Jahon Banki Tunisning qolgan resurslarini ham yeb tugatish uchun ulkan islohotlar oʻtkazishga buyuryapti
“Haqoiq onlayn” veb-sayti hijriy 1440 yil 20 robiul-avval, milodiy 2018 yil 27 dekabr payshanba kuni nashr qilgan xabarda bunday deyiladi:
“Jahon Banki guruhining Oʻrta Sharq va Shimoliy Afrika boʻyicha vitse-prezidenti Farid Bilhoji Tunisda iqtisodiyotni tiklash va kelishmovchiliklardan uzoqlashish uchun islohotlarni tezlashtirish zarurligini taʼkidladi. Soʻng «Davlat hech qachon aholini ish bilan taʼminlay olmaydi. Lekin uning vazifasi xususiy sektorga turtki berish va uni qoʻllab-quvvatlash uchun kerakli shart-sharoit yaratib berishdan iborat. Toki, bu sektor ish bilan taʼminlash bilan bogʻliq oʻzidan talab qilingan rolni ado etsin”, deya qoʻshimcha qildi».
Roya gazetasi sharhi:
Jahon Banki Tunisni ulkan islohotlar oʻtkazishga buyuryapti. Xalqaro Valyuta Fondining mana shunday tavsiyalar berayotganidan maqsadi, yurtdagi neft, gaz va metall kabi boyliklarni talon-taroj qilib boʻlingandan soʻng, endi qolgan-qutgan boyliklarini ham yeb tugatishdir. Chunki bu ikki tashkilot tavsiya qilgan “rivojlanish”dan yurtni qarzga botirish, keyin esa, uni oʻz buyruqlariga tiz choʻktirish koʻzlangan. Jahon Banki va Xalqaro Valyuta Fondi yirik davlatlar qoʻlidagi qurol boʻlib, bu davlatlar ayni ikki muassasa yordamida dunyo davlatlari ishlariga burun suqishadi, ularni kreditlar botqogʻiga botirib, shu orqali ularni iqtisodiy jihatdan oʻzlariga tobe qilib olishadi. Bugun buni kattayu kichik yaxshi biladigan boʻlib qolgan. Bu ikki muassasa qaysi yerga bormasin, albatta oʻsha yer battar qashshoqlashdi, muammoga botdi. Tunis Jahon Bankining iloj va tavsiyalari bilan hargiz oʻzining iqtisodiy krizisidan chiqolmaydi. Davlat oʻz resurslaridan oʻzi foydalanib, xalqaro bosimlarni qabul qilishdan bosh tortsagina, davlatlararo kreditlaru bank yordamlaridan yuz oʻgirsagina mustaqil qaror egasi boʻlishi, binobarin, yurt boyliklarini samarali loyihalarga sarflashi mumkin. Zero, mana shunday loyiha davlatni odamlar ishlarini boshqarishiga yetarli miqdordagi mablagʻ bilan taʼminlaydi. Ammo buning uchun, kapitalistik ilmoniy nizomni Islomdagi iqtisod nizomiga oʻzgartirmoq kerak. Islom nizomi korrupsiya asoslarini yoʻq qiladi. Chunki sudxoʻr muassasalar, iqtisodiy monopoliyalar hamda narx-navo va ish haqlari ustidan hukmronlik qiluvchi kapitalistik kompaniyalar doxil barcha yovuzliklar asosan mana shu korrupsiyadan kelib chiqqan.
Roya gazetasining 2018 yil 2 yanvar chorshanba kungi 216-sonidan