Liviyadagi tomonlar o‘rtasida dialogning qayta boshlanishi

176
0
Image processed by CodeCarvings Piczard ### FREE Community Edition ### on 2015-01-15 20:00:15Z | |

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ

Liviyadagi tomonlar o‘rtasida dialogning qayta boshlanishi

Savol:

2020 yil 23 noyabr dushanba kuni Liviyadagi tomonlar o‘rtasidagi dialogning ikkinchi turi qayta boshlandi. Onlayn formatda bo‘lib o‘tgan bu dialogda asosiy e’tibor yangi hukumatga va prezidentlik kengashiga nomzod ko‘rsatish mexanizmiga qaratildi. Dialogning birinchi turi 15 noyabr yakshanba kuni bo‘lib o‘tib, unda ma’lum punktlar bo‘yicha kelishuvga erishilgan va ishlar muallaq qolgan edi. Ushbu dialoglar Marokashda Liviyadagi tomonlar o‘rtasidagi yana bir dialog bilan parallel ravishda boshlandi. Xo‘sh, bu dialoglar kurashi ortida kim turibdi? Bular Liviyadagi inqirozni hal etishga olib kelishi mumkinmi? Bu xususda xalqaro pozitsiya qanday?

Javob:

Masala oydinlashishi uchun quyidagi narsalarni ko‘rib chiqishimiz lozim:

1 – Turkiya Sarrojni qo‘llab-quvvatladi va Sarroj kuchlari Haftarni poytaxt Tripolidan chiqarib, Sirt va Jufraga qadar quvib bordi. Keyin undan doimiy otashkesimni qabul qilishni va Turkiya tomonidan isyonchi, noqonuniy, deya atalayotgan boshqa tomonlar bilan dialog va muzokaralar o‘tkazishga rozi bo‘lishni talab qildi! Shuning uchun Turkiya tashqi ishlar vaziri 2020 yil 17 iyunda poytaxt Tripoliga safar qilib, Vifoq hukumati raisi Fayz Sarroj bilan uchrashdi va «Biz Liviyada doimiy otashkesim va doimiy siyosiy echimga erishishga to‘xtaldik», deya bayonot berdi. (Anado‘li, 2020 yil 18 iyun). Turkiyaning aralashuvi Sarroj va uning hukumati foydasiga bo‘lmadi. Balki Turkiya bu hukumatni boshqa tomonga rozi bo‘lishi uchun bosim ostida ushlab turish maqsadida aralashdi. Turkiya ochiq-oshkor AQSh siyosati doirasida harakat qiladi. Masalan, Amerika Liviyadagi Turkiya rejalarini qo‘llab-quvvatlashini ochiq aytgan. Bu esa, Turkiyaning xatti-harakatlari Amerika manfaati uchun bo‘layotganini anglatadi. Darhaqiqat, 2020 yil 8 iyunda ikki davlat rahbarlari Tramp va Erdogan o‘rtasida telefon suhbati bo‘lib o‘tdi. Ular Liviya masalasini muhokama qilishdi. Shuningdek, Erdogan ham «Liviya inqirozini hal etish uchun Turkiya-AQSh tashabbusi amalga oshirilmoqda», dedi. U ayni telefon suhbati ortidan Turkiyaning «TRT 1» rasmiy televideniesida chiqish qilib, «Tramp bilan kelishuvlarga erishilgani»ni aytdi. Liviya masalasida ikki davlat o‘rtasida «hamkorlik tashabbusi» ishlab chiqilishi ehtimoli borligini ta’kidladi. Ammo buning tafsilotlarini ochiqlamadi. Bundan tashqari, turk tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘li 2020 yil 11 iyunda Turkiyaning «TMV» televideniesiga bergan intervьyusida «prezident Erdogan bilan uning amerikalik hamkori Tramp o‘rtasida 2020 yil 8 iyun dushanba kuni bo‘lib o‘tgan telefon suhbatida erishilgan kelishuvlar amerikalik va turkiyalik rasmiylar tomonidan muhokama qilinishi kutilayotgani»ni aytdi. Keyin «Turkiya-AQSh tashabbusi Liviya xususida bo‘lgan»ligini ta’kidladi. Bularning barchasi Turkiyaning Liviyada AQSh siyosatidan boshqasini ijro etmayotganini ko‘rsatadi.

