Sudandagi norozilik namoyishlari – undagi ijobiy va salbiy jihatlar

707
0

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيم

Savolga javob

Sudandagi norozilik namoyishlari – undagi ijobiy va salbiy jihatlar

Savol:

Ikki oy muqaddam boshlangan norozilik namoyishlari shu kungacha toʻxtovsiz davom etmoqda. Bu namoyishlar ogʻir iqtisodiy vaziyat natijasida oʻz-oʻzidan, tabiiy kelib chiqdimi? Yoki namoyishlarga AQSh Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Jon Sallivanning 2017 yil Xartumga safar qilishi ortidan Xartum-Vashington oʻrtasidagi munosabatlarning taranglashishi sabab boʻldimi? Sallivan Sudan bilan olib borgan muzokaralarida Umar Bashirning 2020 yilgi saylovlarda qayta nomzodini qoʻymasligi masalasi ham koʻtarilganini aytdi. Bundan Bashirning asabi buzildi va Amerikaga oʻchakishib, Rossiyaga safar qildi, Rossiyaning Sudanga harbiy baza ochishiga rozi boʻldi. Bu Amerikaning Bashirni oʻzgartirishga qaror qilganini va shu boisdan Sudanni iqtisodiy jihatdan boʻgʻib, oʻz malaylarining, xususan, Saudiyaning Sudanga yordam koʻrsatishiga taqiq qoʻyganini anglatadimi? Keyin, Sodiq Mahdiy namoyishlarni qoʻllab-quvvatlamoqda. Bundan ayni ishda inglizlarning qoʻli bor, deb tushunish mumkinmi? Uzr, savolim choʻzilib ketdi. Alloh ajringizni bersin.

Javob:

Javob yorqin boʻlishi uchun quyidagilarni bayon qilamiz:

1 – Ha, AQSh Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Jon Sallivan 2017 yil 16 noyabrda Sudanga safar qildi. U safari davomida Sudan tashqi ishlar vaziri, moliya vaziri, Qurolli kuchlar qoʻshma shtabi boshligʻi, ichki ishlar, xavfsizlik xizmati, milliy razvedka vakillari, Sudanning AQShdagi elchisi vazifasini bajaruvchi, shuningdek, bir necha diniy yetakchilar bilan yopiq eshik ortida uchrashuv oʻtkazdi. Keyin Qurʼoni Karim universitetiga qarashli Shahid zalida maʼruza qilib, Amerikaning Sudandagi siyosati haqida gapirdi. “Sudan tayms saytida tarqatilgan maʼlumotga koʻra, Amerika mulozimi ayni uchrashuvda Sudan hukumatidan yurt qonunlaridan bir nechtasini, asosan, dindan murtad boʻlgan shaxsga oʻlim jazosini berish aytilgan qonunni qayta koʻrib chiqish yoki ularga oʻzgartish kiritish yoxud bekor qilishni talab qildi. Shuningdek, jamoat tartib-intizomiga oid qonundagi maxsus formaga oid moddani bekor qilishga chaqirdi. Bu moddada ochiq-sochiq kiyimlar kiygan ayollarga darralash jazosini qoʻllash aytilgan. Shu bilan birga, Sallivan Sudanning yangi konstitutsiyasini tuzayotgan paytda barchaning diniy erkinlik huquqlariga rioya qilishga ham daʼvat qildi”. (Sudan Tribuna net, 2017 yil 18 noyabr).

2 – Toʻgʻri, baʼzi xabarlarda Sallivanning Bashirdan 2020 yilgi saylovlarga oʻz nomzodini qoʻymaslikni talab qilgani va Bashirning bunga rozi boʻlmagani, keyin oʻrtadagi munosabatlar taranglashgani… aytildi. Biroq Bashir bunga rozi boʻlmadi, degan gap notoʻgʻri. Chunki Bashir xoʻjayini Amerika taʼlimotlariga qarshi chiqa olmaydi va to Amerika istamagunicha nomzodini qoʻymaydi. Farazan, Bashir Amerika taʼlimotlariga rozi boʻlmadi va qattiq turib 2020 yil saylovlariga oʻz nomzodini qoʻydi ham deylik. Bunday qiladigan boʻlsa, Amerika albatta unga qarshi inqilob qiladi va 1989 yil 30 iyun inqilobida uni taxtga qanday olib chiqqan boʻlsa, yana shunday qulatadi. Shunday boʻlsa-da, ijtimoiy aloqa tarmoqlarida amerikalik mulozim Bashirdan 2020 yildagi saylovlarga nomzodini qoʻymaslikni talab qildi, degan gap tarqaldi. Ana shunda Sudan tashqi ishlar vaziri Ibrohim Gʻandura bu gaplarni rad etib, bunday degan: “Qoʻshma Shtatlar prezident Umar Bashirning 2020 yilga belgilangan saylovlarga nomzodini qoʻymasligiga, buning evaziga Sudanni “terrorizmni dastaklayotgan davlatlar” roʻyxatidan olib tashlashga oid hech qanday shartni qoʻygani yoʻq”, “AQSh Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Jon Sallivanning yaqindagi Sudan tashrifi chogʻida u bilan oʻtkazgan barcha muzokaralarimiz inson huquqlari va diniy erkinliklarni himoya qilish masalalari haqida boʻldi”. (Quds arabiy, 2017 yil 14 noyabr).

