Bikr Shomiy (بكر الشامي)ning Qur’on oyatlarining bizgacha etib kelgan tilovati bilan bizgacha etib kelgan rasmi o‘rtasidagi farq xususida bergan savoliga javob

559
0

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ

Bikr Shomiy (بكر الشامي)ning Qur’on oyatlarining bizgacha etib kelgan tilovati bilan bizgacha etib kelgan rasmi o‘rtasidagi farq xususida bergan savoliga javob

Savol:

Assalomu alaykum va rohmatullohi va barokatuh

Men tushuna olmayapman, menga shu gapni sharhlab bersangiz. Ulamolarning so‘zlariga murojaat qilsam noaniqlik yo‘qolmayapti:

Ibn Shihob aytadi: Xorija ibn Zayd Zayd ibn Sobitdan xabar berishicha, Zayd ibn Sobit aytadi: Mushafni ko‘chirayotganimizda Ahzob surasidan bir oyatni yo‘qotib qo‘ydim. Men Rosululloh ﷺ uni o‘qiganini eshitgan edim. Uni izlab, Xuzayma ibn Sobit ansoriyda topdik. U:

مِنْ الْمُؤْمِنِينَ رِجَالٌ صَدَقُوا مَا عَاهَدُوا اللَّهَ عَلَيْهِ

«Mo‘minlar orasida o‘zlari Allohga bergan ahdu paymonlariga sodiq bo‘lgan kishilar bordir» [Ahzob 23]

oyati edi.

Men tushunolmagan narsa shuki, Xuzayma ibn Sobit bitta bo‘lishi va mutavotir darajasiga etmaganiga qaramay, sahobalar undan qanday qabul qilishdi. Agar uning guvohligi ikki kishining guvohligiga o‘tadi deb qabul qilganimizda ham, mutavotir darajaga etmaydi-ku.

Xurmatli shayximiz Alloh sizni o‘z marhamatiga sazovor qilsin.

Javob:

Va alaykum assalom va rohmatullohi va barokatuh

Sizga Qur’on oyatlarining Rosululloh ﷺ tomonidan bizga etib kelgan tilovati bilan u kishining qo‘li ostida yozilgan Qur’on nusxasi o‘rtasida go‘yo farq bordek ko‘ringan. Ammo oyatlarning tilovati bir to‘p sahobalarning Rosululloh ﷺdan mutavotir yo‘l bilan naql qilishi orqali bizgacha etib kelgan. U bizga mutavotir yo‘l bilan etib kelganidek, Allohning izni va tavfiqi bilan qiyomatgacha saqlanadi. Chunki Alloh Taolo:

إِنَّا نَحْنُ نَزَّلْنَا الذِّكْرَ وَإِنَّا لَهُ لَحَافِظُونَ

«Albatta bu eslatmani (ya’ni Qur’onni) Biz O‘zimiz nozil qildik va shubhasiz, O‘zimiz uni saqlaguvchimiz» [Hijr 9]

deydi.

Ammo oyatlar rasmi (lafzlarining yozilishi shakli)ga kelsak, sahobalar oyatlarni yodlagan kishilardan emas, balki ularning Rosululloh ﷺ huzurida yozilganlarini yozishga ijmo’ qilishgan. Ularga sahobalar tomonidan yozilgan sahifalarni jamlash kifoya qilgan. Lekin ular har bir sahifa Rosululloh ﷺ huzurida yozilganiga ikkita guvoh bo‘lishi shart deb bilishgan va mana shu narsaga zo‘r berib harakat qilishgan.

Bu Alloh Taolo tomonidan o‘zining buyuk va hech qaysi tomonidan biron hujjat kelib uni botil qila olmaydigan kitobini saqlash uchun bo‘lgan tavfiqdir (yordamdir).

لَا يَأْتِيهِ الْبَاطِلُ مِنْ بَيْنِ يَدَيْهِ وَلَا مِنْ خَلْفِهِ تَنْزِيلٌ مِنْ حَكِيمٍ حَمِيدٍ

«Unga oldidan ham, ortidan ham (hech qanday) botil-nohaqlik kelmas (ya’ni Qur’oni Karimning hech qaysi tomonidan biron kitob yo hujjat kelib, uni botil qila olmas, chunki u) hikmat va hamdu-sano egasi tomonidan nozil qilingandir» [Fussilat 42]

Bu masalani sizga quyidagicha bayon qilib beramiz:

Birinchi: Qur’onni jamlash mavzusi:

Biz Islomiy shaxsiya kitobining birinchi qismi, «Qur’onni jamlash» bo‘limida Qur’on qanday jamlangani haqida batafsil aytib o‘tganmiz. Shuningdek Taysirul vusul ilal usul kitobining «Qur’onning nozil bo‘lishi va yozilishi», hamda «Qur’onni jamlash» nomli bo‘limlarida ham aytganmiz. Savol beruvchi masalaning tafsiloti va u haqdagi tafsiliy dalillarni bilish uchun o‘sha ikki kitobga murojaat qilishi mumkin… Hozir men sizga kitobimizda kelgan ayrim narsalarni aytib o‘taman. Toki, bu sizga masalani Allohning izni ila o‘z yo‘nalishida tushunishingiz uchun yordam bersin:

