Tojikiston parlamenti binosini Xitoy qurib beradigan boʻldi

0
1108

Tojikiston parlamenti binosini Xitoy qurib beradigan boʻldi

Xitoy Tojikistonda asosiy investorlardan biri boʻlib qolmoqda. Xitoy hukumati oʻz byudjetidan uzoq muddatli kreditlar ajratib, Tojikistonda maʼmurlar binosini qurib berish kabi, rivojlanishga umuman aloqasi boʻlmagan bir qancha binolar qurdi.

Tojikiston parlamenti binosining Xitoy hukumati tomonidan qayta tiklanishi ham Pekinning ushbu “saxovatpeshaligi” jumlasidandir. Tojikiston rasmiy organlari tarafidan berilgan maʼlumotga koʻra, Poytaxt Dushanbening markazida qurila boshlagan yangi parlament binosi uchun Pekin oʻz byudjetidan 1,5 milliard yuan ajratgan.

Qurilishni boshlash marosimi 13 oktyabr kuni Tojikiston respublikasi prezidenti Imomali Rahmon va ShHTga aʼzo davlatlar rahbarlari kengashining majlisida ishtirok etish uchun Tojikiston poytaxtiga kelgan Xitoy xalq respublikasi davlat kengashi raisi Li Ketsyan ishtirokida boʻlib oʻtdi.

Yangi parlament majmuasi Qishloq xoʻjaligi vazirligining eski binolari, Dushanbe shahar hokimiyat binosi, Eron elchixonasi binosi va turli turar-joy binolari oʻrnida quriladi. Xullas yangi bino 6 gektar yer maydonini egallashi koʻzda tutilgan.

Binoning asosiy bloklarining balandligi taxminan 50 metrni tashkil etadi. Parlament binosining umumiy maydoni esa 42 ming 874 kvadrat metrni tashkil qiladi. Unda 1500 kishi uchun umumiy yigʻilish xonasi, parlamentning yuqori va quyi palatalaridagi yigʻilish xonasi, tibbiy markaz va kutubxona mavjud.

Yangi parlament binosi 15 qavatli asosiy bino va hukumatning turli boʻlinmalari uchun ikkita 13 qavatli binolardan iborat boʻladi.

Turkiston:

Oʻrta Osiyo davlatlari, jumladan Qirgʻiziston, Tojikiston va Qozogʻiston xorijiy davlatlardan olayotgan qarzlarini faqat infratuzilmalarini yaxshilash uchun olishadi. Eʼtibor bering, Qozogʻistonning tashqi qarzi taqriban 170 milliard dollarga yetgan. Shunga qaramay mamlakatda birorta ogʻir sanoatga aloqador koʻzga koʻrinarli ishlab chiqarish korxonasi qurilgani yoʻq. Qarzga olingan mablagʻlarning deyarli hammasi infratuzilma uchun, yaʼni obodonchilik ishlari uchun sarflandi. Hokimiyat tomonidan boʻladimi yoki shaxsiy sektor tomonidanmi, farqi yoʻq. Har ikki tomon ham bu xarajatlarni unumli sohalarga sarf qilmadi.

Qirgʻiziston ham, byudjetchilari va hatto nafaqachilarini zoʻrgʻa taʼminlab turgan bir paytda, davlat amaldorlari chetdan qarz olib, mamlakat boʻylab yoʻl qurdirgani bilan faxrlanishyapti. Bishkek shahri uchun eski TES ishlab turgan boʻlsa ham, Xitoyliklarga yangisini qurdirdi. Hokimiyat almashganida TESdagi korruptsiya ishlariga guvoh boʻldik. Yoʻl qurilishida ham ahvol TESdagidan qolishmaydi. Bu Mamlakatlarga kirib kelayotgan investitsiya yoki olinayotgan qarzlarning hech biri, biror foydali tarmoqqa moʻljallanmagan. Vaholanki, olingan qarz boʻladimi yoki oʻz imkoniyatimizdagi mablagʻlarmi farqi yoʻq, ular avval manfaat yaʼni daromad olib keladigan tarmoqlarga yoʻnaltirilishi lozim edi. Keyin shu korhonalardan qoʻlga kiritilgan foydalardan imkoniyatimizga qarab, qurilish yoki boshqa obodonchilik xarajatlariga sarf qilinsa toʻgʻri boʻlar edi.

Tojikistonning avvalgi qarzlari uchun Xitoy yaqinda 90 ming gektar yerini tortib olib qoʻydi. Yaqin yillarda Xitoy Qirgʻizistonning yerlarini ham tortib ola boshlaydi! Tojikiston ham, Qirgʻiziston ham Xitoy yoki boshqadan olgan qarzlarining hech boʻlmaganda bir qismini boʻlsa ham, ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun sharoit yaratib beruvchi stanoksozlik, mashinasozlik kabi ogʻir sanoat tarmoqlarga sarflash haqida hatto oʻylab ham koʻrgan emas! Shu, yaʼni yengil infratuzilma va sanoat rivojlanishining garovi boʻlgan ogʻir sanoat yoʻlga qoʻyilmas ekan, bizning yurtlarimizda hatto oddiy parlament binosini ham yoki yerga asfalt yotqizishni ham oʻzimiz eplay olmaymiz! Chunki har bir ish uchun oʻziga mos texnika va kerakli anjomlar lozim boʻladi. Bu anjomlarning deyarli hammasi ogʻir sanoatga aloqador korxonalarda ishlab chiqariladi.

Xalqaro siyosat va olamiy global boshqaruv sistemasi, xalqaro tashkilotlar vositasi bilan ogʻir sanoat tarmogʻini biz kabi zaif, agrar, uchunchi olam mamlakatlari uchun taqiqlash mexanizmi ishlab chiqishgan. Ular, oʻzlariga mos xalqaro qonun qoidalar bilan bizni rivojlanishdan toʻsib kelishadi. Yuqoridagi rivojlanish garovi boʻlgan tarmoqlarning birortasi uchun hech bir yirik davlat qarz bera olmaydi. Ular xalqaro siyosatdagi yozilgan yoki yozilmagan qonunlar bilan bu kelishimga qattiq rioya qilishadi.

Xitoy esa, Gʻarb mamlakatlari singari mafkuraviy manfaatlari yoki saqofatini yoyish uchun qarz bermaydi. U faqat moddiy manfaat uchun, asosan oʻz teritoriyasini kengaytirish yoki oʻz yurtiga xom ashyo (konlar)ni jalb qiladigan tarmoqlarni qoʻlga kiritish maqsadida qarz beradi. Ushbu maqsadi yoʻlida Xitoy I. Rahmon, Nazarbayev, Atambayev singari oʻz manfaatlarini yurt manfaatidan ustun qoʻygan xalq xoinlaridan foydalanadi. 

Izohlar yo'q