nima bo‘lyapti?..

 Ma’lumki, Qirg‘izistondagi diniy vaziyat FXX (FSB)ning bevosita nazorati ostida. G‘arb esa bilvosita ta’sir o‘tkazib keladi. Shu sababli yangi hukumat din ishlari bo‘yicha komissiya va muftiyotga “an’anaviy islom”ni mahkam ushlaydigan, boshqa musulmonlarga itdek quturib hujum qiladigan, mazhabparastlik orqali musulmonlar o‘rtasiga fitna soladigan kadrlarni olib kelsa kofir xo‘jayinlarining e’tiborini jalb qiladi (aslida ularni hech qachon rozi qila olmaydi). Shuning uchun Akin Toktalievni ishdan bo‘shatilishini prezident yoki uning apparati rahbari bilan shaxsiy munosabatlariga bog‘lab bo‘lmaydi. Sababi Akin Toktaliev kofirlar nazarida “mo‘’tadil islom” vakili, shuning uchun u Rossiya hukumatiga yoqmaydi, G‘arb fikricha esa uni lavozimga kelishi uchun hali erta. (Shuni ta’kidlash kerakki, A. Toktalievni ishdan ketishiga asosiy sabablardan biri so‘nggi kunlardagi ro‘mol masalasi edi, bu din dushmanlarining parda ortidagi kelishuvi natijasida bo‘ldi). Maqsad xoji esa “Tablig‘” jamoatining vakili sifatida tanilgan. Rossiyada “Tablig‘” jamoati taqiqlangan. Shuning uchun Akin va Maqsad xojilar xalqaro siyosatning qurbonlari bo‘ldi desak yanglishmaymiz. Buni Akin Toktalievning o‘rniga tayinlangan kadrning faoliyati, shuningdek, Maqsad xojini “kavlashtirayotgan” odamlarning harakatidan ham payqash mumkin. Din ishlari bo‘yicha komissiya rahbarligiga avval IIVning 10-bo‘limida musulmonlarga qarshi ekspert bo‘lib ishlagan odam keldi. Maqsad xojiga qo‘yilayotgan ayblardan biri “Moturudiy aqidasini buzdi”, “salafiylik-vahobiylik g‘oyalarini targ‘ib qildi” degan tuhmatlar bo‘lmoqda. Aslida, bu kofir xo‘jayinlari va mahalliy din dushmanlarini rozi qilishga bahona. Chunki, buning mohiyati “biz an’anaviy islomni niqob qilib olib, unga bo‘ysunmagan musulmonlarga qarshi kurashamiz, musulmonlar o‘rtasida mazhabparastlik fitnalarini tarqatamiz” degan ma’noni anglatadi. Agar shu siyosat davom etaveradigan bo‘lsa, u holda Akaev davridagidek, har qanday islomiy jamoatlarga asossiz taqiq qo‘yiladi (masalan, Hizb ut-Tahrir taqiqlangani kabi Tablig‘ jamoasi ham taqiqlanadi); Bakiev davridagidek, musulmonlar sohta ayblovlar bilan qamoqqa olinadi (Novqat voqeasi kabi); ba’zilari o‘ldiriladi (Rafiq qori Kamolov o‘ldirilgani kabi); Atambaev-Sariev davridagi kabi “qamoqxonadan qochish” va boshqa teraktlar uyushtiriladi, musulmonlar uchun qamoq jazolari kuchaytiriladi. Bu hatto oxir-oqibat musulmonlar o‘rtasidagi ziddiyatlarga olib kelishi mumkin.

 Ammo, siyosat shunday davom etaversa G‘arb “e’tiqod erkinligiga tajovuz qilinmoqda” degan bahona bilan xalqni o‘ziga jalb qilishga kirishib, tashabbusni o‘z qo‘liga oladi. Shu orqali Rossiya mustamlakachiligi va mahalliy hukumat barqarorligiga hujum qiladi. Hozircha u sukut saqlab turipti. Sababi tashabbusni o‘z qo‘liga oluvchi kadrlari tayyor emas. Masalan, Elmurat Kochkor o‘g‘li kabi kadrlarini xalq qabul qiladigan darajada emas. Akin Toktaliev, Kodir Malikov singari kadrlarni qo‘llab-quvvatlashdan qo‘rqadi. Chunki ular Islom foydasiga ishlab ketishlari mumkin. Agar G‘arb kadrlari tayyor bo‘lganida muftiyotga o‘z kadrlarini olib kelishga harakat qilgan, buni imkoni bo‘lmasa, muftiyotni butunlay obro‘sizlantirib, tashabbusni “mo‘’tadil islom”chi siyosatchilarga olib berar edi.

