بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ
Liviyadagi qoʻgʻirchoqlar olib borayotgan urush kimning foydasi uchun hamda undan qanday maqsadlar koʻzlangan va qay oqibatga olib boradi?
Asʼad Mansur qalamiga mansub
Liviyadagi kurash voqei maʼlum, allaqachon fosh boʻldi. Voqe shuki, bu xalqaro kurash boʻlib, mustamlakachi Amerika bilan mustamlakachi Angliya oʻrtasida, ularning regional va mahalliy qurollari vositasida ketyapti. Kurashda Amerika tobelari Misr bilan Saudiya Haftarni qoʻllab-quvvatlashyapti. Shuningdek, Rossiya ham bor, chunki u Oʻrta Sharq masalalarida AQShning etagini tutib, bu bilan regional qurollardan biriga aylandi. Jazoir, Tunis, Marokash va Qatar esa, Yevropa tobelari boʻlib, Yevropa Sarrojni qoʻllab-quvvatlamoqda. Birlashgan Arab Amirliklari esa, Britaniya josusi boʻlib, uning roli Amerikaning Liviyadagi odamlarini inglizlar foydasiga iflos rolь oʻynashga undashdan iborat. Mahalliy guruhlarning barchasi u yoki bu tomonlar tarafida jang qilib, mustamlakachilar malaylari foydasi uchun turli istaklar asosida bir-birlarini oʻldirishyapti! Bugun Liviyadagi mavjud vaziyat mana shu.
Yevropa Sarrojni qoʻllayapti, uni olib kelgan ham Yevropa. Oʻshanda Sarrojni olib kelishdan oldin Britaniya 2015 yil Suxayrot (Sxirat) shartnomasini tayyorlab-pishirib berdi. Frantsiya esa, tayoqni oʻrtasidan ushlamoqchi, yaʼni, ham Haftar bilan boʻlgan munosabatlarini kuchaytirishni, ham Sarroj bilan boʻlgan munosabatini saqlab qolishni istayapti. Darvoqe, bu davlat 2017 yil 25 iyulda ikkala malayni Parijga chaqirib, oʻrtalarida oʻt ochishni toʻxtatish, prezidentlik va parlament saylovlari uyushtirishga kelishtirib qoʻydi. Biroq bu shartnomani amalga oshirishga muvaffaq boʻlolmadi. Chunki boshqa mustamlakachi kuchlar unga qarshi raqobat qilishar edi. Yaqinda u 2019 yil 8 mayda Sarrojni qabul qildi. Sarroj Yevropadan qoʻllab-quvvatlov izlab Rim, Parij va Berlin safariga chiqqan edi. Oʻshanda Frantsiya prezidenti Makron kelasi haftada Haftarni qabul qilajagini bildirdi va bundan Liviyada oʻt ochishni toʻxtatish kelishuviga erishishni, yaʼni, unga bosim qilib, Tripoliga qilayotgan hujumlarini toʻxtatishga majburlashni maqsad qildi. Bundan oldin 2019 yil 16 mayda esa, Italiya bosh vaziri Juzeppe Konte Rimda Haftar bilan uchrashib, u bilan ikki soat suhbatlashdi. Kontening maʼlum qilishicha, u Haftarni siyosiy yechimga erishish uchun jangni toʻxtatishga daʼvat qilgan, yaʼni, Tripoliga qilayotgan hujumni toʻxtatishi uchun unga bosim qilgan. Maʼlumki, Konte Haftar bilan uchrashishidan oldin birinchi AQShning Italiyadagi elchisi bilan uchrashgan. Bu esa, Italiyaning Yevropa siyosati boʻyicha yurishiga qaramay, oʻz manfaatlari yoʻlida Liviya masalasida Amerika bilan muvofiqlashgan holda harakat qilayotganini, u Amerikaning Haftarni qoʻllab-quvvatlashini yaxshi bilayotganini anglatadi.