1 – Sizga «Taysirul vusul ilal usul» kitobidan Qur’onning jamlanishi bo‘limini keltiraman:

(… Abu Bakr roziyallohu anhu murtadlar urushi tufayli Qur’onni yod olgan sahobalarning katta qismi shahid bo‘lib ketganidan qo‘rqdilar. Chunki ular oyatlarni suralardagi tartibi bilan yodlagan edilar. Shuning uchun Abu Bakr roziyallohu anhu yozilgan oyatlarni Rosululloh ﷺ belgilaganidek har bir suradagi oyatlarni o‘rniga qo‘yib jamlashni buyurdilar. Rosululloh huzurida yozilgani tasdiqlanganidan keyin har bir suraning oyatlari yozilgan bo‘laklar jamlandi. Har bir yozilgan bo‘laklarning Rosululloh ﷺ huzurida yozilganiga ikkitadan sahobaning guvohligi talab qilindi. Ular yozilgan oyatlar yodlangan oyatlarga mos kelishiga kifoyalanmadilar. Holbuki, har bir oyat sahobalarning mutavotir darajasiga etgan jamoasi tomonidan yod olinganini bilar edilar. Shuning uchun Tavba surasining oxirgi oyatini faqat Xuzayma yozgani va uni Rosululloh ﷺ huzurida yozilganiga undan boshqasi guvoh bo‘lmaganini bilishgach, Rosululloh ﷺning Xuzaymaning guvohligi ikki kishining guvohligiga o‘tadi degan hadisiga asosan oyatni tavba surasiga qo‘shishga kelishishdi. Shundan keyin Xuzayma guvoh bo‘lgan ushbu oyatni Tavba surasiga qo‘shishdi. Holbuki, ular ushbu oyatni qat’iy shaklda yoddan bilishar edi. Bu ish sahobalarning o‘ta ehtiyotkor bo‘lganliklarining belgisidir. Chunki ular Qur’onni hofizlardan yozib olishni emas, balki Rosululloh ﷺ huzurida yozilgan sahifalarni jamlashni istagan edilar.

Shuning uchun Abu Bakr Siddiqning jamlashi oyatlar yozilgan bo‘laklarni jamlash va ularning suralardagi tartibini Rosululloh ﷺ belgilaganidek keltirish bo‘lgan. Boshqacha aytganda, har bir suraning oyati yozilgan bo‘lakni bitta o‘rinda biridan keyin ikkinchisi qo‘yildi va Qur’on suralarining barchasi shu tarzda jamlandi). Iqtibos tugadi.

2 – Abu Bakr oyatlar yozilgan bo‘laklarni Rosululloh ﷺ huzurida yozilganidek jamlagandan keyin nima qilgani haqida Islomiy shaxsiya kitobining birinchi qismidan iqtibos keltiraman:

(… Shuning uchun Abu Bakrning Qur’onni jamlash haqidagi buyrug‘i uni bitta mushaf holatiga keltirish buyrug‘i emas edi. Balki u Rosululloh ﷺ huzurida yozilgan sahifalarni bir joyga jamlash va ularni ikkita guvoh guvohligida tasdiqlash haqida buyruq qilgan edi… Ushbu sahifalar Abu Bakr hayotligida uning huzurida va Umar hayotligida uning huzurida saqlandi. So‘ng Umarning vasiyatiga ko‘ra, mo‘minlar onasi va uning qizi Hafsaning huzurida saqlandi…

Bu Abu Bakrning Qur’onni jamlashi haqidagi gaplar edi. Ammo Usmon roziyallohu anhuning Qur’onni jamlashi masalasiga kelsak, Usmon roziyallohu anhu o‘z xalifaligining ikkinchi yoki uchinchi yili, boshqacha aytganda hijratning yigirma beshinchi yilida Huzayfa ibn Yamon Madinaga, Usmonning oldiga keldi. O‘sha paytda Shom ahli Armaniston va Ozarbayjonni fath qilishda Iroq ahli bilan birgalikda g‘azotda qilardi. Huzayfa roziyallohu anhu ularning Qur’on o‘qishdagi ixtilofidan tashvishlanar edi. Huzayfa Usmon roziyallohu anhuga: ey mo‘minlar amiri, mana bu ummat yahudiy va nasorolardek kitobda ixtilof qilishlaridan ilgari ogoh bo‘ling, dedi. Usmon roziyallohu anhu Hafsa roziyallohu anhoga odam yuborib, Qur’on sahifalarini yuborishini va ulardan nusxa ko‘chirib olib, qaytarib berishlarini aytdi. Hafsa roziyallohu anho sahifalarni Usmon roziyallohu anhuga yubordi. Usmon roziyallohu anhu Zayd ibn Sobit, Abdulloh ibn Zubayr, Said ibn Os va Abdurrahmon ibn Horis ibn Hishomlarga Qur’on sahifalaridan nusxa ko‘chirishni buyurdi… Ular sahifalardan nusxa ko‘chirib bo‘lishgach, Usmon uni Hafsaga qaytarib berdi. So‘ngra nusxa qilib ko‘chirilgan mushaflarni mintaqalarga jo‘natdi va undan boshqa Qur’on sahifalarini yoqib yuborishga buyurdi. Usmon nusxa ko‘chirtirgan mushaflar soni ettita edi. Usmon ularni Makka, Shom, Yaman, Bahrayn, Basra va Ko‘faga yubordi, bittasini Madinada olib qoldi.

