Mirziyoev MDH mamlakatlari maxsus xizmatlari rahbarlarini qabul qildi

0
544

Mirziyoev MDH mamlakatlari maxsus xizmatlari rahbarlarini qabul qildi

 7 noyabr kuni, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi xavfsizlik organlari va maxsus xizmatlari rahbarlari kengashining Toshkentdagi yig‘ilishida ishtirok etadigan delegatsiyalar boshliqlarini qabul qildi.

 Prezident mehmonlarni qutlab, O‘zbekistonda MDH doirasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni, jumladan, zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi kurash borasidagi hamkorlikni kengaytirishga muhim ahamiyat qaratilayotganini ta’kidladi.

 Xavfsizlikni ta’minlash sohasidagi amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash O‘zbekistonning Hamdo‘stlikda 2020 yilgi raisligining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani qayd etildi.

 Tashkilotga a’zo davlatlar maxsus xizmatlari o‘rtasidagi yaqin hamkorlikni davom ettirish, shu jumladan tezkor axborot almashish hamda terrorizm, ekstremizm, narkotrafik va uyushgan jinoyatchilikni bartaraf etish bo‘yicha qo‘shma tadbirlar o‘tkazish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.

 Izoh: Ayrim xabarlarga ko‘ra, Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan MDH davlatlari maxsus xizmatlari rahbarlarining yig‘ilishi aslida 2020 yilning may oyida o‘tkazilishi kerak edi. Biroq, Rossiya xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushevning 30-31 oktyabr kunlari Tojikiston va O‘zbekistonga tashrifi ortidan bu yig‘ilish 2019-yil 7-noyabr kuniga ko‘chirildi. MDH davlatlari maxsus xizmatlari rahbarlari yig‘ilishi bo‘lib o‘tadigan kuni Tojikistonda “IShID” tashkiloti a’zolari deya iddao qilinayotgan qurolli guruh chegara postiga “hujum” uyushtirdi. “Hujum” sodirbo‘lishi bilan MDH davlatlari maxsus xizmatlari Tojikistonga Afg‘oniston bilan chegaralarni mustahkamlashda ko‘mak ko‘rsatishga tayyor ekanliklari haqida bayonot e’lon qilishdi…

 Ma’lumki, Nikolay Patrushev Putin hokimiyat tepasiga kelish arafasida Rossiyaning larzaga solgan qator teraktlarning asosiy tashkilotchisi sifatida tanilgan. Patrushev Tojikiston va O‘zbekistonga qilgan rasmiy tashrifi ham bejizga bo‘lmagan. Karimov tabiatidagi qo‘rqoqlik va ehtyotkorlik sababli barcha etakchi davlatlar bilan masofa saqlab kelgan. O‘zbekiston boshqa davlatlar uchun yopiq bo‘lib qolavergan. Mirziyoev hokimiyat tepasiga kelgach G‘arb investitsiyasi va qo‘lloviga ega chiqish uchun qisman ochiq siyosat yurita boshladi. G‘arb tashkilotlari va ayrim inson huquqlari tashkilotlari uchun eshiklarni ochib berdi. Bundan foydalangan AQSh O‘zbekiston ustidan o‘z nufuzini mustahkamlashga kirishdi. Tabiiyki, bu Rossiya uchun istalmagan holat. Shu sababli ham Rossiya o‘zbek hukumatini o‘z changalidan chiqarib yubormaslik uchun sinalgan usul “terrorizm tahdidi”dan foydalanmoqchi bo‘lyapti. Tojikistonda sodir bo‘lgan ish aynan O‘zbekistonga qaritilgan ekanligiga dalil – O‘zbekiston rasmiy axborot sayti uza.uz xodisa haqida birorta ham xabar chop etmadi.

 Abdurahmon Odilov

Izohlar yo'q