Frantsiya bilan Italiya oʻzaro muvofiqlashib harakat qilishlari lozimligini, aks holda, Amerika qarshisida albatta yutqazishlari mumkinligini anglab yetishdi. Shuning uchun ikki davlat 2019 yil 13 mayda ularning Tashqi ishlar vazirlari uchrashuv oʻtkazishdi. Bu uchrashuvdan maqsadlari, yarashish edi. Chunki bundan oldin Liviya boyliklarini oʻzlashtirish va immigratsiya masalasida ikki davlat janjallashib qolgan. Chunki Italiya Sarroj hukumati nazoratidagi neft rayonlariga sarmoya yotqizishni afzal koʻrayotgan boʻlsa, Frantsiya Haftar nazorati ostidagi rayonlarda zoʻr berib neft sarmoyalari jalb qilishga harakat qilyapti hamda Haftar Liviya janubini nazorat qilishi ortidan Chaddagi nufuzini yoʻqotishdan xavotirlanyapti.
Shu bois, Frantsiya Tashqi ishlar vaziri Le Drian Haftarning “terrorizm”ga qarshi kurashdagi rolini maqtab, 2019 yil 10 may kuni “Le Figaro” gazetasiga “Men Frantsiyaning hamda doʻst davlatlar va ularning ittifoqchilari xavfsizligiga xizmat qiladigan har bir ishni qoʻllab-quvvatlayman”, dedi. Frantsiyada chiqadigan “La Croix” gazetasining 2019 yil 2 may kungi sonida bunday deyildi: “Makron oʻz odatiga koʻra, ikki tomon bilan oʻynashga usta. Bir vaqtda u 8 may kuni Sarroj bilan boʻlgan uchrashuvlari chogʻida uni qoʻllab-quvvatlashini va harbiy texnika va razvedka jihatidan Haftarga yordam berayotgan harbiy yechimni istamasligini taʼkidladi”. Gazetaga koʻra, “Frantsiya, Misr, Saudiya va Amirliklar Haftarning asosiy qoʻllab-quvvatlovchilaridir. Chunki Haftarni ham gʻarbiy, ham siyosiy qoʻllab-quvvatlash, birinchi, siyosiy Islomni yoʻq qilishga qaratilgan boʻlsa, ikkinchi, ayni davlatlarning neft bilan bogʻliq manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan”.
Amerika oʻzining Haftarni qoʻllab-quvvatlayotganini 2019 yil 19 apreldagi xabari bilan oshkor qildi. Xabarda Oq uyning “Tramp Haftar bilan telefon orqali soʻzlashgan”i aytiladi. Xabarda Trampning “oʻz navbatida, Haftarning asosan, terrorizmga qarshi kurash va Liviya neft resurslarini taʼminlashdagi rolini eʼtirof etgan”i hamda “ikkala rahbarning Liviyani barqaror va demokratik siyosiy tuzumga olib chiqish uchun hamkorlikda muhokama qilganliklari” taʼkidlangan.
Al-Jazira 2019 yil 2 may kuni Sarroj hukumatidagi manbalarga tayangan holda “AQSh kuchlari hukumat bilan tuzgan xavfsizlik hamkorligi kelishuvi doirasida poytaxt Tripoli bilan Misrota shahriga qaytgani”ni xabar qildi. Xabarda Sarroj hukumati matbuot kotibi Muhand Yunusning “hukumatimiz AQSh bilan turli hamkorlik yoʻllarini, jumladan, AFRIKOM kuchlarini mustahkamlash va kengaytirishga harakat qilyapti, zero, AQSh bilan terrorizmga qarshi kurash sohasida hamkorligimiz tugagani yoʻq, davom etadi”, degan soʻzi keltirilgan. Maʼlumki, Haftarning Tripoli hujumidan uch kun oʻtib, AFRIKOM qoʻmondonligi 2019 yil 7 aprelda Liviyadan kuchlarini olib chiqib ketishga qaror qilgan edi va oʻsha kuni “xavfsizlik vaziyati beqarorlashgani sababli shu qarorga kelgani”ni bahona qilgandi. Yaʼni, Amerika oʻz kuchlari qiyin ahvolda qolmasligi uchun Haftarga Tripoli hujumini tayyorlab berdi. Haftar hujumi Tripolidan qaytarilgach, Amerika kuchlari oʻz joyiga qaytarildi. Bu esa, Sarroj hukumatining naqadar xoin va qoʻrqoqligiga dalolat qilmoqda. Chunki Sarroj hukumati Haftarga rozi boʻlishi uchun Amerika unga shu hujum bilan bosim qilayotganini yaxshi tushungan, shuningdek, amerikalik kuchlarning “terrorizm”ga qarshi kurash, degan niqob ostida Liviyada joylashib olganiga ham sukut qilyapti, shu orqali Amerikani rozi qilyapti!