Shuning uchun Usmonning qilgan ishi Qur’onni jamlash emas, balki Rosulullohdan naql qilingan Qur’ondan nusxa ko‘chirish bo‘lgan edi. Usmon mo‘minlar onasi Hafsa oldida saqlanayotgan nusxadan ettita nusxa ko‘chirdi xolos. Shuningdek, odamlarni mana shu nusxa asosida jamladi va undan boshqa nusxalarni taqiqladi. Ko‘chirilgan nusxalar vahiy nozil bo‘layotgan paytda Rosululloh ﷺ huzurida yozilgan sahifalardagi yozuvlarning hamda Abu Bakr roziyallohu anhu jamlagan nusxalarning aynan o‘zidir. Keyin musulmonlar xuddi shu nusxalardan nusxa ko‘chira boshladilar. Usmon nusxa ko‘chirtirgan mushafdan boshqasi qolmagan. Nashriyotlar paydo bo‘lganidan keyin ham xuddi shu nusxadan nashr qilina boshladi…).

3 – Ko‘rib turganingizdek, masala sahobalar Rosululloh ﷺdan qat’iy va mutavotir yo‘l bilan naql qilgan Qur’on tilovatini naql qilish bo‘lgan emas. Balki Rosululloh ﷺ huzurida yozilgan narsani naql qilish bo‘lgan… Shuning uchun mushaf asoslangan mana shu rasmi (lafzlarining yozilish shakli)  tavqifiydir. O‘sha rasm (lafzlarining yozilish shakli)ni ushlash vojibdir, undan boshqa rasm  asosida mushaf yozish esa haromdir. Undan boshqasiga o‘tish mutlaqo mumkin emas… Qur’onning Usmoniy rasmi (lafzlarining yozilish shakli)ni mahkam ushlash vojib degan gap mushaf yozish ishiga xosdir. Ammo Qur’onni iqtibos keltirish uchun yozish, o‘rgatish uchun doskaga yozish yoki bundan boshqa shar’iy maqsadlarda yozish joizdir. Masalan mushafda الربوا shaklida yozilgan so‘zni ta’lim maqsadida الربا shaklida yozishingiz joizdir. Chunki Rosululloh ﷺ faqat mushaf qanday yozilishi shartligini aytganlar va sahobalar ham shuning ustida ijmo qilishgan. Bu borada boshqasini qiyoslab bo‘lmaydi, chunki u illatlanmagan tavqifiy ishdir, unda qiyos ishlamaydi.

Ikkinchidan: Siz so‘rayotgan hadisga kelsak, uni Buxoriy quyidagi tarzda chiqargan:

(4604 – Ibrohim ibn Shihobdan keltirishicha Anas ibn Molik aytadi: Huzayfa ibn Yamon Usmonning oldiga keldi, o‘sha paytda Huzayfa Iroq va Shom ahli bilan birga Armaniston va Ozarbayjonni fath qilish uchun olib borilayotgan jangda qatnashayotgan edi. Huzayfa ularning qiroatdagi ixtiloflaridan qo‘rqdi. U Usmonga: Ey mo‘minlar amiri yahudiy va nasroniylar ixtilof qilishganidek bu Ummat Qur’on borasida ixtilof qilishidan oldin biror chorasini ko‘ring, dedi. Shunda Usmon Hafsaga Qur’on sahifalarini yuborishi haqida elchi yubordi. Shuningdek, sahifalardan bir necha mushaf ko‘chirib olgandan keyin qaytarib berishini aytdi. Hafsa sahifalarni Usmonga yuborgach, Usmon Zayd ibn Sobit, Abdulloh ibn Zubayr, Said ibn Os va Abdurrahmon ibn Horis ibn Hishomlarga ulardan nusxa ko‘chirishni buyurdi. Usmon uch qurayshlikka aytdiki: Agar sizlar Zayd ibn Sobit bilan Qur’ondan biror narsada kelisholmasangiz, uni Quraysh tilida yozing, chunki u Quraysh tilida nozil bo‘lgan. So‘ng ular shunday qilishdi va sahifalardan bir necha mushaf ko‘chirishdi. Shunda Usmon sahifalarni Hafsaga qaytarib, ko‘chirilgan mushaflarni turli tomonlarga yubordi. Shuningdek bundan boshqa sahifa va mushaflarni yoqib yuborishga buyurdi.

Ibn Shihob aytadi: Menga Xorija ibn Zayd ibn Sobitning xabar qilishicha, u Zayd ibn Sobitning shunday deb aytayotganini eshitgan ekan: Mushaflarni ko‘chirayotib, Ahzob surasidan bir oyatni yo‘qotib qo‘ydim. Men Rosululloh ﷺning uni o‘qiganini eshitgan edim. So‘ng uni Xuzayma ibn Sobit Ansoriydan topdik. U

مِنْ الْمُؤْمِنِينَ رِجَالٌ صَدَقُوا مَا عَاهَدُوا اللَّهَ عَلَيْهِ

«Mo‘minlar orasida o‘zlari Allohga bergan ahdu paymonlariga sodiq bo‘lgan kishilar bordir» [Ahzob 23]

oyati edi. Biz uni mushafda Ahzob surasiga qo‘shib yozdik.

