Qirgʻizistondagi Rossiya harbiy bazasining maqomi oʻzgaradi
Qirgʻiziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov va Rossiya prezidenti Vladimir Putin 28 mart kuni Bishkekda Qirgʻizistondagi Rossiya harbiy bazasining maqomi oʻzgarishini muhokama qilishadi. Bu haqda Qirgʻiziston prezidenti apparati tashqi siyosat boʻlimi mudiri Daniyar Sidikov maʼlum qildi.
“Hozirda respublikadagi Rossiya harbiy bazasining maqomini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi protokol tayyorlanmoqda, mazkur masala boʻyicha muzokaralar davom etmoqda”, – dedi Sidikov.
Uning aytishicha, tegishli hujjat Putinning boʻlajak tashrifi doirasida imzolanishi rejalashtirilgan.
Avvalroq respublika parlamentida Qirgʻizistondagi Rossiya harbiy bazasi maqomini oʻzgartirish masalasi muhokama qilingandi.
Rossiya prezidentining Bishkekka tashrifi 28 mart kuni boʻlib oʻtadi.
Hozirda Qirgʻizistonda tarkibida bir nechta harbiy obʼektlar boʻlgan Rossiya birlashgan harbiy bazasi joylashgan. Rossiyalik harbiylar Qirgʻizistonda diplomatik xodimlarga tenglashtirilgan va daxlsizlik maqomiga ega.