O‘zbekiston Rossiyadan katta partiyada “Tayfun” zirhli avtomobillarini sotib oldi

0
1160

O‘zbekiston Rossiyadan katta partiyada “Tayfun” zirhli avtomobillarini sotib oldi

Rossiyaning eng zamonaviy yuqori himoyalangan, 4×4 g‘ildirak sxemasiga ega “Tayfun-K” K-53949 zirhli avtomobillari O‘zbekiston armiyasi tomonidan qurollanish uchun olindi. 

 Ushbu harbiy texnika O‘zbekistonda may oyida “Chirchiq” poligonida o‘tgan tank biatloni bo‘yicha musobaqalarda ilk bor payqalgan. Ayni vaqtda texnika barcha sinovlarni muvaffaqiyatli o‘tgan.

O‘zbekiston K-53949 zirhli avtomobillarini qurollanish uchun olgan ilk xorijiy davlat bo‘ldi.

“RIA Novosti” axborot agentligiga manbaning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston ushbu harbiy texnikadan yirik partiyada sotib oldi. Avtomobillar joriy yilda etkazib berila boshlanadi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston 2019 yilda Rossiyadan BTR-82A hamda “Tigr” zirhli avtomobillarini, “Sopka 2” radiolokatsion stantsiyalarini ham sotib olgan edi. Undan tashqari O‘zbekiston va Rossiya orasida 12 ta Mi-35M – jangovar – transport vertolyotlarini  sotib olish haqida shartnoma ham imzolangan.

Izoh: O‘zbekiston o‘z armiyasini 2020 yilga qadar eng yangi qurollar bilan qayta ta’minlashni va modernizatsiyalashni rejalashtirgan. Harbiy qo‘shinlar Havoga qarshi mudofaa vositalari, vertolyotlar, bronetank texnikasi, artilleriya tizimlariga ega bo‘ladi. Tabiiyki, qo‘shinlarni qayta qurollantirish ulkan mablag‘larni talab qiladi. 2018-yili O‘zbekistonning mudofaa sohasidagi harajatlar miqdori YaIMning 4%ini yoxud 1,4 milliard dollarni tashkil etgan.

 Armiyani qurollantirish uchun yiliga ajratiladigan 1 milliard dollardan ziyod mablag‘ AQSh va Rossiya harbiy-sanoat majmualari uchun etarlicha katta bozor hisoblanadi. Shu sababli ham ular bir-birini Markaziy Osiyo qurol bozoridan siqib chiqarish maqsadida harakatni boshlab yuborishdi. Joriy yilning iyul oyida AQShning O‘zbekistondagi elchisi Daniel Rozenblyum Toshkentda jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda: “Bizda harbiy va harbiy-texnik sohada O‘zbekiston tomoni, ushbu davlat xavfsizlik kuchlariga asbob-uskunalar etkazib berish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik bo‘lgan. Bu nafaqat harbiy jihatdan, balki bojxona, ichki qo‘shinlar bo‘yicha ham amalga oshirilgan. Bundan oldin harbiy texnika, xususan, engil zirhlangan transport vositalari, uchuvchisiz uchar qurilmalar, daryo katerlari, juda katta hajmda texnik jihozlar – formalar, kaskalar, tungi ko‘rish vositalari, ratsiyalar etkazib berganmiz”, – degan edi.

 Bundan tashqari,  fevral oyida AQSh Qurolli kuchlari Markaziy Qo‘mondonligi rahbari Jozef Votel senatning harbiy masalalar bo‘yicha qo‘mitasi eshituvida Toshkentning Amerika qurollarini olish bo‘yicha bildirayotgan qiziqishlari hamda diversifikatsiya borasidagi rejalari “O‘zbekistonni Rossiyadan harbiy xaridlarni amalga oshirishdan uzoqlashtirishning noyob imkoniyati” ekanligini aytib o‘tgan edi. 2015-yili AQSh O‘zbekistonga 300 dan ortiq zirxli va pistirmadan hujumga o‘tuvchi transport vositalari (MRAP) hamda zirxli qutqaruv mashinalari (ARV) etkazib bergandi. Ma’lumki, harbiy texnika va qurol-yaroq bilan birga undan foydalanishni o‘rgatuvchi mutaxassislar, mahalliy harbiylarni tayyorlovchi instruktorlar, texnikalar uchun ehtiyot qismlar, o‘q-dorilar… zarur bo‘ladi. Oqibatda esa shu davlat harbiy sohada to‘laligicha u yoki bu davlatga qaram bo‘lib qoladi.

Abdurahmon Odilov

Izohlar yo'q