Aydarbekov: Bishkek va Pekin munosabatlari buzilmaydi

0
579

Aydarbekov: Bishkek va Pekin munosabatlari buzilmaydi

Qirgʻizistonda xitoylik noqonuniy mehnat muhojirlariga qarshi kayfiyat Bishkek bilan Pekinning aloqalariga zarar yetkazmaydi. Bu haqida Tashqi ishlar vaziri Chingiz Aydarbekov 4-fevralda Bishkekda boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida shu toʻgʻrisidagi savolga javob bera turib aytib oʻtdi.

Vazir Xitoy Qirgʻizistonga har doim yordam berib kelgani, qoʻshni davlat yordamini Bishkek munosib baholashini bildirdi. U Xitoyga qarshi kayfiyat igʻvogar kuchlar tomonidan uyushtirilgan boʻlib, shaxsiy xarakterga ega ekanligini va ikki davlat munosabatlariga taʼsir koʻrsatmasligini taʼkidlab oʻtdi.

“Xitoy bu – dunyodagi eng yirik iqtisodlardan biridir. Xitoy – bizning yaxshi niyatli qoʻshnimiz. Xitoy bu – katta tovar aylanishi, Xitoy bu – qirgʻiz iqtisodi uchun ulkan sarmoya. Xitoy – infratuzilmaviy yirik qoʻshma loyihalar. Bularning barchasi barqaror rivojlanish, ish oʻrinlarini yaratishga qaratilgan. Shu sababli igʻvolarga aldanmaslik kerak. Qirgʻiziston bilan Xitoyning munosabatlari jadal rivojlanmoqda”, – dedi Chingiz Aydarbekov.

Turkiston:

Qirgʻiziston moliya vazirligining 2018-yil 31 iyul kuni eʼlon qilgan maʼlumotiga koʻra, Qirgʻizistonning davlat qarzi 4 milliard 415 million dollarni tashkil qiladi. Qirgʻiziston Xitoyning Eksport-import bankidan eng koʻp qarzdor boʻlib, bu qarz 1 milliar 700 million dollardan ziyod.

Maʼlumki, Xitoy hukumati boshqa davlatlarga bergan qarzlarini pul koʻrinishida emas, balki yer va tabiiy boyliklar hisobidan qaytarib olishdan manfaatdor. Tojikiston ham Xitoy oldidagi qarzini toʻlashdan ojiz boʻlib qolgani sababli Togʻli Badaxshondagi tabiiy qazilma boyliklarga ega boʻlgan yerini bir qismini Xitoyga berishga majbur boʻldi. Qirgʻiziston ham 2024-yildan boshlab Xitoyga boʻlgan qarzini toʻlashni boshlashi zarur. Ammo Qirgʻizistonning bugungi iqtisodiy ahvoli va byudjetdagi tanqislik bu ishni uddasidan chiqa olmasligiga dalolat qilib turibdi. Shu sababli ham Qirgʻiziston hukumati Xitoy kompaniyalariga oʻz yerlaridagi oltin va boshqa konlardan foydalanish huquqini berib, shu yoʻl bilan oʻz qarzini yengillatishga harakat qilmoqda.

Qirgʻiziston qonunchiligiga koʻra, boshqa davlat ishtirokida tuzilgan qoʻshma karxonada ishchilar sonining 20 foizi chetdan kelgan ishchilarni, qolgan 80 foizi mahalliy aholidan iborat boʻlishi kerak. Ammo amalda buni aksi boʻlib, Xitoy bilan hamkorlikda ochilgan qoʻshma karxonalar ishchilarining aksari Xitoy fuqarolaridan iborat. Qirgʻiziston hukumati Xitoy sarmoyadorlari va ishchilariga keng huquq va imkoniyatlar berishi ortidan xitoylik ishchilar mahalliy aholiga nisbatan bosimlar oʻtkazib, ular bilan tuzilgan kelishuvlarga rioya qilmay goʻyoki ulardan xuddi qul qabi foydalanish yoʻliga oʻtib oldi. Hatto xitoylik bir sarmoyador oʻz korxonasidagi mahalliy qirgʻiz ishchilarini tushlik vaqtida ovqatni tik turib yeyishga majburlab, ularga qarshi kuch ishlatdi. Bishkekdagi restoranlardan birida xitoy fuqarosi oʻzini nojoʻya tutgani sababli tanbeh bergan qirgʻiz ayollarini haqorat qilib, “men deputatga qoʻngʻiroq qilaman” deya tahdid qilishgacha borib yetdi.

Xitoyga qarshi kayfiyat– rasmiy hukumat iddao qilganidek – “uchunchi kuchlar” tarafidan emas, balki xalqni Xitoy bosqini asta-sekinlik bilan boʻlsada amalga oshib kelayotganini his qilishi natijasida paydo boʻldi va “Xitoy bosqinchiligiga qarshimiz” deb nomlangan aksiya keng omma qoʻlloviga ega boʻldi. Bu esa oʻz navbatida rasmiy hukumatga jiddiy muammolar tugʻdira boshladi. Chunki, qirgʻiz iqtisodi asosan chetda, xususan, Rossiyada mehnat qilayotgan Qirgʻiziston fuqarolari vataniga joʻnatayotgan pullar va Xitoy kabi davlatlardan oladigan kredit va yordamlarga bogʻlanib qolgan. Shu sababli ham rasmiy hukumat xalqning fikrini oʻzgartirish va oʻzlari uchun Xitoy bilan aloqalarni yanada kuchaytirishga harakat qilmoqda.

Aslida bosqinchilikka qarshi kurash, iqtisodiy manfaatlarga qarshi kurash emas, balki bu – Qirgʻizistonni iqtisodiy zaifligidan foydalangan holda iqtisodiy manfaatlarni oʻziga qurol qilib, mamlakatlarni qarzga botirish yoʻli bilan bosqinchilikni maqsad qilib kirib kelayotgan Xitoy agressiyasiyasiga qarshi fikriy kurashdir!

Abdurahmon

Izohlar yo'q