Mayk Pompeo fevral oyi boshida Toshkentga keladi
AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo yanvar’ oyi oxirida Yevropa va Markaziy Osiyoga turne uyushtiradi. AQSh Davlat departamenti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, u 29 yanvar kuni tashrifini Buyuk Britaniya poytaxti Londondan boshlaydi, 31 yanvar kuni Ukrainaga keladi, 1 fevral kuni Belarusda bo‘ladi. Shundan so‘ng u avval Qozog‘istonga, keyin O‘zbekistonga tashrif buyuradi.
Toshkentda Mayk Pompeo prezident Shavkat Mirziyoev va tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan uchrashadi.
Shuningdek, u O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston tashqi ishlar vazirlari ishtirokidagi “Markaziy Osiyo – AQSh” formatidagi vazirlar uchrashuvida (C5 + 1) qatnashadi.
“Mayk Pompeo AQShning Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi strategiyasiga muvofiq mintaqa davlatlarini qo‘llab-quvvatlashini tasdiqlaydi”, – deyiladi Davlat departamenti xabarida.
Izoh: O‘zbekiston Markaziy Osiyoda joylashgan o‘rni – mintaqadagi barcha davlatlar, shu jumladan, Afg‘oniston bilan bevosita chegaraga ega – va aholi soni ko‘pligi bilan mustamlakachi davlatlarning doimiy e’tiborida bo‘lib kelgan.
Bugungi O‘zbekiston ustidan nufuz talashish kurashi Amerika va Rossiya o‘rtasida davom etyapti. Rossiya O‘zbekistonni o‘zi boshchiligidagi YeOIIga olib kirish uchun siyosiy va iqtisodiy bosim o‘tkazib kelayotgan bo‘lsa, o‘zbek hukumati ochiqchasiga Rossiyaga rad javobi berishdan tiyilib, a’zolik evaziga bajarish mushkul bo‘lgan talablarni qo‘ymoqda. O‘zbekiston YeOIIga a’zo bo‘lishda ayrim sohalar uchun yengilliklar berish – ba’zilari uchun 10 yilgacha – va Rossiyadan deport qilingan o‘zbek mehnat muhojirlari uchun umumiy amnistiya berishni so‘radi. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshlig‘i Baxtiyor Tursunovning ma’lum qilishicha, hozirgi kunda taxminan 300 ming nafar O‘zbekiston fuqarosi Rossiya hududidan deport qilingan. Oxir oqibat Mirziyoev O‘zbekiston YeOIIga a’zo emas, kuzatuvchi bo‘lib kirishini aytdi.
AQSh esa turli iqtisodiy yordam ajratish va bu yordamlarni yildan yilga oshirib borish orqali o‘z ta’siri ostiga olishga harakat qilmoqda. Yaqinda AQSh Davlat departamenti O‘zbekiston uchun 2020 moliyaviy yilda 14,4 million dollar ajratilishini so‘ragani ma’lum qilingan edi. 2017 yil bu ko‘rsatkich 10,6 million dollarni tashkil etgan.
Bundan tashqari, AQSh O‘zbekistonni Rossiya bosimi ostida yolg‘iz qoldirmaslik uchun Rossiyadan biror rasmiy kelishi ortidan darhol o‘z rasmiylarini eshnatib kelmoqda. Ma’lumki, joriy yilda, 15 yanvar kuni Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga kelgan va Mirziyoevni Rossiyaga amalga oshiradigan tashrifi masalalarini muhokama qilgan edi. Shundan so‘ng Shavkat Mirziyoevning Rossiyaga tashrifi 5 fevralga rejalashtirilgani xabar qilindi. Mirziyovning Rossiyaga amalga oshiradigan tashrifi oldidan Pampeoni Toshkentga kelishi ham o‘zbek hukumatiga dalda bo‘lishi shubhasiz.
Abdurahmon Odilov