O‘zbekistonning tashqi qarzi o‘sib bormoqda

362
0

O‘zbekistonning tashqi qarzi o‘sib bormoqda

 2020 yilning birinchi yarim yilligida O‘zbekiston Respublikasi tashqi qarzining miqdori 27,6 milliard  dollarni tashkil qildi. Bu haqida bugun AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Markaziy bank departament direktorining o‘rinbosari Otabek Tojiddinov xabar qildi.

 Xabarda aytilishiga ko‘ra, tashqi qarzning 17,5 mlrd dollari davlat qarzi hamda 10,1 mlrd. dollari xususiy sektor qarziga to‘g‘ri keladi.Undan aksariyati (74%) 10 yil yoki undan uzoq muddatga olingan kreditlardir.

 Xususiy sektor qarzlarining 45 % – bank sektoriga va 44 % – neft va gaz sohasiga to‘g‘ri kelmoqda. Tashqi qarzning 71 % – AQSh dollarida, 12% – Evro va 7 %- Yapon ienasida olingan.

 Tashqi qarz dinamikasi borasida gapirganda, so‘nggi 3 yil davomida O‘zbekiston tashqi qarzi sezilarli darajada o‘sib kelayotganini kuzatish mumkin.

Xususan, 2017 yilda jami tashqi qarz miqldori 17,3 mlrd dollarni tashkil qilgan bo‘lsa 2019 yilda u 24,5 mlrdga etgan va 2020 yilning birinchi yarmida 27,6 mlrd. dollarga teng bo‘lgan. Yil oxirigacha ushbu ko‘rsatgich yanada o‘sishi kutilmoqda.

 Izoh: Harvardning Jahon iqtisodiyoti instituti va Myunxen universiteti olimlari o‘tkazgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, Xitoydan eng ko‘p qarz oluvchi 50 ta davlat ro‘yxatiga Belarus, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston ham kirgan. O‘zbekistoning eng katta tashqi qarzi Xitoydan bo‘lib, umumiy qarzining 21%ini tashkil etadi. Tahlilchilarning ma’lumotiga ko‘ra, Xitoy boshqa davlatlarga bergan kreditlarining umumiy hajmi 5 trln. dollarga yaqinlashdi bu – Jahon banki va XVJ portfelidan ikki baravar ko‘pdir. Xitoy yirik qarz beruvchiga aylanib, shu orqali o‘zining iqtisodiy ekspansiyasini kuchaytirmoqda.

 Tabiiyki, Xitoy mintaqa davlatlariga qarz berish bilan bir qatorda, ularni o‘z talablariga bo‘ysunishga ham majbur qiladi. Masalan, 2019-yil iyul oyida Evropaning 22 davlati Xitoyning Sharqiy Turkistondagi musulmonlarga qarshi olib borayotgan  qatag‘on siyosatini qoralab chiqishgan edi. Oradan bir kuni o‘tib, aksari islomiy yurtlardan  iborat 35 davlat, jumladan O‘zbekiston va Tojikiston Xitoyni qo‘llab-quvvatlovchi maktubni imzolashdi. Qirg‘iziston esa Birlashgan millatlar tashkilotida Xitoyning Shinjonda olib borayotgan siyosatini yoqlab chiqdi. “Musiqani pulini to‘lagan buyuradi” deyilganidek, mustamlakachi davlatlar, shu jumladan, Xitoy hukumati ham Markaziy Osiyo mintaqasidagi davlatlarni qarz botqog‘iga botirib olgach, ularga nima qilish va nima haqida gapirishni ham tayinlay boshlaydi.

 Abdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.