Ayon bo‘ladiki, ushbu hadis Usmon roziyallohu anhu davridagi mushaflar ko‘chirilishi (ya’ni nusxa olish) hodisasini bayon qilyapti. Unda Zayd ibn Sobit va yana uch kishi Abu Bakr davrida jamlangan va Hafsa roziyallohu anho uyida saqlanayotgan sahifalardan nusxa olishi hodisasi bayon qilinyapti. Boshqacha aytganda, hadis Rosululloh ﷺ davrida yozilgan sahifalardan nusxa ko‘chirish haqida hamda o‘sha sahifalarda yozilgan tarzda mushaf ko‘chirish haqida bayon qilyapti. Bu esa, mutavotir bo‘lishi zarur emas, balki sahih bo‘lishi etarlidir. Lekin sahobalar bu ishga jiddiy e’tibor bilan yondashib yozishda ikkita guvoh bo‘lishi lozim deb topishdi… Ammo Qur’on tilovatiga kelsak, bir to‘p sahobalar uni Rosululloh ﷺdan naql qilishgan.

Allohning izni bilan savolingizning javobi yorqin bo‘ldi. Alloh o‘zi o‘z kitobini saqlovchidir.

إِنَّا نَحْنُ نَزَّلْنَا الذِّكْرَ وَإِنَّا لَهُ لَحَافِظُونَ

«Albatta bu eslatmani (ya’ni Qur’onni) Biz O‘zimiz nozil qildik va shubhasiz, O‘zimiz uni saqlaguvchimiz» [Hijr 9]

Uchinchidan: Yorqinlashtirishga muhtoj bo‘lgan ikkita masala qoldi:

Birinchisi yozilgan holatda topilmagan, lekin Xuzaymada bo‘lgan oyatlar qaysi oyatlar?

Ikkinchisi bu oyatlar Xuzaymada bo‘lganmi yoki uning otasidami?

Ushbu savollarga javob berish uchun Allohdan tavfiq so‘ragan holda shunday deymiz:

1 – Oyatlarga aloqador birinchi masalaga kelsak, Buxoriy bu haqda 4311 va 4604 raqamlari ostida ikki rivoyatni chiqargan, ular quyidagicha:

Birinchi: (4311. Abu Yamon Shuaybdan, u esa Zuhriydan, u Ibn Sabboqdan xabar berishicha Zayd ibn Sobit Ansoriy roziyallohu anhu (U Payg‘ambarimiz davrida vahiy yozadigan kishilardan biri edi) aytadiki: Abu Bakr Yamoma jangida o‘lganlar xususida ma’lumot olish uchun menga chopar yubordi, borsam huzurida Umar ham bor ekan. Abu Bakr shunday dedi: Umar menga kelib, Yamomada juda ko‘pchilik o‘ldi, bunday joylarda Qur’on qorilaridan ko‘pchiligi o‘lib ketishidan qo‘rqyapman, bu ahvolda ularning ko‘pchiligidan ajrab qolamiz, shuning uchun Qur’onni jamlash lozim, deyapti. Men Umarga Rosululloh ﷺ qilmagan ishni qanday qilaman desam, Umar – Allohga qasamki, bu yaxshi ish deb takrorlayverganidan Alloh uni qalbimga soldi. Shuning uchun Umar aytayotgan fikrni to‘g‘ri deb topdim dedi.

Zayd ibn Sobit aytadi: Umar uning yonida gapirmay jim o‘tirar edi. Abu Bakr menga, sen aqlli yigitsan, seni yolg‘on gapiradigan va unutib qo‘yadigan yigit deb bilmaymiz, shuning uchun Qur’onni yaxshilab o‘rganib, uni jamla, dedi. Allohga qasamki, agar menga bir tog‘ni o‘rnidan jildirib ber deganlarida Qur’onni jamlashga buyurganidan ko‘ra engilroq bo‘lar edi. Men ularga: Qanday qilib Rosululloh ﷺ qilmagan ishni qilyapsizlar? – degan edim, Abu Bakr: Allohga qasamki, bu yaxshi ish, dedi. Allohga qasamki, men bu ishni bir necha marta qaytardim, lekin Alloh Taolo uni Abu Bakr va Umarning qalbiga solganidek mening ham qalbimga soldi. Shunda turdim, Qur’onni tekshirdim hamda uni qog‘oz va suyak bo‘laklari, xurmo shoxlari va yod olgan kishilardan jamlay boshladim. Tavba surasidagi ikki oyatni faqat Xuzayma ansoriydangina topdim, boshqasida yo‘q edi. U mana bu

لَقَدْ جَاءَكُمْ رَسُولٌ مِنْ أَنْفُسِكُمْ عَزِيزٌ عَلَيْهِ مَا عَنِتُّمْ حَرِيصٌ عَلَيْكُم