2 – Turkiya Sarrojni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatdi. Shu sababdan Sarroj Sirt va Jufrani o‘z nazorati ostiga ololmadi. Bu ikki mintaqaga bostirib kirishga astoydil harakat qildi, agar uning qo‘llab-quvvatlashi to‘xtamaganda, ularni egallashga muvaffaq bo‘lgan bo‘lar edi. Sarroj bunga muvaffaq bo‘lolmagani uchun otashkesimni qabul qilishi va boshqa tomonlar bilan muzokaralar olib borishi uchun bosim ostida qoldi. Shuning uchun, 2020 yil 16 sentyabrda Sarroj oktyabr oyi oxirida iste’fo bermoqchi ekanini e’lon qilish bilan Erdoganni noqulay ahvolga solmoqchi bo‘ldi. Bu haqdagi quyidagi murojaatini Liviya rasmiy telekanali efirga uzatdi: «Men barchaga oktyabr oyining oxiridan kechiktirmasdan o‘z vazifamdan iste’fo berishga oid samimiy istagimni bildiraman… Dialog qo‘mitasi o‘z ishini yakunladi. Umid qilamanki, endi u yangi Prezident Kengashi va bosh vazirni tayinlaydi». Sarroj «qutblashtirish (ma’lum tomonga og‘dirish) holati kelishmovchiliklarni tinch yo‘l bilan hal qilishga qaratilgan barcha muzokaralarni juda qiyinlashtirib yubordi», deyish bilan o‘ziga bosim qilinganini e’tirof etdi hamda tomonlardan birini «urush o‘yiniga pul tikkanlik»da aybladi, ammo o‘sha tomonning nomini ochiqlamadi. «O‘z hukumatining tashkil topgandan beri nafaqat to‘liq tabiiy holatda, balki bir oz tabiiy holatda ham faoliyat qilolmaganini, ham ichki, ham tashqi fitnalarga har kuni uchragani»ni tan oldi. Shuni ta’kidlash lozimki, Sarroj Liviya bosh vazirligi lavozimiga o‘zi o‘tirmagan. Chunki bu hukumatni Britaniya Tunisda tuzib, 2015 yil to‘g‘ridan-to‘g‘ri Suxayrot shartnomasini tuzgandan so‘ng hukumatni Tripoliga olib kelgan. Shu bois, Sarroj Evropaning, xususan, Britaniyaning undovisiz iste’fo berolmaydi.

3 – Haqiqatdan ham Erdogan Sarrojning iste’fo bermoqchiligi haqidagi xabarni bezovtalik bilan qarshi oldi. «Men o‘tgan hafta Sarroj bilan Istanbulda uchrashgandim, shunga qaramay, unda bu kabi o‘zgarishning bo‘lishi va bunday xabarni eshitishimiz biz uchun afsuslanarli holdir», dedi. «Turkiya bilan Vifoq hukumati o‘rtasidagi uchrashuvlar kelasi haftalarda boshlanib ketadi, shunday uchrashuvlar orqali ishni qayta yo‘lga qo‘yib olamiz, insha Alloh», deya qo‘shimcha qildi. (Anado‘li, Reyter, 2020 yil 18 sentyabr). Oxir oqibat, Sarroj iste’fo berish niyatidan qaytdi. Bu haqda Al-Jazira 2020 yil 30 oktyabrda bunday xabar tarqatdi: «Juma kuni Liviya prezidentlik kengashi raisi Fayz Sarroj oktyabr oyi oxirida o‘z lavozimidan iste’fo berish haqidagi qaroridan voz kechish to‘g‘risidagi talablarni qabul qildi». Bu xabarni Sarrojning matbuot voizi G‘olib Zaqlaiy o‘z bayonotida keltirib, tvitterdagi sahifasida nashr qildi. Undan «Liviya» rasmiy telekanali o‘zining Feysbukdagi sahifasida iqtibos keltirdi». (Al-Jazira, 2020 yil 30 oktyabr). Evropa Sarrojning iste’foga chiqish e’lonidan voz kechishiga ilojsizlikdan rozi bo‘ldi va go‘yo Evropaning ham fikri shundaydek, o‘zini Erdoganga bo‘ysunmagan qilib ko‘rsatdi. Shu bois, mazkur manbada bunday deyildi: «Juma kuni Germaniya tashqi ishlar vaziri Xayko Maas, Sarrojdan Liviya dialogi muddati tugagunga qadar o‘z vazifasini davom ettirishni talab qildi. Bu talab Maas bilan Sarroj o‘rtasida telefon so‘zlashuvi chog‘ida qilindi. Liviya hukumatining Feysbukdagi nashriga ko‘ra, so‘zlashuv chog‘ida, Liviyadagi voqealar rivoji ham muhokama qilingan. Germaniya tashqi ishlar vaziri – ushbu bosqichda Liviya hukumati etakchiligi davom etishi uchun Sarrojning o‘z lavozimida qolishi «muhim masala», dedi». (Al-Jazira, 2020 yil 30 oktyabr). Iqtibos tugadi.