Keyin, ayni tashrif ikki davlat oʻrtasidagi munosabatning muvofiqlashganiga dalolat qiladi, taranglashganiga emas. Chunki Sallivanning davlatdagi turli sektorlar bilan boʻlgan hamma uchrashuvlari olqish va maqtovlar bilan oʻtdi! Darhaqiqat, bu uchrashuv AQSh maʼmuriyatining 2017 yil 26 sentyabrda Sudan fuqarolarining safar qilishini taqiqlash sanktsiyasini olib tashlaganidan keyin boʻldi. Bundan tashqari, bu prezidentlikka nomzod belgilash ziyorati boʻlmadi. Balki Sallivan ziyorati, asosan, Sudanni “terrorizmni dastaklayotgan davlatlar” roʻyxatidan olib tashlashga qaratildi. Shuning uchun Amerika, yuqorida aytib oʻtilganidek, Sudan nomini “terrorizmni dastaklayotgan davlatlar” roʻyxatidan olib tashlash uchun maʼlum shartlarni qoʻydi. Bu bir jihatdan. Boshqa jihatdan, Bashir Sallivanning Sudanga kelishidan oʻn kun oldin prezidentlikka nomzodini qoʻymaslikka qaror qilgani toʻgʻrisida bayonot bergan edi: “Dushanba kuni Sudan prezidenti Umar Bashir 2020 yilda tamom boʻladigan oʻz prezidentligining ikkinchi muddati tugaganidan soʻng yurtni boshqarishdan voz kechmoqchiligi haqida yana bayonot berdi. Bashirning bu bayonoti uning Xartumda boʻlib oʻtgan yoshlarning nohukumat milliy uyushmasining yettinchi konferentsiyasida chiqish qilgan paytda yangradi”. (Xolij onlayn, 2017 yil 6 noyabr).

Bunday davlatlarda ahdni buzish qiyin boʻlmasa-da, biroq berilgan bayonotlar va AQSh-Sudan oʻrtasida oʻrnatilgan aloqalar “safardan koʻzlangan maqsad Bashirning oʻz nomzodini qoʻyishiga taqiq qoʻyishdir”, degan ehtimolni yoʻqqa chiqaradi. Darvoqe, AQSh-Sudan oʻrtasidagi aloqalar Sallivan kelganidan soʻng ham, namoyishlar boshlanganidan soʻng ham davom etdi. Maqsad, Sudan nomini 1993 yildan beri davom etib kelayotgan mazkur roʻyxatdan olib tashlashga qaratilgan. Chunki 1997 yildan beri Sudanga joriy qilib kelingan iqtisodiy va savdo sanktsiyalari Tramp maʼmuriyati tomonidan bekor qilinganidan soʻng ham Sudan nomi ayni roʻyxatdan oʻchirilgani yoʻq. Amerika Sudan nomini olib tashlashga doir ikkinchi bosqichni bajarish uchun Sudanga “terrorizmga qarshi kurash”dagi hamkorlikni kengaytirishni hamda inson huquqlari, diniy va siyosiy erkinliklarni mustahkamlashni… va hokazolarni shart qildi.

3 – Shuningdek, Sallivanning 2017 yil 16 noyabrdagi Sudan safari 2018 yil 19 dekabrdagi norozilik namoyishlari boshlanishiga turtki boʻlgani yoʻq. Chunki Amerika safardan keyin ham, namoyishlar chogʻida ham namoyishchilar tarafida emas, hokimiyat tarafida turdi. Buni bergan bayonotlari va oʻzaro aloqalar ham tasdiqlab turibdi. Masalan, 2019 yil 17 fevral yakshanba kuni AQSh prezidentining Afrika masalalari boʻyicha maxsus yordamchisi va bosh maslahatchisi Kirill Sartor keldi. Unga Afrika boʻyicha Milliy xavfsizlik departamenti direktori Darren Serayl hamrohlik qildi. Muzokaralar 2019 yil 20 fevral chorshanba kuni tamomiga yetdi. Sudan Respublikasi saroyidagi uchrashuvda boʻlib oʻtgan uchrashuv ortidan AQSh prezidenti maxsus yordamchisi oʻz bayonotlaridan birida bunday dedi: “Mening respublika prezidenti yordamchisi bilan uchrashuvim samarali va konstruktiv ravishda boʻlib oʻtdi. Men Sudan nomini terrorizmni dastaklovchi davlatlar roʻyxatidan olib tashlashga olib borajak ikki davlat oʻrtasidagi muloqotga erishish maqsadida keldim”. Serayl “uzoq vaqt sabr qilishdan soʻng Sudan hukumatining siyosiy yechim topishga muvaffaq boʻlishini, zotan, yurt tashqarisidan hech qanday yechim zoʻrlab tiqishtirilmasligini taʼkidladi” hamda “Ikki davlat birgalikda harakat qilish bilan mutsahkam hamkorlik yaratish mumkinligi”ni urgʻuladi. (Shuruq Nьyus, 2019 yil 18 fevral). Bularning barchasi shunga yaqqol dalolat qilmoqdaki, Sallivan safari norozilik namoyishlariga turtki boʻlmadi, aksincha, Amerika Bashir hokimiyatini qoʻllab-quvvatlamoqda, tashqaridan hech qanday yechim tiqishtirilmadi, Amerika Sudanni “terrorizmni dastaklovchi davlatlar” roʻyxatidan chiqarib yuborish evaziga Sudanga bir nechta shartlarni qoʻydi.