«(Ey insonlar), axir sizlarga o‘zlaringizdan bo‘lgan, sizlarning kulfat-mashaqqat chekishingizdan qiynaluvchi, sizlarning (to‘g‘ri yo‘l — haq dinga kelishingizga) haris – tashna bo‘lgan bir payg‘ambar keldi-ku!» [Tavba 128]

oyatidan boshlanib, baroa surasining oxirigacha edi. Jamlangan Qur’on Abu Bakr huzurida qoldi, u vafot etgach Umar huzurida qoldi va uning vafotidan keyin qizi Hafsada qoldi…). Bu hadisning matnidir, u Abu Bakr davrini bayon qilyapti. Ayon bo‘lishicha Xuzaymadan topilgan yozilgan sahifalar tavba surasining ikki oyati, ya’ni

لَقَدْ جَاءَكُمْ رَسُولٌ مِنْ أَنْفُسِكُمْ عَزِيزٌ عَلَيْهِ مَا عَنِتُّمْ حَرِيصٌ عَلَيْكُم

«(Ey insonlar), axir sizlarga o‘zlaringizdan bo‘lgan, sizlarning kulfat-mashaqqat chekishingizdan qiynaluvchi, sizlarning (to‘g‘ri yo‘l — haq dinga kelishingizga) haris – tashna bo‘lgan bir payg‘ambar keldi-ku!» [Tavba 128]

oyatidan boshlanib, suraning oxirigacha bo‘lgan.

Ikkinchi: 4604. Bu hadis shunday rivoyat qilingan: Muso Ibrohimdan, u ibn Shihobdan, u Anas ibn Molikdan xabar berishicha Huzayfa ibn Yamon Usmonning huzuriga keldi. O‘shanda Huzayfa Iroq va Shom ahli bilan birga Armaniston va Ozarbayjonni fath qilish uchun olib borilayotgan jangda qatnashayotgan edi. Huzayfa ularning qiroatdagi ixtilofidan tashvishga tushib, Usmonga: Ey mo‘minlar amiri, bu ummat yahudiy va nasroniylar kabi ixtilof qilishdan oldin, ularga biror chora ko‘ring, dedi. Shunda Usmon Hafsaga chopar yuborib, Qur’on sahifalarini yuborishi va ulardan nusxa ko‘chirib olib, yana qaytarishi haqida aytdi. Hafsa ularni yuborgach, Usmon Zayd ibn Sobit, Abdulloh ibn Zubayr, Said ibn Os va Abdurrahmon ibn Horis ibn Hishomlarga ulardan nusxa ko‘chirishni buyurdi. Ular nusxa ko‘chirib bo‘lishgach, Usmon ushbu uch qurayshlikka: Agar sizlar Zayd ibn Sobit bilan Qur’ondan biror narsada kelisholmay qolsangiz uni Quraysh tilida yozing. Chunki u Quraysh tilida nozil bo‘lgan dedi. Ular shunday qilishdi va sahifalarni mushaflarga ko‘chirib bo‘lishgach, Usmon sahifalarni Hafsaga qaytarib yubordi. So‘ng ko‘chirilgan mushaflarni turli joylarga yuborib, ulardan boshqa sahifa va mushaflarni yoqib yuborishga buyurdi.

Ibn Shihob aytadi: Menga Xorija ibn Zayd ibn Sobit Zayd ibn Sobitning shunday deb aytganini xabar bergan: Mushaf ko‘chirayotganimizda Ahzob surasidan bir oyatni yo‘qotib qo‘ydim. Men u oyatni Rosululloh ﷺ o‘qiganini eshitgan edim. So‘ng uni Xuzayma ibn Sobit ansoriyda topdik, u

مِنْ الْمُؤْمِنِينَ رِجَالٌ صَدَقُوا مَا عَاهَدُوا اللَّهَ عَلَيْهِ

«Mo‘minlar orasida o‘zlari Allohga bergan ahdu paymonlariga sodiq bo‘lgan kishilar bordir» [Ahzob 23]

oyati edi. Biz uni mushafdagi surasiga qo‘shib qo‘ydik. Bu hadisning matni, ko‘rinib turibdiki, Usmon roziyallohu anhu davrida bo‘lgan hamda Xuzaymadan topishgan yozilgan sahifalar Ahzob surasining

مِنْ الْمُؤْمِنِينَ رِجَالٌ صَدَقُوا مَا عَاهَدُوا اللَّهَ عَلَيْهِ

«Mo‘minlar orasida o‘zlari Allohga bergan ahdu paymonlariga sodiq bo‘lgan kishilar bordir» [Ahzob 23]

oyatidir.