4 – Shunday qilib, Sarroj iste’fo berish bilan Erdoganni noqulay ahvolga sololmadi, buning o‘rniga o‘zi iste’fosidan voz kechishga majbur bo‘ldi! Hatto, Sarroj iste’fodan voz kechgandan so‘ng Erdogan u bilan bog‘lanib, iste’fo berish qarori noto‘g‘ri bo‘lganini qayta-qayta ta’kidladi! Bu haqda 2020 yil 7 noyabrda Turkiyaning «Xabar 7» veb-sayti bunday xabar nashr qildi: «Bir diplomatik manbaning ma’lum qilishicha, Erdogan Sarrojga – iste’fo berish qaroringiz to‘g‘ri bo‘lgan emas, iste’foingiz Liviya xalqiga dushmanlik qilayotgan tomonlarning foydasiga hissa qo‘shgan bo‘lar edi, dedi».

5 – Rossiyaning Liviyaga aralashishiga kelsak, albatta bu AQShning roziligi bilan hamda Turkiya bilan kelishgan holda bo‘lgan. Rossiya ikki tomon o‘rtasida betaraf pozitsiyani egallashga urinib, o‘zini vositachi qilib ko‘rsatishga harakat qilyapti. Garchi Rossiya Liviyaga kuchlarini yubormaganini iddao qilayotgan esa-da, biroq Liviyada faoliyat qilayotgan «Vagner» rus xavfsizlik kompaniyasi prezident Putinga aloqadordir! Shuning uchun Rossiya Sarroj hukumati bilan aloqasini uzmoqchi emas, chunki uning istagi u erda o‘z rolini o‘ynash va Liviya bo‘yicha muzokaralarda ishtirok etishdan iborat. Shu sababdan Rossiya prezidentining Yaqin Sharq va Afrika masalalari bo‘yicha maxsus vakili Mixail Bogdanov «Moskva barcha nufuzli xalqaro o‘yinchilar bilan, shu jumladan Turkiya bilan aloqada, xususan, Tripoli rahbariyati bilan bo‘lgan aloqalarini saqlab qoladi», deya bayonot berdi. Liviyadagi Rossiya-Turkiya hamkorligini maqtab, «Ikki davlat rahbarlari 2020 yil 13 yanvarda ma’lum qilgan tushabbus har ikki tomonning otashkesimni e’lon qilishida ijobiy rol o‘ynadi. Bu Berlin konferentsiyasi uchun munosib zamin yaratadi», dedi. (Ahrom, 2020 yil 20 iyul).