4 – Amerikaga malay davlatlar pozitsiyasiga kelsak, ular ham norozilik namoyishlarini emas, Bashir hokimiyatini qoʻllab-quvvatlashmoqda, yaʼni, savolda aytilgandek emas.

Buning tafsiloti quyidagicha:

a)    Saudiyaga kelsak, u Yamanda harbiy koalitsiya amaliyotini boshlaganidan buyon Sudan qishloq xoʻjaligi sohalariga qayta mablagʻ yotqizishni davom ettirmoqda:

–     Saudiya arab davlatlari ichida 2016 yil mobaynida Sudanga investitsiya kiritish boʻyicha birinchi oʻrinda turadi. U 15 milliard dollarni tashkil qiluvchi bu investitsiyani asosan, yem-xashak, bugʻdoy va makkajoʻxori sektorlariga kiritgan boʻlib, bu narsa Xartum iqtisodiyotini qoʻllab-quvvatlaydi. (Xolij onlayn, 2017 yil 17 iyul). Saudiya elchisi “mamlakatning Sudandagi amaliy investitsiyasi 12 milliard dollardan oshganini taʼkidladi”. (Bavvoba sayti, 2018 yil 3 dekabr). Shuningdek, “Sudan 2018 yil 7 may dushanba kuni besh yil davomida neft bilan taʼminlash boʻyicha Saudiya bilan shartnoma imzolanganini maʼlum qildi”. (Sudan Tribuna net, 2017 yil 3 dekabr).

–     Saudiya vazirlik delegatsiyasi 2019 yil 24 yanvarda Xartumga safar qilib, prezident Bashir bilan muzokaralar olib bordi. Tomonlar Sudandagi mavjud vaziyatni muhokama qilishdi. Matbuot konferentsiyasida Saudiya Savdo vaziri Majid Qasabiy “delegatsiyamizning ikki harami sharif xodimi podshoh Salmon ibn Abdulaziz yoʻllanmasi asosida tashkillashtirilgan ushbu Sudan safari oʻzaro iqtisodiy munosabatlarni mustahkamlash va hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan”, dedi. Soʻng bunday qoʻshimcha qildi: “Podshoh Salmon Sudan xavfsizligi mamlakatimiz xavfsizligi, uning barqarorligi mamlakatimiz barqarorligi ekanini taʼkidlab, Sudanning boshqa har qanday davlatdan koʻra Saudiya bilan aloqa oʻrnatishga haqliroq ekanini urgʻuladi”. (Vatanul Misriyya, 2019 yil 26 yanvar). Bularning barchasi Saudiyaning Sudanni qoʻllab-quvvatlashdan voz kechmaganini koʻrsatmoqda.

b)    Misr esa, ikkinchi qoʻllab-quvvatlovchi davlatdir. Darhaqiqat, Bashir 2019 yil 27 yanvar kuni Misrga safar qildi. Aeroportda Sisiy uni kutib olib, bundan mamnunligini bildirdi. Bu ham Amerikaning Bashirni hokimiyatdan chetlatishga qaror qilmaganiga dalolat qilmoqda. Aks holda, Sisiy bunday qilmasdi. Chunki u Amerikaning ishonchli tobesidir. Ayni ziyoratni Sudanning Misrdagi elchisi “bu ziyorat vaqt jihatidan ham, mazmun jihatidan ham muhim sanaladi”, deya baholadi. (Subh Misriyya 2019 yil 27 yanvar). Maʼlumki, Bashir 2018 yil 6 noyabrda Misrga borib, Sisiy bilan uchrashgan edi. Undan oldin 2018 yil 25 oktyabrda Sisiy 12 nafar vaziri hamrohligida Sudanga borib, 12ta hujjat imzolagan edi. Sudanda bevosita namoyishlar alanga olgach, Misr tashqi ishlar vaziri Samih Shukriy razvedka boshligʻi bilan birga Sudanga borib, Umar Bashir va hamkasblari bilan uchrashdi. Uchrashuv ortidan Shukriy “Misr Sudanning ayni vaziyatni yengib oʻta olishiga ishonadi, Misr Sudanga yordam koʻrsatishga doim tayyor, chunki Sudan tinchligi va barqarorligi Misr tinchligi va barqarorligidir”, dedi. (Bavvoba Misriyya 2018 yil 27 dekabr). Bu esa, Misrning hanuz Sudanni qoʻllab-quvvatlayotganiga dalolat qiladi.

