Xitoy qarzni to‘lov muddatini kechiktirish uchun shart qo‘ydi

0
299

Xitoy qarzni to‘lov muddatini kechiktirish uchun shart qo‘ydi

 Xitoy tomoni Qirg‘izistonga qarzlarni to‘lashni keyinga qoldirishga rozi bo‘ldi, ammo shu bilan birga ma’lum bir shart qo‘ydi. Bu haqda Moliya vaziriligi davlat qarzlari boshqarmasi boshlig‘i Ruslan Tatikov ma’lum qildi.

 Tatikovning aytishicha, ayni paytda Qirg‘iziston Xitoy bilan muzokaralar olib bormoqda.

 “Muzokaralar davom etayotgani sababli batafsil ma’lumot bermayman. OAV Xitoy tomoni to‘lovni kechiktirishga rozi bo‘lmadi deb yozishmoqda, ammo bunday emas. Xitoy to‘lov muddatini kechiktirdi, biroq alohida shart qo‘ydi, biz hozir bun muhokama qilyapmiz. Muzokaralar yakuniga etsa, to‘lov muddati 2020-yilning 1-mayidan 31-dekabriga qoldiriladi. Bu 35 million dollarni tashkil etadi”, – dedi Tatikov.

 Shuningdek, u muzokaralar natijalari bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkazilishini va barcha shartlar to‘g‘risida ochiq aytilishini bildirdi.

 Izoh: Avvalroq, Xitoy chegaralarni to‘liq ochish uchun Qirg‘izistonga bir qator shartlar, xususan, Xitoy kompaniyalari xavfsizligini ta’minlash shartlarini qo‘ygan edi. Bugunga kelib qarzning to‘lov muddatini uzaytirish evaziga yana bir shart qo‘ydi. Garchi Moliya vaziriligi vakili Xitoy qanday shart qo‘yganiga oydinlik kiritmagan bo‘lsada, prezident vazifasini bajaruvchi Sadir Japarovning 12-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida aytgan gaplari Xitoy sharti nimadan iborat ekanligiga oydinlik kiritdi. Japarov matubot anjumanida “Norindagi Jetim-Too temir koni xorijiy davlatlarga berilmaydi”, dedi.

 U tashqi qarzdan qutulish uchun konni xorijiy davlatga sotilishi to‘g‘risidagi gaplarni “mish-mish” deb atadi va Xitoyning qarzidan qutulish yo‘li bor ekanligini aytdi:

 “Jetim-Tooning bir foizi emas, bir dona qumi ham berilmaydi. O‘zimiz ishlatamiz, Jetim-Too bilanmi yoki boshqa resurslar bilanmi… Xitoyning qarzidan qutulish yo‘llarini izlayapmiz. Qutulish yo‘li bor. Buni topamiz”.

 Japarovning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Jetim-Tooda temirning besh milliard tonnadan ziyod zaxirasi mavjud. Bu tahminan 50 milliard dollarlik xom-ashyo.

Abdurahmon Odilov

Izohlar yo'q