Tramp Guantanamo turmasini yopish haqidagi farmonini bekor qildi

0
481

Tramp Guantanamo turmasini yopish haqidagi farmonini bekor qildi

 AQSh prezidenti Donalьd Tramp 30 yanvarda oʻzidan avvalgi prezident Barak Obamaning Kubadagi Guantanamo maxsus turmasini yopish haqidagi farmonini bekor qildi. Bu haqda Oq uy xabarida maʼlum qilingan.

 Xabarda taʼkidlanishicha, Trampning farmonida “AQSh zarurat boʻlganda turmaga mahbuslarni joʻnatish imkonini saqlab qoladi”.

 “Ish terrorchilikka borganda, biz davlatimizni himoya qilish uchun barcha zarur ishni amalga oshiramiz. Prezidentning yangi harakatlari terrorchilik tahdidini bartaraf etish uchun zarur vositalar va imkoniyatlarni saqlab qolish uchun hayotiy muhim ahamiyatga egadir. Qurolli ixtilof vaqtida dushmanlarni qoʻlga olish jangovar harakatlarni olib borishning qonuniy va zaruriy vositasi hisoblanadi”, deyilgan xabarda. Oq uy xabarida taʼkidlanishicha, Guantanamo turmasidan ozod qilingan yuzdan koʻproq odam yana janglarda ishtirok etgan, baʼzilari esa AQSh boshchiligidagi koalitsiya aʼzolari va amerikaliklarni oʻldirgan.

 Guantanamo turmasiga 2002 yilda AQShning oʻsha vaqtdagi prezidenti Kichik Jorj Bush boshchiligidagi maʼmuriyat tomondan asos solingan. Bu turmada terrorchilikda gumon qilinuvchilar saqlanadi. Obama prezident vakolatlarini bajarishga kirishishi bilanoq turmaning bir yil ichida yopilishi haqidagi farmonni imzolagan, biroq kongress qarshiligiga uchragan.

 Guantanamo turmasi mavjudligi huquq himoyachilari tomondan tanqid qilinadi. Obama prezidentligi vaqtida bu turmadan deyarli 200 mahbusni ozod qilishga koʻrsatma bergan. Hozir turmada 40 ga yaqin mahbus qolmoqda. Tramp saylovoldi kampaniyasi vaqtida turmani yopmasligini aytgandi. U, shuningdek, turmadan mahbuslarni ozod qilib boʻlmasligini, chunki ular yana terrorchilik faoliyatiga qaytishlari mumkinligini aytgan.

 Tramp, shuningdek, kongressdagi “Mamlakat mavqei haqidagi” nutqida AQShda 2018 yildan turmalar isloh qilinishini aytdi.

 “Joriy yilda oʻz vaqtida jazo muddatini oʻtagan sobiq mahbuslarga ikkinchi imkoniyatni berish uchun yordam maqsadida turmalarimizni isloh qilishni boshlaymiz”, deb aytgan Tramp.

Izohlar yo'q