Japarov Putindan telefon orqali so‘zlashishni iltimos qildi

0
289

Japarov Putindan telefon orqali so‘zlashishni iltimos qildi

 10 noyabr kuni Rossiya raisligida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining majlisi videoanjuman shaklida o‘tkazildi. Ushbu yig‘ilishda so‘z olgan Qirg‘iziston prezidenti vazifasini bajaruvchi, bosh vazir Sadir Japarov Rossiya prezidentiga yuzlanib, Evroosiyo integratsiyasi masalasida Qirg‘iziston har doim Rossiya uchun ishonchili sherik bo‘lib qolishini aytdi.

 “Biz ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy va madaniy aloqalarni izchil rivojlantirishni davom ettiramiz. Hamkorlik sohasida bir qator dolzarb masalalar mavjud. Sizdan bularni telefon orqali muhokama qilishni iltimos qilaman”, – dedi Japarov.

 Izoh: Rasmiy Kreml Qirg‘izistonda sodir bo‘lgan navbatdagi davlat to‘ntarishini ortiqcha xissiyot va bayonotlarsiz xotirjamlik bilan qarshi oldi. Chunki davlat to‘ntarishidan so‘ng hokimiyat tepasiga kim kelishidan qat’iy nazar faqat o‘zi bilan hisblashishga va uning rozi qilish yo‘lida harakat qilishiga ishonchi komil edi. Biroq, navbatdagi davlat to‘ntarishida g‘arbparast kuchlar muhim rol o‘ynagani va davlat to‘ntarishi o‘zining roziligisiz amalga oshgani sababli rus hukumati qirg‘iz hukumatini jazolashga qaror qildi. Shu sababli ham davlat to‘ntarishidan keyin “siyosiy vaziyat izga tushishi” bahonasi bilan Qirg‘izistonga ajratilishi kutilgan 100 million dollarlik yordamni noma’lum muddatga to‘xtatib qo‘ydi va qirg‘iz rasmiylariga sovuq munosabat (o‘zini katta olish) siyosatini qo‘llay boshladi. Oktyabr oyining oxirida Moskvaga xizmat safari bilan borgan sobiq tashqi ishlar vaziri, ayni damda Japarovning tashqi ishlar bo‘yicha maslahatchisi lavozimida ishlayotgan Chingiz Aydarbekovni Moskvada hech kim kutib olmadi. 

 “24.kg” xabar agentligi bosh muharriri Asel Otorbaeva o‘z Facebook sahifasida Aydarbekov Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Rossiya hukumati a’zolari hamda Rossiya Davlat Dumasi etakchilari bilan “Kremlda uchrashuv o‘tkazishgani istagan” kunda ularning “har biridan rad javobini olgani” haqida yozdi.

 Bunday munosabat Sadir Japarovni xavotirga solib qo‘ygani aniq. Shu sababli ham Japarov qanday yo‘l bilan bo‘lmasin Putinning ko‘nglini olish, uni rozi qilish yo‘lini izlamoqda. Sababi, Rossiya roziligisiz o‘zini prezident bo‘la olmasligini juda yaxshi biladi. Shuning uchun imkon bo‘lgan vaqtda Putinga tilyog‘lamalik qilib hech bo‘lmaganda telefon orqali muzokara o‘tkazishni iltimos qilmoqda. “Mustaqillikni” da’vo qilayotgan Qirg‘iziston rasmiylarining haqiqiy ahvoli shundan iborat.

 Abdurahmon Odilov

Izohlar yo'q