Ukrainaning barcha fuqarolariga soddalashtirilgan tarzda Rossiya fuqaroligi berilishi mumkin

600
0

Ukrainaning barcha fuqarolariga soddalashtirilgan tarzda Rossiya fuqaroligi berilishi mumkin

 Rossiya prezidenti Vladimir Putinning maʼlum qilishicha, kelgusida Rossiya fuqaroligini soddalashtirilgan tarzda berish tartibi Ukrainaning barcha fuqarolariga joriy etilishi mumkin. Bu haqda “Sputnik” xabar qilmoqda.

 Bu haqda Rossiya prezidenti Xitoyga tashrifi yakunlari boʻyicha matbuot anjumanida maʼlum qilgan.

 “Biz nafaqat LXR yoki DXRda istiqomat qilayotgan kishilarga fuqarolikni olishning bunday usulini taqdim qilyapmiz. Biz umuman Ukraina fuqarolariga soddalashtirilgan tarzda fuqarolikni berish haqida oʻylayapmiz”, – deya maʼlum qildi Rossiya yetakchisi.

 24 aprelda Rossiya prezidenti Vladimir Putin Donbass aholisi tomonidan Rossiya pasportlarini soddalashtirilgan tartibda olish toʻgʻrisidagi farmonni imzoladi.

 “Ukrainaning Donetsk va Lugansk viloyatlari hududlarida doimiy yashovchi kishilar uchun Rossiya fuqaroligini olishning soddalashtirilgan tartibi oʻrnatilsin, “Rossiya fuqaroligi haqida” nomli 62-sonli Federal qonunning 8 bandiga asosan”, – deyilgan hujjatda.

 Xabarda aytilishiga koʻra, ushbu qaror xalqaro huquq normalariga asosan inson huquq va erkinliklarini himoya qilish maqsadida imzolangan.

Ukraina hukumati Putin farmoniga keskin munosabat bildirdi. Hujjatni Ukrainaning amaldagi prezident Pyotr Poroshenko va prezident saylovlarida gʻolib boʻlgan Vladimir Zelenskiy ham tanqid qildi.

 Oʻtgan yilning noyabr oyida Ukraina oʻz hududiga 16 yoshdan 60 yoshgacha boʻlgan Rossiya fuqarolarining kirishini taʼqiqlab qoʻygan edi. Bunga javoban Rossiya hech qanday cheklov kiritmasligini, aksincha Ukraina fuqarolari uchun Rossiya fuqaroligini olish jarayonini osonlashtirishini eʼlon qilgan edi.

 Ayni damda Rossiyada bir milliondan ortiq Ukraina fuqarolari istiqomat qilmoqda. Ularning aksariyati Ukrainaning sharqiy hududlaridan kelgan fuqarolardir.

 Ular Rossiya hududida, patent yoki yashashga ruxsatnoma asosida istiqomat qiladi, 77 ming kishi “vaqtincha qochqin” maqomiga ega.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.