v)    Ichki jihatiga kelsak, Amerikaning eng muhim mahalliy kuchlari Sudan armiyasidir. Armiyaning norozilik namoyishlariga nisbatan pozitsiyasi Bashir va uning rejimini mudofaa qilishdan iborat boʻldi. Armiya oʻz bayonotida “Rahbariyat bilan mustahkam aloqada ekanini, xalq yutuqlari va xavfsizligi, fuqaroning qoni, nomusi va moliga oid tinchligini qattiq qoʻriqlashi”ni maʼlum qildi. (Arabiy post 2018 yil 23 dekabr). Sudan qurolli kuchlari Bosh shtabi boshligʻi Kamol Abdulmaʼruf general va polkovnik unvonidagi zobitlarga qilgan murojaatida “Armiyamiz badbaxt nonkoʻrlarga aslo yurtni topshirib qoʻymaydi. Ular pastkash isyonchilik rahbariyatidagi yetakchilar boʻlib, shubhali xorijiy tashkilotlar agentlaridir”, dedi. (Misr Arabiyya, 2019 yil 30 yanvar). Bu – Bashirning hamon armiya tomonidan qoʻllab-quvvatlanayotganini koʻrsatadi. Boshqa harbiy va xavfsizlik sohalari ham shunday pozitsiya bildirdi: “General-leytenant Sudan tezkor mudofaa kuchlari qoʻmondoni Muhammadhamdon Daqlu Hamidati oʻz kuchlari bu “qurumsoqlar”ga qarshi turishga tayyorligi bilan tahdid qildi”. (Masira net, 2018 yil 26 dekabr). Shuningdek, “Sudan xavfsizlik xizmati va razvedkasi direktori Saloh Qush parlamentda qilgan qisqa bayonotida – maydonda raqobat kuchli boʻlyapti, ammo mavjud qonun doirasidan chetga chaqqan har qanday raqobatga aslo oʻrin yoʻqligini hamma bilib qoʻyishi kerak, dedi”. (Al-Jazira net, 2019 yil 21 fevral). Zotan, Amerika armiyadan inqilob yasashda foydalanadi. Masalan, 1969 yilda “Namiriy inqilobi”da ham armiyaga tayangan.

5 – Muxolafatga kelsak, “norozilik namoyishlarining toʻrtinchi kuni “Ummat” partiyasi raisi Sodiq Mahdiy barcha partiyalar ishtirok etadigan yangi birlashgan hukumatni tuzishga chaqirdi” hamda “Yurtdagi xalq namoyishlarini qoʻllab-quvvatlashini, biroq uning partiyasi namoyishlarda aslo qatnashmasligini” taʼkidladi. (Bi-Bi-Si arabiy, 2018 yil 22 dekabr). Lekin Sodiq Mahdiy namoyishlar davom etayotganini koʻrgach, unga qoʻshilishini maʼlum qildi: ““Ummat” milliy partiyasi raisi “Nidou Sudan” koalitsiyasi raisi Sodiq Mahdiy rejimni agʻdarishni daʼvo qilayotgan xalq norozilik harakatini qoʻllab-quvvatlashini bildirdi hamda prezident Umar Bashirni namoyishchilardan toʻxtashni talab qilishdan oldin, ularning oʻldirilmasligi kerakligiga chaqirdi”. (Sudan Tribuna, 2019 yil 25 yanvar). Yaʼni, namoyishlar boshlanishidan bir oydan koʻproq vaqt oʻtib, namoyishlardan foydalanishga urindi. Oʻzining angliyaparastligi bilan tanilgan Sodiq Mahdiy 1986 yildan 89 yillar orasida Sudan bosh vaziri boʻlgan, keyin Bashir uni ishdan olgan edi. Shundan soʻng namoyishchilar orasida hukumatga moyil rasmiy kasaba uyushmalariga parallel tashkilot sifatida, sudanlik hunarmandlar guruhi paydo boʻldi. Yevropaga qarashli ayni namoyishchi guruh Sodiq Mahdiy orqali taʼsirga ega boʻlib, bu bilan uni rejim nazoratidagi rasmiy kasaba uyushmasiga alьternativ qilishga urinildi. Bu guruhning xorijdagi yetakchilari Yevropada qaror topishgan “darhaqiqat, guruh nomidan gapiruvchi xorijdagi yetakchilari Frantsiyadagi jurnalist Muhammad Asbot va Britaniyadagi doktor xonim Sora Abduljalillardir”. (Bi-Bi-Si sayti, 2019 yil 24 yanvar). Shu bilan birga, namoyishlarga ilmoniy yoʻnalishdagi va  oʻzgartirish ishiga taʼsir oʻtkazolmaydigan boshqa marginal harakatlar ham sizib kirdi. Garchi namoyishchilarning ayni guruhlariga, ayniqsa, Sodiq Mahdiy partiyasiga inglizlar taʼsir oʻtkazayotgan boʻlsa-da, biroq bu taʼsir amaliy oʻzgartirishga qodir emas. Lekin inglizlar namoyishlardan foydalanishda tajribaga ega boʻlishgani uchun namoyishlarning toʻxtovsiz davom etishi ayni guruhlarga kuch bermoqda. Shuning uchun Mahdiyning namoyishlarni qoʻllab-quvvatlashni eʼlon qilishi bir oyga kechikdi. Chunki u Bashir namoyishlarni ilk kunlardayoq toʻxtatib qoʻyadi, deb oʻylagan edi. Namoyish choʻzilgach, Mahdiy ham unga qoʻshildi! Keyin ikki oydan ziyod vaqtdan soʻng uning harakati kuchayib ketib, Bashirning ishdan ketishiga ishonch hosil qildi. Mahdiy “yangi rejim tomon oʻtish davri tafsilotlariga kelishib olish uchun muxolafat bilan uchrashishga tayyorligini bildirdi”. (Sputnik, 2019 yil 2 mart).