Agar Buxoriy chiqargan va sanadlari sahih bo‘lgan ushbu ikki 4311 va 4604 hadislarga nazar tashlaydigan bo‘lsak, quyidagilar ayon bo‘ladi:

a)    Birinchidan shuni bayon qilamizki, bu ikki hadis oyatlarning mutavotirligi haqida emas. Ikkala rivoyatda ham mavzu yodlangan narsani mutavotirligi haqida emas, balki yozish haqidadir. Chunki har bir oyat Rosululloh ﷺdan bir guruh sahobalar tomonidan yodlab olingan. Sahobalar o‘sha Rosululloh ﷺ huzurida yozilgan narsani naql qilishni xohlashdi. Ular Qur’onni hofizlardan yozib olishni xohlamadilar, chunki bunda ularning harflari turlicha bo‘lib ketar edi. Balki ular Aziz Hakim Allohdan tavfiq so‘rab Qur’onni Rosululloh ﷺ huzurida qanday yozilgan bo‘lsa, o‘sha tarzda yozishni xohladilar. Zero, Alloh Taolo:

إِنَّا نَحْنُ نَزَّلْنَا الذِّكْرَ وَإِنَّا لَهُ لَحَافِظُونَ

«Albatta bu eslatmani (ya’ni Qur’onni) Biz O‘zimiz nozil qildik va shubhasiz, O‘zimiz uni saqlaguvchimiz» [Hijr 9]

degan. Shuning uchun faqat Usmon roziyallohu anhuning mushafiga mos mushaf chop etish joiz, degan shar’iy hukm istinbot qilingan.

b)    Yozilgan sahifalarni jamlash sahih dalillarda kelganidek, Abu Bakr davrida bo‘lgan. Yozilgan sahifaga ikkita guvoh keltirish haqidagi dalil ham sahihdir… Ammo Usmon roziyallohu anhu davrida Abu Bakr davrida jamlangan va Hafsa roziyallohu anhoning huzurida saqlanayotgan sahifalardan nusxa ko‘chirish bo‘ldi. Usmon Zayd va yana uch kishini o‘sha sahifalardan nusxa ko‘chirishga buyurdi…

Usmon roziyallohu anhu davrida yozilgan sahifalar yo‘qolib qolishi mumkin emas. Balki bu Abu Bakr davrida sahifalarni jamlayotganda bo‘lgan. Ya’ni u Tavba surasining oxirgi ikki

لَقَدْ جَاءَكُمْ رَسُولٌ مِنْ أَنْفُسِكُمْ عَزِيزٌ عَلَيْهِ مَا عَنِتُّمْ حَرِيصٌ عَلَيْكُمْ بِالْمُؤْمِنِينَ رَءُوفٌ رَحِيمٌ * فَإِنْ تَوَلَّوْا فَقُلْ حَسْبِيَ اللَّهُ لَا إِلَهَ إِلَّا هُوَ عَلَيْهِ تَوَكَّلْتُ وَهُوَ رَبُّ الْعَرْشِ الْعَظِيمِ

«(Ey insonlar), axir sizlarga o‘zlaringizdan bo‘lgan, sizlarning kulfat-mashaqqat chekishingizdan qiynaluvchi, sizlarning (to‘g‘ri yo‘l — haq dinga kelishingizga) haris – tashna bo‘lgan va barcha mo‘minlarga marhamatli, mehribon bo‘lgan bir payg‘ambar keldi-ku! Ana endi ham yuz o‘girsalar, u holda ayting: «Menga Allohning O‘zi etarlidir! Hech qanday iloh yo‘q, faqat Uning O‘zi bordir! (Men Uning) O‘ziga suyandim. U zot ulug‘ arsh sohibidir» [Tavba 128-129]

oyatlari bo‘lgan. Bu sahifalar Usmon roziyallohu anhu davrida yo‘qolib qolishi mumkin emas. Chunki sahifalarni jamlash Usmonning davrida, ya’ni nusxa ko‘chirilayotgan davrda emas, balki Abu Bakr davrida bo‘lgan… Shuning uchun Buxoriyning 4604 sonli hadisi diroyatan inkor qilinadi. Ya’ni (Ibn Shihob aytadi: Menga Xorija ibn Zayd ibni Sobit Zayd ibn Sobitning shunday deb aytganini xabar bergan: Mushaf ko‘chirayotganimizda Ahzob surasidan bir oyatni yo‘qotib qo‘ydim. Men u oyatni Rosululloh ﷺ o‘qiganini eshitgan edim. So‘ng uni Xuzayma ibn Sobit ansoriyda topdik, u

مِنْ الْمُؤْمِنِينَ رِجَالٌ صَدَقُوا مَا عَاهَدُوا اللَّهَ عَلَيْهِ

«Mo‘minlar orasida o‘zlari Allohga bergan ahdu paymonlariga sodiq bo‘lgan kishilar bordir» [Ahzob 23]

oyati edi. Biz uni mushafdagi surasiga qo‘shib qo‘ydik).

2 – Ikkinchi masala, ya’ni Tavba surasining ikki oyati boshqalarda topilmay faqat unda topilgan sahoba Xuzayma edimi? yoki Abu Xuzayma edimi? degan savolning javobi quyidagichadir:

–     Buxoriy ikkita rivoyatni, ya’ni (4311 va 4603 sonli) rivoyatlarni chiqargan…

Ammo yuqorida aytib o‘tilgan 4311 sonli hadisda: (So‘ngra turdimda Qur’onni tekshirdim va uni sahifa va suyak bo‘laklari, xurmo shoxlari va hofizlardan yig‘dim. Tavba surasining ikki oyatini faqat Xuzayma ansoriyda topdim, boshqasida topmadim. Ular