 Demak, xalqaro siyosat doirasida din ishlari bo‘yicha komissiya va muftiyotda o‘zgarishlar bo‘lishi zarur bo‘lib qoldi. Mahalliy hokimiyat vakillari ham bundan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanishmoqda. Ma’lumki, Akaev davridan buyon qaysi hukumat kelishidan qat’iy nazar, ayrim mansabdor shaxslar ma’lum bir tarmoqlarning millionlab daromadlari ustiga o‘tirib olishadi. Masalan, energetika tarmog‘iga bittasi, kon tarmog‘iga yana biri… Muftiyot daromadi esa prezident ma’muriyati va din ishlari bo‘yicha komissiya qo‘lida. Bu o‘rinda, darhaqiqat muftiyot mablag‘larni boshqa maqsadda sarflabdi va buni yashirish uchun pora taklif qilibdi deb ayta olmaymiz. Sababi, bu uyushtirilgan (podstava) bo‘lishi ham mumkin. Ammo shu bilan birga, bunday emas deb ham ayta olmaymiz. Chunki, har bir hukumat muftiyotdan o‘zi xohlagandek foydalanib kelgani ma’lum, shuningdek, xalq ichida anchadan beri qozilik va kotiblik xizmati qanchaga baholanishi aytib kelinadi, demak, bu sohada poraxo‘rlik odatiy holga aylangan. 

 Endi bu xodisaning muftiyot ichidagi jihatlariga to‘xtalsak, bu muftiyot ichidagi amal talashishdan boshqa narsa emas. Kursi talashganlar birinchidan kofir xo‘jayinlarini rozi qilish pozitsiyasini e’lon qilishadi, so‘ng davlatdagi “krыshasi” bilan kelishadi, keyin muftiylik taxtini talashadi. Bu muftiyotda ishlayotganlarning barchasi shunday degani emas, balki muftiyotdagi asosiy odamlar shunday kasalikka chalingan degan ma’noda aytilyapti. Agar amal talashayotganlar chindan ham Moturudiy aqidasi uchun jon koyitishayotgan bo‘lsa, din siyosatdan ajratilgan dunyoviy aqidaga rozi bo‘lib o‘tirisharmidi? Agar chindan Hanafiy mazhabi uchun kuyishsa, ro‘mol masalasida dayuslik qilib, inlarida yotisharmidi? Inlarida yotvolib, amal talashib qirpichoq bo‘lisharmidi?

 Ey musulmonlar, dunyoviy davlat va uning muftiyotining haqiqati mana shu. Ammo, ularning bu holiga beparvo qarab bo‘lmaydi. Ularni qandaydir dunyo manfaatlari uchun emas, yaxshilikka chaqirish va yomonlikdan qaytarish asosida muhosaba qilish kerak.

 Ey musulmonlar! Kofirlar va ularning mahalliy malaylarining muftiyot orqali mazhabparastlik fitnalarini tarqatishlaridan ehtiyot bo‘linglar. Biz bir Ummatmiz. Biz barchamiz birgalikda jannatga kiruvchi firqadan bo‘laylik. Ummat ichidagi Islomdan chiqmagan aqida egalari, jazmiy shar’iy hukmlarni inkor qilmagan mazhab egalari – bularning barchasi jannatiy firqadan. Aqidada ash’ariy, asariy, moturudiy, kalomiy bo‘lsin – ular jannatga kiruvchi firqadan. Fiqxiy mazhabda Hanafiy, Molikiy, Shofiiy, Hanbaliy va boshqalar jannatiy firqadan. Hizb ut-Tahrir, Ihvon, Tablig‘, Salafiy kabi partiya va harakatlar – jannatiy firqadan. Qolgan Islomdan chiqqanlar – jahannam firqalaridir. Druzlar, nusayriylar, ismoiliylar baxoiylar va boshqalar.

 Ey jannatiy firqa egalari, o‘z mazhablaringga rioya qilinglar, chunki, bu shar’iy hukm. Ammo oralaringga mazhabparastlik fitnasi kirishiga yo‘l qo‘ymanglar!

 Ey musulmonlar, “qaloq xalqqa kofir mulla, buzuq xalqqa puchuq mulla” bo‘lmay, sof Islomni o‘rganilar! Mana shunda dunyoviy, mazhabparastlik degan balolardan qutulishning shar’iy yo‘lini topasizlar.

 Abdulhakiym Qoraxoniy

Izohlar yo'q