Shunday qilib, demak, rejimning namoyishlarni toʻxtatishga boʻlgan kuchi kechikkani sari, inglizlar malaylari kuchi ortaverdi. Shuning uchun Amerika bu holatni hisobga oldi. Har qanday favqulodda holatni eʼtibordan qochirmagan holda, Amerika Bashir bilan birgalikda boshqa bir tadbirni, yaʼni, hukumatdagi mavjud siyosiy partiyalardan baʼzilarini hukumatdan chiqarib, namoyishga kiritish, keyin esa, ularni muxolafatga aylantirish tadbirini oʻylab topdi: ““Ummat” milliy partiyasi raisi oʻrinbosari Muborak Fozil oʻz partiyasining hukmron Milliy Kongress bilan boʻlgan hamkorlikdan ajralganini va hukumatdan chiqqanini eʼlon qildi”. (Nilin sayti, 2018 yil 28 dekabr). Gʻoziy Salohiddin ham hukumatdan ajralib chiqdi: “Isloh harakati raisi Gʻoziy Salohiddin bugun matbuot konferentsiyasi chogʻida oʻzining qonunchilik kengashidagi barcha vakillarini hukumatdan chiqarib olishga qaror qilganini maʼlum qildi”. (Sava axborot agentligi, 2019 yil 1 yanvar). Gʻoziy Saloh Oʻzgartirish Milliy Jabhasiga rais boʻlib saylandi: “Kecha Oʻzgartirish Milliy Jabhasining Bosh kengashi ayni Jabha raisligiga doktor Gʻoziy Salohiddinni sayladi”. (Xolij-365, 2019 yil 14 fevral).

Norozilik namoyishiga guruhlarni kiritishga hamda uning rivojlanishini va undan Yevropaning foydalanib qolishini oldini olishga qoʻshimcha, Amerika Bashirga 2019 yil 22 fevralda favqulodda holat joriy qilishga koʻk chiroq yoqib berdi. Shundan soʻng 2019 yil 28 fevralda amerikaparast, deya tanilgan Mirgʻani partiyasi hukumatdan ajralib chiqqanini eʼlon qildi: “Payshanba kuni Muhammadusmon Mirgʻani yetakchilik qiluvchi Demokratik Ittifoq partiyasi hukmron Milliy Kongress partiyasi bilan imzolagan barcha hamkorlik kelishuvlaridan chiqqanini hamda Sudan hukumatida ishtirok etishni toʻxtatganini eʼlon qildi”. (Ayn axborot sayti, 2019 yil 28 fevral).

Keyin Bashir muxolafatni xotirjam qilish uchun oʻzini bir tarafga qarshi boʻlib, boshqa tarafda turib olmasligini va betarafligini eʼlon qilib, navbatdagi qadamni tashladi! “Sudan prezidenti Milliy Kongress partiyasi raisi sifatidagi oʻzining vakolatlarini oʻrinbosariga topshirdi. Partiya bayonotida aytilishicha, ayni qaror prezident janoblarining millatga qilgan murojaatida – barcha partiyalarga nisbatan uzoq masofada turishi toʻgʻrisidagi vaʼdasining ijrosidir”. (Midl Ist onlayn, 2019 yil 1 mart). Bashir bu qadami bilan boshqalarni aldayman dedi-yu, ammo oʻzini oʻzi aldadi. Axir, davlat rahbari boʻla turib, partiyasi hukmron partiya boʻla turib, nega betaraf turishi kerak?! Hatto partiya raisligini boshqa birovga topshirgan boʻlsa ham, bu rasmiyatchilikdan boshqa narsa emas!