6 – Shu erda AQShning talabi yangradi. Uning tashqi ishlar vaziri Pompeo 2020 yil 10 iyunda bunday dedi: «Biz Liviyada darhol otashkesimga erishilishini talab qilamiz. Liviyadagi barcha xorijiy aralashuvlarga yakun yasalishiga hamda muzokaralar stoliga o‘tirilishiga chaqiramiz… Vifoq hukumati bilan Liviya Milliy armiyasi (Haftar kuchlari)ning BMTning xavfsizlik bo‘yicha so‘zlashuvlariga qaytishlari juda yaxshi ijobiy qadamdir. Hozirdagi asosiy talab otashkesimga erishish va BMT etakchiligidagi Liviya siyosiy so‘zlashuvlarini qayta boshlash uchun yaxshi niyat bilan tezroq muzokaralarni boshlashdan iborat». (Sky News, 2020 yil 10 iyun). Amerika ikki tomonning otashkesimga rozi bo‘lganliklari to‘g‘risidagi e’lonni olqishladi va 2020 yil 26 oktyabrda o‘zining tashqi ishlar vaziri Pompeo tilidan bunday dedi: «Liviyadagi otashkesim bo‘yicha shartnomani imzolash mardona qadamdir. Endi xorijiy jangchilar ushbu shartnomaga binoan 90 kun muddat ichida Liviyani tark etishlari kerak… Biz Liviyadagi hokimiyatning yangi ijroiy hokimiyatga almashishini va saylovlarga hozirlik ko‘rishini qo‘llab-quvvatlaymiz». BMTning Liviyadagi qo‘llab-quvvatlash missiyasi 2020 yil 23 oktyabrda «BMTda besh kun davom etgan so‘zlashuvlardan so‘ng nizolashayotgan tomonlarni otashkesim shartnomasiga imzo chekkanlari»ni e’lon qildi. Demak, Amerika Liviyaga BMT niqobi ostida to‘g‘ridan-to‘g‘ri diplomatik va siyosiy yo‘l bilan aralashmoqda. Shu yo‘l bilan ishlar tizginini qo‘lga olishni va Evropa, xususan Britaniyaning tagiga suv quyishni istayapti.

7 – Liviyada bo‘layotgan ishlar, orasida jangovar ishlar sodir bo‘lib turadigan siyosiy kurashdir. Siyosiy kurash bo‘lganligi sababli ham u erdagi barcha tomonlarni dialog va shartnomalarga birlashtirish, hatto ko‘rsatmalarga imzo chekish uchun uchrashuv o‘tkazish poygasi ketmoqda. Misol uchun, Britaniya Marokashning Buzniqa shahrida uch tur uchrashuv o‘tkazdi: Bu «Tripolidagi Davlat Oliy Kengashi delegatsiyasi bilan Tobruq Vakillar Assambleyasining delegatsiyasi o‘rtasida dialog», degan uchrashuv bo‘ldi. Uning birinchi turi 2020 yilning 6 va 10 sentyabrida ikki kun, ikkinchi turi 2020 yilning 2 va 6 oktyabrida ikki kun, uchinchi turi 2020 yilning 5 noyabrida bir kun bo‘lib o‘tdi. Ikki tomon delegatsiyasi «suveren lavozimlarni tanlash mezonlari» bo‘yicha shartnoma loyihasiga imzo chekishdi. Ushbu uchrashuvlar ortida Britaniya turganligi uning malaylari orqali yaqqol ma’lum. Bu dialog 2015 yil 17 dekabrda Marokashda imzolangan Suxayrot shartnomasining 15-moddasini tatbiq qilishni ma’qullash xususida bo‘ldi. Poytaxt Rabotdagi ushbu bayonnomaga Tripolidagi Liviya hukumati tomonidan Davlat Oliy Kengashining delegatsiyasi raisi Favziy Uqob, Tobruq Vakillar Assambleyasining delegatsiyasi raisi Yusuf Aquriy imzo chekishdi. 15-moddaning 1-bandida asosan quyidagilar ta’kidlangan: «Vakillar palatasi rahbar lavozimlar egalari bo‘yicha kelishuvga erishish uchun Davlat Kengashi bilan maslahatlashadi va bu suveren lavozimlar quyidagilardan iborat bo‘ladi: Liviya Markaziy banki raisi lavozimi, Davlat taftish devoni rahbari lavozimi, Ma’muriy nazorat organi raisi lavozimi, Korruptsiyaga qarshi kurash xizmati raisi lavozimi, Oliy saylov komissiyasi raisi lavozimi va uning a’zolari, Bosh sudьya va bosh prokuror lavozimlari». Mazkur moddaning 2-bandida «Vakillar palatasining uchdan ikki qismi ushbu lavozimlarni tasdiqlashi kerak», deyilgan. Dialog olib borayotgan ikkala tomon joriy yilning 6 va 10 sentyabr kunlari birinchi tur uchrashuvini o‘tkazishdi. Ular suveren lavozimlarni egallash mexanizmi hamda shartnomaga oid protseduralarni bajarish uchun sessiyalarni qayta boshlash bo‘yicha keng qamrovli kelishuvga erishishdi.

