Turkiya Suriyaga urush bilan tahdid qildi

0
879

Turkiya Suriyaga urush bilan tahdid qildi

 Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlut Chavushoʻgʻlu agar Suriya armiyasi Afrinda kurd tuzilmalariga koʻmak bersa, unga qarshi harbiy harakatlar amalga oshirish bilan tahdid qildi.

 Chavushoʻgʻluning aytishicha, Anqara Suriya hukumat qoʻshinlari Afrinni suriyalik kurdlarning “Xalq mudofaa otryadlari”dan (YPG) tozalasa, ularning shaharga kirishlari muammo tugʻdirmaydi. “Aksincha, agar ular YPG’ni bizdan himoya qilsalar, unda Turkiya va turk askarlarini hech narsa toʻxtata olmaydi. Bu Manbij va Frotdan sharqdagi hududlarga ham taalluqli”, deb aytgan Chavushoʻgʻlu.

 18 fevralda Reuters axborot agentligi suriyalik kurdlar va rasmiy Damashq Suriya hukumat kuchlarining Afringa kirishi boʻyicha kelishuvga kelishgani haqida xabar bergan. Ushbu kuchlar ikki kun ichida Afrin va Turkiya bilan chegarada bir qator pozitsiyalarni egallashlari taʼkidlab oʻtilgan.

 SANA axborot agentligi maʼlumotlariga koʻra, yaqin soatlarda Afringa Suriya xalq kuchlari otryadlari kirib boradi. Ular aholini Turkiyaning tajovuziga qarshi kurashda qoʻllab-quvvatlaydi hamda Anqaraning hududni bosib olishiga yoʻl bermaydi.

 Bungacha YPG vakillari Suriya hukumat kuchlari bilan hech qanday muzokaralar olib bormayotganlarini aytib kelganlar.

 Turkiya 20 yanvardan beri Afrinda kurd tuzilmalariga qarshi harbiy amaliyot olib bormoqda.

Izohlar yo'q