AQSh generali: Kobul hukumati Tolibon hujumi qarshisida dosh berolmaydi

0
543

AQSh generali: Kobul hukumati Tolibon hujumi qarshisida dosh berolmaydi

 AQSh Markaziy kuchlari qoʻmondoni general Jozef Votelning oʻrniga tayinlangan general-leytenant Kennet Makkenzi AQSh Senatining qurolli xizmatlar qoʻmitasida soʻzga chiqdi. Makkenzining taʼkidlashicha, hozircha AQSh kuchlarini Afgʻonistondan olib chiqish rejasi yoʻq, AQSh armiyasi Kobul hukumatini qoʻllab-quvvatlashda davom etadi.

Afgʻoniston haqida bayonot bergan Makkenzi AQSh kuchlarinining Afgʻonistonda qolish jarayoni qancha davom etishini bilmasligini qoʻshimcha qildi.

AQSh generali AQSh kuchlari boʻlmasa, Kobul hukumatining xavfsizlik kuchlari uchun juda qiyin boʻlishini va agar ular chiqib ketadigan boʻlsa, Kobul hukumati Tolibon hujumi qarshisida dosh berolmay bir lahzada qulashiga alohida urgʻu berdi. Shunga qaramay, Makkenzi AQShning Afgʻonistonda askarlar sonini oshirish niyati yoʻqligini taʼkidladi.

AQShda joylashgan “Stratfor” tadqiqot markazi Afgʻoniston boʻyicha 2019 yilgi taxminlarni oʻz ichiga olgan yangi hisobot eʼlon qildi. Stratforning taxminicha, 2019 yilda ham Amerika Afgʻonistonda qoladi, ammo muzokara strategiyasini davom ettiradi.

Amerikaliklarning Tolibon harakati bilan boshlagan muzokaralar jarayonida Afgʻonistondan chiqib ketishi haqida aniq bir qaror qabul qilinmagan.

AQShning 2001 yilda Afgʻonistonga boshlagan bosqinchiligi AQSh iqtisodiyotiga kamida 1 trillion dollar ziyon keltirgani va oʻn minglagan askarlarning oʻlimi yoki majruh boʻlib qolishiga sabab boʻlgani aytiladi. AQSh masullariga koʻra, 2018 yilning oʻzida Afgʻoniston urushi uchun AQSh byudjetidan 45 milliard dollardan ortiq mablagʻ sarflangan.

Izohlar yo'q