“Amerikalik hukumat rasmiylari, liviyalik yirik qoʻmondonlar va koʻplab hamkasblar bilan Liviya krizisi masalasida maslahat olib bormoqdalar”, dedi AQSh Tashqi ishlar matbuot kotibasi Al-Jaziraga. Kotibaga koʻra, “ayni maslahat qayta barqarorlik oʻrnatish va Sarroj bilan Haftarni muzokara stoliga jalb qilish uchun bir bosim hisoblanadi”. Chunki Amerika Haftarni qoʻllab-quvvatlayotganini maʼlum qilgach, buning ortidan Sarroj hukumatiga bosim qilib, uni muzokaraga va Haftarni hukumatga sherik qilishga majburlayapti. Bu bilan Britaniyaning Suxayrot kelishuvi barbod boʻlyapti. Aftidan, Haftar Liviyaning qonuniy bir qoʻmondoni sifatida eʼtirof etilib, AQShning Liviyadagi nufuzi yoyilishiga yordam berishi uchun ishlar shunga qarab ketayotgan koʻrinadi. Chunki agar Haftar Tripolini nazorat ostida ushlab turadigan boʻlsa, qonunan eʼtirof etilmay qoladi va hokimiyat bosqinchisiga aylanib, odamlar Qazzofiyni agʻdarishgani kabi, uni ham agʻdarishga harakat qilishadi.
Bundan Liviyadagi kurash ikki maqsadda boʻlayotgani ayon boʻlmoqda: Birinchi maqsad, Islomni hokimiyatga kelishini oldini olish. Bu maqsadni “terrorizm”ga, “ekstremizm”ga va siyosiy Islomga qarshi kurash ekanini iddao qilishadi. Ikkinchi maqsad neft resurslari. Yaʼni, investitsiya, degan narsani dastak qilib olib, ayni resursni oʻgʻirlash uchun kim oʻzar oʻynashish.
Liviyada yoʻl qoʻyilgan eng katta xato mustamlakachi kuchlarning NATO dastagi ostida kirishiga yoʻl qoʻyilgani boʻldi. Mahalliy tomonlar shu kuchlar bilan va unga tobe regional davlatlar bilan aloqa qilishdi. Zotan, har bir yurtdagi ahvol shunday. Chunki ajnabiy davlat va unga qarashli davlatlardan yordam soʻrash oʻz joniga qasd qilish va halokatdir. Fikrsiz pragmatist opportunist kimsalar buni tushunishmayapti. Chunki ularning fikr-yodi, qulay fursatdan foydalanib, shaxsiy manfaatlariga erishishga harakat qilish va buning yoʻlida kim boʻlmasin yordam soʻrayverish boʻlib qoldi… Ular na yurt taqdirini oʻylashyapti, na Ummat va na oxiratlarini… Ular fikr, fikrlashdan mutlaqo uzoq boʻlib, printsipli boʻlishni mazax qilishyapti, oʻz irodalarini “qoʻllab-quvvatlovchi davlatlar”ga garov qilib, oʻzlari va yurtlari taqdirini oʻshalar qoʻliga topshirishyapti… shuningdek, kofirlarga malay va doʻst boʻlayotganlaridan uyalishmayapti. Haftar bilan Sarroj oʻrtasida ham ajnabiy qoʻllab-quvvatlovni topish uchun shunday poyga ketyapti.
Shuning uchun xolis daʼvat ahli odamlar va yetakchilar orasida faoliyat qilib, ular ongini oʻstirmoqlari kerak. Toki, malay hukmdorlar va ularning xoʻjayinlari magʻlub boʻlib, Allohga yordam berishsin va Alloh ham ularga nusrat-yordam ato etsin.
Roya gazetasi saytidan olindi