Nima boʻlganda ham, bu norozilik namoyishlarini tinchitish uchun boʻlgan bir uslubdir. Bu urinishlarning barchasidan muxolafatga taʼsir oʻtkazish va namoyishlarni jilovlab olish maqsad qilingan. Ayniqsa, hozirda rejimning muxolafatga kiritilgan kuchlari bor, agar bu kuchlar namoyishni jilovlay olmasa, u holda, namoyish yetakchilariga taʼsir oʻtkazadi, ana shunda Amerika hukmronligi toʻxtamay davom etadi.

6 – Endi, Bashirning Moskva safariga kelsak, 2017 yil 22 noyabrdagi bu toʻrt kunlik safar, Sallivanning Xartum safaridan olti kun keyin boʻldi va u yerga Bashir Amerikadan Rossiyaga shikoyat qilish uchun bormadi. Yoʻq, bilʼaks, bu safar Amerikaning buyrugʻi va rozligi bilan qilindi. Buning dalili: “Chorshanba kuni Sudaniya gazetasi Xartum bilan Vashington oʻrtasida imzolangan bitimni maʼlum qildi. Bitimga koʻra, Sudan prezidenti Umar Bashir Rossiyaga ilk bor safar qilishi manzarasida, Vashington Bashir samolyotining Moskva safari xavfsizligini taʼminlaydigan boʻldi. Buning muqobili oʻlaroq, Xartum AQSh maʼmuriyati eʼtiroz bildirayotgan tortishuvli qonunlarni bekor qilishga rozilik berdi. Rokuba gazetasi informatsiya manbalariga koʻra, Sudan rejimi AQSh tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Jon Sallivanning Xartum safari chogʻida undan Bashir samolyotining Moskva safariga toʻsqinlik qilmaslik xususida maʼlum kafolatlar oldi. Buning evaziga, Sudan rejimi diniy erkinlikni kengaytirish hamda tortishuvli qonunlarni, xususan, murtadlik, meros va ochiq kiyimlarga oid qonunlarni bekor qilish bilan AQSh takliflarini amalga oshiradigan boʻldi”. (Misroviy, 2017 yil 22 noyabr). Gap shundaki, agar Amerika ruxsat bermasa, Bashir Saudiya havo boʻshligʻidan foydalana olmaydi. Chunki Saudiya hukumati itoat qiladigan bu mustamlakachi davlat Saudiya havo boʻshligʻi nazoratiga oʻz taʼsirini oʻtkaza oladi. Masalan, 2013 yilda inglizlar malayi boʻlgan Saudlar podshohi Abdulloh shunday qilgan edi. Oʻshanda Britaniya Bashirning Eronga safar qilishini xohlamadi. Chunki Britaniya hukumati Eron hukumatining oʻz prezidentlik inauguratsiyasini boshqa prezidentlar qurshovida oʻtkazish bilan shuhrat qozonishini istamadi. Shuning uchun Saudiya oʻz havo boʻshligʻini Bashir samolyotiga ochib bermadi va bu Britaniya topshirigʻi bilan boʻldi. “Sudan prezidentlik apparatining maʼlum qilishicha, Sudan prezidenti Tehronda boʻlib oʻtadigan prezidentlik inauguratsiyasiga qatnashish uchun ketayotgan paytda uning samolyotiga Saudiya oʻz havo boʻshligʻidan foydalanishiga ruxsat bermadi. Natijada samolyot ortga qaytishga majbur boʻldi”. (Frans 24, 2013 yil 4 avgust).

7 – Yuqoridagilardan xulosa qilish mumkinki, norozilik namoyishlari ortida Amerika turgani yoʻq, Britaniyaning namoyish chiqarishga kuchi yetmaydi. U holda, Sudan namoyishlari qanday boshlanib, davom etmoqda?

Bunga javob shuki, bu norozilik namoyishlari oʻz-oʻzidan kelib chiqdi va bunga sudanliklar turmushidagi krizisning tobora murakkablashayotgani sabab boʻldi. Masalani batamom quyidagicha tushunish mumkin:

a)    Bashir va uning tarafdorlari xom xayol qilishgan edi. Yaʼni ular – agar Amerika buyrugʻiga boʻysunib, janubdan voz kechsak, Sudan farovonlik va tinchlikda yashaydi, Amerika Sudandan sanktsiyalarni olib tashlagandan soʻng bizni qoʻllab-quvvatlaydi, deb oʻylashgan edi. Biroq ahvol buning aksi boʻldi. Iqtisodiy ahvol borgan sari izdan chiqdi, murakkablashdi… 2018 yil boshidan va Amerikaning Sudandan sanktsiyani olib tashlagandan keyin boʻhron yanada kuchaydi! Hukumat non bahosini qimmatlatdi, dollarning bojxona narxini uch barobarga koʻtardi… Mahalliy valyuta qiymati tushib ketdi. Bu narsa narx-navoning koʻtarilishiga, buning ortidan yonilgʻi mahsulotlari krizisiga olib keldi. Non narxi bir necha barobarga koʻtarilib, kamyob narsaga aylandi… Non narxi odamlar koʻtarolmaydigan darajaga chiqishiga qoʻshimcha, ustiga-ustak uni sotib olish uchun turnaqator boʻlib, soatlab navbat kutadigan boʻldilar. Inflyatsiya hajmi 70 %ga yetdi… Markaziy Bank mahalliy valyutaning qadrsizlanib, dollar qiymatining oshishini toʻxtatib qolish maqsadida banklardagi pullarni chiqarmay ushlab turdi. Dollar narxini 47.50 junayh qilish uchun mahalliy valyuta narxini 60 %ga pastlatishga majbur boʻldi… 2019 yil 20 fevral kuni mahalliy valyutaning erkin bozordagi qiymati tushib ketib, bir dollar 75 junayh boʻlib qoldi…

b)    Sudan aholisining kambagʻalligi rekord darajaga chiqdi. Markaziy statistik tashkilotlarga koʻra, “2011 yilda Sudan janubi boʻlingandan buyon qilingan birinchi tadqiqot sifatida oʻtkazilgan soʻrov natijasida, kambagʻallik darajasi aholi sonining uchdan ikki qismidan oshdi”. Bularning bari Xalqaro Valyuta Fondi tomonidan Sudanga tavsiyalar, hatto buyruqlar berilgandan keyin yuz berdi. Chunki barcha mamlakatlarda shunday qilishga odatlangan ushbu Xalqaro Valyuta Fondi Sudan hukumatidan mahalliy valyuta narxini erkinlashtirishni, yonilgʻi mahsulotlari, elektr va bugʻdoydan qoʻllab-quvvatlovni olib tashlashni talab qildi. Buni Jahon Banki bilan iqtisodiy islohot dasturini ijro etishda Sudanga texnik yordam koʻrsatish shartnomasi orqali amalga oshirdi! Bu shartnoma Indoneziyaning Bali orolida 2018 yil oktyabr oyida Xalqaro Valyuta Fondi bilan Jahon Banki oʻrtasida boʻlib oʻtgan yigʻinda imzolandi. Maʼlumki, Xalqaro Valyuta Fondi Sudan hukumatidan junayh qiymatini erkinlashtirishni 2017 yil dekabrda tayyorlagan oʻzining yillik hisobotida talab qildi. Xalqaro Valyuta Fondi buni sarmoyadorlarni jalb qilish va yurtda iqtisodiy rivojlanishni mustahkamlash uchun kerakli shart-sharoitni yaratish zarurligi bilan izohladi. Shuningdek, hukumatdan valyutani erkinlashtirgandan soʻng 2019-2021 yillar oʻrtasida elektr va bugʻdoydan qoʻllab-quvvatlovni olib tashlashni ham talab qildi. Sudan rejimining Xalqaro Valyuta Fondi talablariga boʻysungani oqibatida odamlarning iqtisodiy va maishiy ahvoli butunlay izdan chiqdi.

v)    Shunday qilib, Sudan vaziyati portlashga tayyor holga keldi va tabiiy ravishda odamlar koʻchaga chiqib, norozilik namoyishi boshladilar. Bunga narx-navoning koʻtarilishi, turmush darajasining qiyinlashishi, ishsizlik koʻlamining ortishi va boyliklarni notoʻgʻri taqsimlanishi sabab boʻldi. Bularning barchasi Bashirning kapitalistik tuzumni tatbiq etishi hamda Xalqaro Valyuta Fondi va Jahon Banki kabi xalqaro moliya tashkilotlari buyruqlariga itoat qilishi, shuningdek Amerika bosimlaridan qoʻrqishi oqibatida yuz berdi. Chunki bu amerikaparast rejim faqat AQShning siyosatini amalga oshiradi. Xususan, janub boʻlinishi bilan davlat neftdan oladigan asosiy daromadini yoʻqotdi: “2011 yilda Sudan janubi boʻlinishi ortidan Xartum neftdan oladigan daromadining toʻrtdan uch qismini yoʻqotdi. Ilgari davlat oʻzining valyuta jamgʻarmalarining 80 %ini oʻz gʻaznasiga qoʻyar edi”. (Al-Jazira net, 2018 yil 26 dekabr). Buning oqibatida odamlarning turmushi borgan sari ogʻirlashib ketdi. Keyin Sudan qoʻzgʻolonining uchquni 2018 yil 19 dekabrda yurt shimolidagi Nil daryosi viloyatining Atbara shahridan chiqdi. Soʻng Sudanning hamma shaharlariga yoyildi va yoyilishda davom etmoqda. Hamon oʻchmay alanga olayotgan bu qoʻzgʻolon olovidagi talab bitta: rejimning ketishi.