8 – Amerika esa, BMTning Liviya bo‘yicha maxsus vakili o‘rinbosari Stefani Uilьyams orqali hamma kartalarni aralashtirishga kirishdi. Ushbu amerikalik diplomat Buzniqaga parallel ravishda «Liviya birinchi» shiori ostida Liviya dialogi uchrashuvlarini chaqirdi. 2020 yil 9 noyabrda boshlangan bu uchrashuv turi BMT homiyligida 75 nafar Liviya siyosiy arboblari ishtirokida yurtdagi nizolashayotgan tomonlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar sifatida bo‘lib o‘tdi. Dialog olib boruvchi guruh deputatlar, oliy kengash a’zolari, taniqli shaxslar, uchta mintaqa (Tripoli, Kirenaika va Fazzon) vakillaridan iborat bo‘ldi. Stefani Uilьyams 2020 yil 15 noyabr oqshom bunday dedi: «Liviya bo‘yicha Tunisda bo‘lib o‘tgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri dialog davri juda ijobiy natijalar bilan yakunlandi. Endi navbatdagi tur bir hafta ichida onlayn formatda o‘tkaziladi. Ijobiy natijalar saylovlar kunini belgilashda hamda ijroiy hokimiyat funktsiyalari, Prezidentlik va Hukumat Kengashiga nomzodlarni ko‘rsatish shartlari belgilashda o‘z ifodasini topdi. Liviya dialogi ishtirokchilari munozaralarning ettinchi kunida quyidagi uchta asosiy masalaga kelishib oldilar: birinchi masala, 2021 yil 24 dekabrda bo‘lib o‘tadigan saylovlar kuni belgilandi. Bu Liviya uchun muhim sanaga, ya’ni, mamlakatning 1951 yildagi mustaqilligi sanasiga to‘g‘ri keladi. Ikkinchi masala, Ijroiy hokimiyatning vakolatlari va Prezident kengashiga nomzodlarni ko‘rsatish shartlari aniqlandi. Chunki nomzodlar oddiy mas’uliyatlarga ega bo‘lgan, shu jumladan, milliy yarashuv bo‘yicha ish olib boradigan hamda janubiy, sharqiy va g‘arbiy mintaqalarni ifodalaydigan uchta a’zodan iborat bo‘ladi. Uchinchi masala, ishtirokchilar Liviya xalqiga suv, elektr va boshqa xizmatlarni ta’minlashga cheklanuvchi hukumat vakolatlarini o‘zida mujassam etgan vazifalarni bajarishga kelishib oldilar. Prezidentlik Kengashi bilan hukumatning, ikkalasining ham alohida tizimlari bo‘ladi. Bu lavozimlarga saylanadigan shaxslar qisqa muddat xizmat qilishadi hamda ularning har biri partiyalarga aloqasi bo‘lmagan texnokrat shaxslar bo‘ladi… Ko‘p ish qilish kerak. O‘n yillik kurash-muammoni bir hafta ichida hal qilib bo‘lmaydi… Dialog ishtirokchilari bir hafta ichida videoaloqa orqali uchrashib, huquqiy komissiya tanlash mexanizmini ishlab chiqadilar va suverenitet masalasi bo‘yicha bo‘lajak saylovlarning konstitutsiyaviy asoslarini aniqlaydilar». (Anado‘li, 2020 yil 16 noyabr). Bu ayol Suxayrot shartnomasini tilga olmay, undan butunlay ko‘z yumdi, «o‘n yillik kurash-muammoni bir hafta ichida hal qilib bo‘lmaydi», degan gapi bilan go‘yo noldan boshlamoqchi ko‘rinadi. U hamma masalalarni yangidan muhokama qilib, Suxayrot shartnomasini norasmiy ravishda bekor qilyapti. Britaniyaning ta’siriga yakun yasamoqchi, agar imkon topsa uni yo‘q qilishga, yo‘q qilishga imkon topolmasa, nazorat ostida ushlab turishga harakat qilyapti.

