Rossiya harbiy bazasi hududi kengaytiriladi
Rossiya prezidenti Vladimir Putinning 28 mart kuni Bishkekka qilgan bir kunlik safari davomida Kant shahridagi Rossiya harbiy bazasi hududini 60 gektarga kengaytirishga oid protokol imzolandi. Bu haqda “Ozodlik” radiosi o‘zbek xizmati xabar qildi.
Rasman e’lon qilingan protokolga ko‘ra¸ Kant bazasi uchun to‘lanadigan yillik ijara narxi 4.5 million dollardan 4.79 million dollarga oshirilgan.
Qirg‘iziston qurolli kuchlari bosh shtabi rahbari Raimberdi Duyshenbiyev muxbirlarga protokolga ko‘ra Kant aeroportining uchish yo‘laklari ham modernizatsiya qilinishini bildirdi.
Mazkur protokol kuchga kirishi uchun ikkala davlat tomonidan ratifikatsiya qilinishi kerak.
Rossiya Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti doirasida 2003 yili Kantda o‘z harbiy bazasini ochgan.
Ayni paytda¸ Qirg‘izistonda Rossiyaning boshqa harbiy muassasalari¸ xususan¸ Issiqko‘lda harbiy-dengiz kuchlari bazasi¸ Moylisuda seysmologiya markazi ¸ qirg‘iz-qozoq chegarasidagi Chaldibar shaharchasida esa¸ kommunikatsiya markazi bor.
2012 yili to‘rtala ob’ekt Rossiya qo‘shma harbiy bazasi nomi ostiga birlashtirilgan.
O‘tgan oy Bishkekka kelgan Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov¸ Moskva Qirg‘izistonda yana bir harbiy baza ochish rejasida ekanini bildirgan edi.
Bishkek rasmiylari Putin tashrifi davomida jami qimmati 12 milliard AQSh dollariga teng 65 ta ikki tomonlama kelishuv imzolanishini bildirdi.