Shunday qilib, yuqorida aytganimizdek, bu namoyishlar tabiiy kelib chiqdi, soʻng unga maʼlum kuchlar aralashib, oʻz manfaatlari uchun undan foydalanishga harakat qilishmoqda.

Soʻzimizni nihoyalar ekanmiz, tadbirini koʻrmoq va obdan nazar solmoq kerak boʻlgan ikki muhim narsani taʼkidlamoqchimiz:

Birinchi: Amerikaning oʻz malaylariga beradigan birinchi buyrugʻi ularning AQSh manfaatlariga xizmat qilish uchun bor kuchini sarflashlariga boʻlgan buyrugʻidir. Haqiqatdan ham Bashir bu borada bor kuchini sarfladi, hatto ichgan qasamiga ham xiyonat qilib, Sudan janubini boʻldi… Amerika haligacha Bashirni qoʻllab-quvvatlamoqda, yuqorida aytganimizdek, bunga Bashir rejimi bilan toʻxtovsiz aloqa qilayotgani dalolat qilmoqda. Biroq norozilik namoyishlari davom etaversa va Bashir yaqin orada uni toʻxtatib qololmasa, u holda, Bashirning Amerika koʻz oʻngida yiqilishi turgan gap. Ana shunda Amerika manfaatlariga xizmat qilolmay qoladi, Amerika esa, uni oʻzgartirishi mumkin boʻladi… Bashir bugun ayrim odamlarini hukumatdan chiqarib, ular orqali muxolafat tizginini, ayniqsa, Mirgʻani partiyasi tizginini qoʻlga olish tadbirini koʻrayotgan ekan, aftidan, bu harakatlarning hammasi uning oʻziga alьternativ tayyorlashga xizmat qilsa, ajab emas. Chunki qachon Bashirni oʻzgartirish kerak boʻlsa, demak, uning oʻrniga odamlar rozi boʻladigan alьternativ ham kerak boʻladi. Amerika bu uslubni malaylarida koʻp qoʻllagan. Masalan, malayi Muborakka ham. Oʻshanda bu kimsa Misr qoʻzgʻolonlarini toʻxtatolmagach, Amerika unga hokimiyatdan ketishni buyurdi. Muborak isteʼfo berib, oʻz oʻrnini vaqtinchalik Tantoviy bilan harbiy kengashga topshirdi. Bu Amerikaning odatiy uslubi. Faqat malayiga hokimiyatdan ketishni buyurishdan oldin alьternativni topib olishi kerak boʻladi. Chunki alьternativni tayyorlab olishidan oldin hokimiyatga xolis rostgoʻy kishilarning kelishi uning halqumiga nafaqat qiltiriq boʻlib turib qoladi, balki yuragiga xanjar boʻlib sanchilishi ham  turgan gap. Haligacha malayi Bashar Asadning qolayotgani ham ana shundan.

Ikkinchi: toʻkilayotgan qonlar, shuncha odamlarning jarohat olishi, koʻchalar va kommunal xizmatlardagi koʻrilayotgan ziyonlarning barchasi behuda ketib, namoyishlar soʻnggida bir malay oʻrniga boshqa bir malayning kelishi, kufr konstitutsiyasining mavjud boʻlib qolishi hammasidan ham achinarli ishdir. Odamlar qoni shu narsa uchun oqizilib, saʼy-harakatlari barbod boʻlishi juda ham achinarli ishdir… Biz ogohlantirayotgan narsa mana shudir. Chunki bu norozilik namoyishlari bugungi kungacha Islom talablarini qabul qilmadi, roshid Xalifalikni barpo etish orqali islomiy hayotni qayta boshlash uchun faoliyat qilayotgan xolis va rostgoʻy yetakchilikka ergashish bilan shariatni tatbiq oʻrniga qoʻyilishini talab qilmadi. Qolaversa, siyosiy krizis ham oʻsha-oʻsha, hatto avvalgidan ham yomonlashdi… Iqtisodiy krizis ham oʻsha-oʻsha, hatto avvalgidan ham yomonlashdi…

Alloh Taoloning ushbu kalomi haqdir:

فَمَنِ اتَّبَعَ هُدَايَ فَلَا يَضِلُّ وَلَا يَشْقَى * وَمَنْ أَعْرَضَ عَنْ ذِكْرِي فَإِنَّ لَهُ مَعِيشَةً ضَنْكاً

“Kim Mening hidoyatimga ergashsa, yoʻldan ozmas va baxtsiz boʻlmas. Kim Mening eslatmamdan yuz oʻgirsa, bas, albatta uning uchun tang-baxtsiz hayot boʻlur” [Toha 123-124]

Alloh Taoloning ushbu kalomi haq-rostdir:

فَاعْتَبِرُوا يَاأُولِي الْأَبْصَارِ

“Bas, ey aql egalari, ibrat olingiz!”  [Hashr 2]

27 jumodus-soniy 1440h

4 mart 2019m

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.