9 – BMTning Liviya bo‘yicha maxsus vakili o‘rinbosari Stefani Uilьyams dialog ishiga to‘sqinlik qilganlarga jazo qo‘llash bilan tahdid qildi. «Ushbu dialog ishtirokchilariga pul berishga uringanlar to‘sqinlik qiluvchilar toifasiga kiritilib, pora berishga va ovoz sotib olishga urinish to‘g‘risidagi ma’lumotlar bo‘yicha tergov qilinadi», dedi. «Siyosiy korruptsiya pullarining aralashuvi bo‘lgani ham qayd etilgani»ni ta’kidlab, «dialogda ishtirok etuvchilar mansabdan bo‘shatish taklifini kiritganlari yo‘q, biroq ishtirokchilar nisbati 61 %ga etdi, asli 75 % bo‘lishi kerak edi», dedi». (Sharqul Avsat, 2020 yil 17 noyabr). Bu ayol BMT vakili hisoblansa-da, bu bir niqob, xolos. Aslida u Amerika siyosatining vakili hisoblanadi va Amerikaning o‘zi bu ayolning qarorini AQSh Kongressi orqali qo‘llab-quvvatladi. Masalan, Vakillar Palatasi «Liviyada barqarorlikni qo‘llab-quvvatlash qonuni» loyihasini ma’qullab ovoz berdi. Ayni qonunda «Liviya bo‘yicha BMT boshchiligidagi muzokaralarning ahamiyati» ta’kidlangan hamda «qonun loyihasida Liviyadagi neftь zaxiralari yoki moliya tashkilotlarini noqonuniy ravishda ekspluatatsiya qilgan har qanday shaxs yoki tashkilotga nisbatan sanktsiyalar qo‘llash talab qilingan. Shuningdek, inson huquqlarining buzilishiga aralashgan shaxslarni javobgarlikka tortish ta’kidlangan». (Sky News, 2020 yil 19 noyabr).

10 –            Liviya qo‘shma harbiy komissiyasi «5+5»ning ikki delegatsiyasi o‘rtasida otashkesimni amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Berlin konferentsiyasidan kelib chiqqan ushbu muzokaralar ham BMTning Liviya bo‘yicha maxsus vakili o‘rinbosari Stefani Uilьyams mutasaddiligi ostida o‘tdi. Bu ayol 2020 yil 4 noyabrda shartnoma bandlari bo‘yicha konsensusga erishilganini ma’lum qildi va bunday dedi: «Otashkesimni amalga oshirish uchun o‘n ikkita band mavjud. Ulardan asosiysi, kichik bir harbiy komissiya tuzish bo‘lib, komissiya vazifasi 2020 yil 23 oktyabrda imzolangan shartnoma talabiga binoan, Liviyadagi mavjud barcha xorijiy kuchlarning «o‘z yurtlariga qaytib ketish»ni hamda kurashayotgan ikki tomon kuchlarining Sirt va Jufradan chiqib ketishini nazorat qilishdan iborat». Stefani «barcha xorijiy kuchlarning Liviya erlaridan chiqib ketish muddati uchun 90 kun belgiladi». (Reyter, 2020 yil 23 oktyabr). Erdogan ham «Biz Vagner singari yollanma askarlar uch oy ichida Liviyadan chiqib ketadimi yoki yo‘qmi, bilmaymiz», dedi. (Reyter, 2020 yil 23 oktyabr). Erdogan bu gapni Liviya borasida Rossiya bilan kelishib olgani uchun shunday dedi! Zotan, Amerika Rossiyaga bu va boshqa kuchlarini olib chiqib ketishi uchun bosim qilayotgani yo‘q. Chunki u Liviya va mintaqadagi maqsadlarini amalga oshirib olishi kerak, xuddi Suriyada amalga oshirgani kabi.

11 –            Yuqorida mufassal bayon qilganlarimizni qisqacha xulosa qilamiz:

a)    Sarroj hukumati Turkiya qo‘llab-quvvatlovidan Evropa, xususan Britaniyaning loyihasini amalga oshirishda foydalanishni istadi. Buni Haftarning kuchini sindirish hamda uning nufuzi ostidagi hududlar, asosan Sirt va Jafradagi ta’siri ustidan nazorat o‘rnatish maqsadida qilmoqchi bo‘ldi. Biroq Turkiya Sarrojni AQSh loyihasini amalga oshirish uchun qo‘llab-quvvatladi, masalan, Sarroj kuchlari Sirt va Jafraga etib borishi bilanoq qo‘llab-quvvatlovni to‘xtatdi va Sarrojdan doimiy otashkesimga va Turkiya tomonidan isyonchi, noqonuniy, deya atalayotgan boshqa tomonlar bilan dialog va muzokaralar o‘tkazishga rozi bo‘lishni talab qildi! Natijada Sarroj nima qilishni bilmay mulzam qoldi. Chunki u iste’fo bermoqchi ekanini e’lon qilish bilan Erdoganni xijolat qilishni rejalashtirgan edi. Ammo Turkiya unga bosim qilib, iste’fo berishiga yo‘l qo‘ymadi. Evropa qarasa, Erdogan Turkiyasi Sarrojga bosimni kuchaytirmoqda… Shunda u o‘zining Erdogan tomonidan qilinayotgan bu bosimlarga bo‘ysunmayotgan qilib ko‘rsatishga urinib, Sarrojning iste’fosiga go‘yo o‘zini ham norozi qilib ko‘rsatdi. Chunki Sarrojning o‘z mansabida turishi Britaniya bilan Evropaning manfaatidir, garchi uning iste’fo berish e’loni ortida evropaliklar turgan bo‘lishsa ham!