لَقَدْ جَاءَكُمْ رَسُولٌ مِنْ أَنْفُسِكُمْ عَزِيزٌ عَلَيْهِ مَا عَنِتُّمْ حَرِيصٌ عَلَيْكُمْ بِالْمُؤْمِنِينَ رَءُوفٌ رَحِيمٌ * فَإِنْ تَوَلَّوْا فَقُلْ حَسْبِيَ اللَّهُ لَا إِلَهَ إِلَّا هُوَ عَلَيْهِ تَوَكَّلْتُ وَهُوَ رَبُّ الْعَرْشِ الْعَظِيمِ

«(Ey insonlar), axir sizlarga o‘zlaringizdan bo‘lgan, sizlarning kulfat-mashaqqat chekishingizdan qiynaluvchi, sizlarning (to‘g‘ri yo‘l — haq dinga kelishingizga) haris – tashna bo‘lgan va barcha mo‘minlarga marhamatli, mehribon bo‘lgan bir payg‘ambar keldi-ku! Ana endi ham yuz o‘girsalar, u holda ayting: «Menga Allohning O‘zi etarlidir! Hech qanday iloh yo‘q, faqat Uning O‘zi bordir! (Men Uning) O‘ziga suyandim. U zot ulug‘ arsh sohibidir» [Tavba 128-129]

oyatidan boshlanib, baroa surasining oxirigacha edi.

–     4603 sonli hadisda shunday keladi: Muso ibn Ismoil Ibrohim ibn Sa’ddan, u esa, Ubay ibn Sabboqdan rivoyat qilishicha, Zayd ibn Sobit Ansoriy roziyallohu anhu (U Payg‘ambarimiz ﷺ davrida vahiy yozadigan kishilardan edi) aytadiki: Abu Bakr Yamoma jangida o‘lganlar xususida  ma’lumot olish uchun menga chopar yubordi, borsam huzurida Umar ham bor ekan. Abu Bakr shunday dedi: Umar menga kelib, Yamomada juda ko‘pchilik o‘ldi, bunday joylarda Qur’on qorilaridan ko‘pchiligi o‘lib ketishidan qo‘rqyapman, bu ahvolda ularning ko‘pchiligidan ajrab qolamiz, shuning uchun Qur’onni jamlash lozim, deyapti. Men Umarga Rosululloh ﷺ qilmagan ishni qanday qilaman desam, Umar – Allohga qasamki, bu yaxshi ish deb takrorlayverganidan Alloh uni qalbimga soldi. Shuning uchun Umar aytayotgan fikrni to‘g‘ri deb topdim, dedi. Zayd ibn Sobit aytadi: Umar uning yonida gapirmay jim o‘tirar edi. Abu Bakr menga, sen aqlli yigitsan, seni yolg‘on gapiradigan va unutib qo‘yadigan yigit deb bilmaymiz, shuning uchun Qur’onni yaxshilab o‘rganib, uni jamla, dedi. Allohga qasamki, agar menga bir tog‘ni o‘rnidan jildirib ber deganlarida Qur’onni jamlashga buyurganidan ko‘ra engilroq bo‘lar edi. Men ularga: Qanday qilib Rosululloh ﷺ qilmagan ishni qilyapsizlar? – degan edim, Abu Bakr: Allohga qasamki, bu yaxshi ish dedi. Allohga qasamki, men bu ishni bir necha marta qaytardim, lekin Alloh Taolo uni Abu Bakr va Umarning qalbiga solganidek mening ham qalbimga soldi. Shunda turdim, Qur’onni tekshirdim hamda uni xurmo shoxlari va po‘stlog‘i va yod olgan kishilardan jamlay boshladim. Tavba surasidagi ikki oyatni faqat Abu Xuzayma ansoriydangina topdim boshqasida yo‘q edi. U mana bu

لَقَدْ جَاءَكُمْ رَسُولٌ مِنْ أَنْفُسِكُمْ عَزِيزٌ عَلَيْهِ مَا عَنِتُّمْ حَرِيصٌ عَلَيْكُمْ

«(Ey insonlar), axir sizlarga o‘zlaringizdan bo‘lgan, sizlarning kulfat-mashaqqat chekishingizdan qiynaluvchi, sizlarning (to‘g‘ri yo‘l — haq dinga kelishingizga) haris – tashna bo‘lgan bir payg‘ambar keldi-ku!» [Tavba 128-129]

oyatidan boshlanib, baroa surasining oxirigacha edi. Jamlangan Qur’on Abu Bakr huzurida qoldi, u vafot etgach Umar huzurida qoldi va uning vafotidan keyin qizi Hafsada qoldi…).

Ko‘rinib turibdiki, hadisda (Qur’onni tekshirdim, va uni xurmo shoxlari, po‘stlog‘i va hofizlardan yig‘dim. Tavba surasining

لَقَدْ جَاءَكُمْ رَسُولٌ مِنْ أَنْفُسِكُمْ عَزِيزٌ عَلَيْهِ مَا عَنِتُّمْ حَرِيصٌ عَلَيْكُمْ

«(Ey insonlar), axir sizlarga o‘zlaringizdan bo‘lgan, sizlarning kulfat-mashaqqat chekishingizdan qiynaluvchi, sizlarning (to‘g‘ri yo‘l — haq dinga kelishingizga) haris – tashna bo‘lgan bir payg‘ambar keldi-ku!» [Tavba 128-129]

degan oyatlarini esa, to baroa surasining oxirigacha faqat Abu Xuzayma ansoriydan topdim va boshqasidan topmadim) deyilgan.