b)    Bu dialoglar soxta bo‘lib, ularni yirik faol davlatlar qasddan uyushtirishyapti. Maqsad, shu orqali tobe davlatlarni o‘zlariga garov qilib, ularning muammolarini hal etib yoki battar murakkablashtirib turish va nizolashayotgan tomonlarni ayni dialoglarni amalga oshirishga majburlashdir… Ana shunda bu yirik davlatlar o‘z nufuzlarini mustahkamlashadi… Ha shunday, bu dialoglardan muammolarni to‘g‘ri shaklda hal etish maqsad qilinmagan. Buni Suxayrot shartnomasi aytib turibdi. Britaniya bu shartnoma tepasida turib, uni amalga oshirish uchun darhol Sarroj hukumatini tuzgan. Masalan, yaqinda bo‘lib o‘tgan Marokashning Buzniqa shahridagi uchrashuvlar orqali Britaniya Suxayrot shartnomasidagi boshqa bandlarni tatbiq qilishga harakat qildi. Biroq AQShning «BMT vakili», degan niqob ostidagi diplomati Stefani Uilьyams otashkesimga erishish uchun Britaniyaning uchrashuvlari bilan parallel ravishda ikki tomon o‘rtasida uchrashuvlar o‘tkazdi. Avval Jeneva va G‘adamis-Liviyada, so‘ng Tunisda o‘tkazgan ushbu uchrashuvlarida bir yildan keyin saylovlar o‘tkazishga kelishib olindi. Shunday qilib, Amerika barcha vositalarini o‘zining diplomatik missiyasini muvaffaqiyatli tamomlash sari safarbar qilmoqda. Maqsadi, Britaniyaning tagiga suv quyib, Liviyadagi kurashni o‘zi idora qilish va istagan tomonga yo‘naltirish.

v)    AQSh va Britaniya doxil bu asosiy faol davlatlar bir-birining oyog‘idan chalib, bir-birining loyihasini barbod etish orqali yutib chiqishga harakat qilaveradi. Shuning uchun bu davlatlarning Liviya xalqiga xavfsizlik va tinchlikni ta’minlovchi biror echim berishlari amri mahol. Hatto saylovlar o‘tkazilgan taqdirda ham undan biror xavfsiz yakuniy echim chiqmaydi. Yo‘q, aksincha, AQSh bilan Evropa o‘z nufuzlarini o‘rnatish uchun kurashda davom etishadi… kurashning yoqilg‘isi esa liviyaliklar bo‘lib qolaveradi! Shuning uchun ham, Liviya ahli bu kabi til biriktiruvlarga qarshi chiqmoqlari, u yoki bu davlatlar va u yoki bu malaylar hiylasiga aldanmay, ishlar tizgini ularning qo‘lidan tortib olmoqlari va uni Ummat farzandlari orasidagi ongli xolis toza pok qo‘llarga topshirmoqlari darkor. Ular Liviyani butun musulmon yurtlarini o‘z ichiga oluvchi Islom davlatining bir qismiga aylantirishga tayyorlamoqlari lozim. Ushbu Islom davlati esa, Rosululloh ning

«ثُمَّ تَكُونُ خِلَافَةً عَلَى مِنْهَاجِ النُّبُوَّةِ»

«Keyin Payg‘ambarlik minhoji asosidagi roshid Xalifalik barpo bo‘ladi», deya bashorat bergan Payg‘ambarlik minhoji asosidagi roshid Xalifalik davlatidir.

       10 rabiussoniy 1442h

       25 noyabr 2020m

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.