Ikki hadisni sinchiklab o‘rganadigan bo‘lsak, shu narsa ayon bo‘ladiki, sahobaning ismi Abu Xuzayma emas, Xuzayma ibn Sobit ansoriy bo‘lgan. Bunga dalil, Abu Bakr mazkur sahifalarni Rosululloh ﷺ huzurida yozilganiga ikkita guvohni shart qildi. Shunda Zayd har bir yozilgan oyatga ikki kishini guvoh qildi, faqat Tavba surasining oxirgi ikki oyatini bir rivoyatda Xuzaymada, boshqa rivoyatda Abu Xuzaymada topdi. Bu erda asosiy narsa sahifaning ishonchligi borasida bo‘lgan. Shunday ekan, sahifa topilgan kishining guvohligi ikki kishining guvohligiga o‘tishi kerak. Aksincha, Abu Bakr shart qilganidek sahifaga ishonilmagan bo‘lar edi.

Rosululloh ﷺ guvohligi ikki kishining guvohligiga teng deb aytgan sahoba Xuzayma ibn Sobitdir, bu haqda sahih rivoyat bor. Bu hadis mana shu holat, ya’ni yozilgan sahifalarni jamlash holatiga mosdir. O‘z kitobini tilovat va rasm (yozma shaklni) saqlagan aziz va hakim zotni barcha sheriklardan poklaymiz. Xuzaymaning hadisi quyidagicha:

Imom Ahmad o‘zining Musnadida, Abu dovud o‘z Sunanida shunday chiqarishgan, lafz Imom Ahmadniki: (Abu Yamon Shuaybdan, u Zuhriydan, u esa Umora ibn Xuzayma ansoriydan rivoyat qilishicha uning amakisi (U Rosululloh ﷺning sahobalaridan bo‘lgan) aytadi: Payg‘ambarimiz ﷺ bir a’robiydan ot sotib oldi. Nabiy ﷺ otni pulini berish uchun undan uygacha uni olib borib berishini so‘radilar. Rosululloh ﷺ yo‘lda yurishini tezlashtirdilar, a’robiy esa sekin yurdi. Yo‘lda kishilar Rosululloh ﷺ uning otini sotib olganini bilmasdan, otni savdolasha boshlashdi. Hatto ularning ba’zisi otga Rosululloh ﷺ sotib olgan bahodan ham baland baho aytishdi. Shunda a’robiy Rosululloh ﷺga otni sotib olsang sotib ol, yo‘qsa uni sotib yuboraman dedi. Rosululloh ﷺ a’robiyning nidosini eshitgach: Axir men sendan uni sotib olgan edim-ku dedi. Shunda a’robiy: Allohga qasamki, men uni senga sotmadim dedi. Rosululloh ﷺ esa: Men uni sendan sotib oldim, dedilar. Shunda odamlar Payg‘ambar ﷺ va a’robiyga sukut saqlashdi, ammo ikkisi so‘zini takrorlashar edi. Shunda a’robiy Payg‘ambar ﷺga musulmonlardan men senga ot sotganimga guvoh bo‘ladigan birortasini keltir dedi. Odamlar esa, holingga voy bo‘lsin, Axir Payg‘ambar ﷺ faqat haqiqatni gapiradi deyishdi. Shunda Xuzayma keldi hamda Rosululloh ﷺ va a’robiyning murojaatlarini eshitdi. A’robiy: Men senga otni sotganim haqida guvoh keltir degan edi, Xuzayma: Men sening Rosululloh ﷺga otni sotganinga guvohman dedi. Shunda Rosululloh ﷺ Xuzaymaga nimaga guvohlik berasan degan edi, u Ey Allohning Rosuli sizning to‘g‘riligingizga dedi. Rosululloh ﷺ Xuzaymaning guvohligini ikki kishining guvohligi o‘rnida qabul qildi). Ushbu hadisni Hokim o‘zining Mustadrakida ikki sahihdan chiqargan va (… Bu isnodi sahih hadis bo‘lib, kishilari ikki shayx ittifoqi bilan ishonchlidir degan).

Shunday qilib, Tavba surasining ikki oyati yozilgan sahifalar undan boshqasida topilmagan sahoba Abu Xuzayma emas, balki Xuzayma ekani isbotlandi. Chunki oyat guvohligi ikki kishining guvohligiga teng keladigan kishiga tayanib olingan edi. Bu sifat Abu Xuzaymaga emas, balki Xuzaymaga mos keladi… Ko‘rinib turibdiki roviylar Abu Xuzayma va Xuzayma o‘rtasida ikkilanishgan, bunday holat ba’zida ro‘y berishi mumkin… Nima bo‘lganda ham yuqorida aytib o‘tganimizdek, u Xuzayma ibn Sobit bo‘lgan.

Siz bergan savolning javobi mana shudir… Shuningdek, boshqa savol beruvchilarning javobi ham mana shu… Alloh eng yaxshi bilguvchi va hakim zotdir.

Birodaringiz Ato ibn Xalil Abu Roshta

12 robiul-avval 1441h

9 noyabr 2019m

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.