بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيم
Hizb ut-Tahrir amiri olim Ato ibn Xalil Abu Roshtaning feysbuk sahifasidagi ziyoratchilarning bergan savollariga javoblaridan (fiqhiy)
“Najmeddine Khcharem”ning genetik analizga tayanib bola nasabini aniqlash toʻgʻrisidagi savoliga javob
Savol:
Assalamu alaykum va rohmatullohi va barokatuh
Hurmatli shayx, kishi genetik analizga tayanib bolaning nasabini inkor qilishi mumkinmi?
Alloh sizga barakotlar yogʻdirsin.
Javob:
Avvalo: Kelishmovchilik paydo boʻlgan har qanday masalani isbotlash uchun sof isbotlash vositalaridan foydalanish va tiniq boʻlishi uchun bor kuchni sarflash joizdir… DNKni aniqlash va tekshirish vositalari shular jumlasidan. Har qanday masalada toʻgʻri fikrga yetib borish uchun har qanday isbotlash vositalaridan foydalanish mumkin. Faqat muayyan masalaga xos sharʼiy nusus kelgan boʻlsa, boʻyin tovlamasdan shu nususga cheklanish vojib…
Maʼlum boʻlishicha DNK kislotasining har bir inson va tirik mavjudotda bitta birikmasi boʻladi. U avariya holatlarida ishlatiladigan yigʻma narvon kabi bir-biriga birikib turadigan ikki zanjirga oʻxshaydi. Himiyaviy jihatdan olib qaraganda u shakar va fosfat molekulalaridan tarkib topadi. Narvonning har bir pogʻonasi azotli asosdan iborat. Boshqacha aytganda har bir zanjir shakar, fosfor va azotli asosdan iborat, ularning har biri nukleotid deb ataladi.
Bu nukleotidlar mustahkam shaklda tartiblashgan. Nukleotidlardan tashkil topgan ixcham zanjir inglizchada gen deb ataluvchi moddalarga boʻlinadi. Har bir gen oʻziga xos sifatga ega boʻlib, oqsillarning muayyan turi hosil boʻlishi uchun kerak boʻlgan axborotni tashiydi. Oqsillardan esa jism hujayralari paydo boʻladi.
Genlar ota-onalardagi irsiy xususiyatlarni bolalarga olib oʻtadi… Bu Alloh Taolo nasabni bir-biriga bogʻlash uchun yaratgan bir-biriga oʻxshash xususiyatlardir. Agar DNK kislotasi hamda ota bilan bola oʻrtasidagi irsiy maʼlumotlar natijalari haqida nazariy faraz yuritsak, boshqacha aytganda barcha sheriklardan pok Alloh belgilab qoʻygan mana shu irsiy maʼlumotlardan irsiy haqiqatni topsak, bu bolaning nasabi otaga borib taqalishini koʻrsatadi.
Lekin mutaxassis ekspertlarning aytishicha, analiz paytida mutaxassislar xatosi yoki olingan namunaga mikrob tushib qolishi oqibatida DNK natijalari xato boʻlib qolishi mumkin. Shuningdek DNK natijalari toʻgʻriligi haqida va bu natijaga boshqa omillar taʼsir qilganligi haqida shubha paydo boʻlib qolishi mumkin…
Shuning uchun yuqorida aytib oʻtilgan sabablarga koʻra, xato sodir boʻlishi ehtimoli bor boʻlganidan DNK natijalari qatʼiy dalillikka yaramaydi. Mazkur xatolar tuzatilsa, bu natijalarni isboti uchun sharʼiy nusus vorid boʻlmagan har qanday masalani isbotlash uchun vosita qilib olsa boʻladi. Lekin sharʼiy nusus vorid boʻlgan boʻlsa, boʻyin tovlamasdan sharʼiy nususni olish vojibdir…
Masalan shaxsi nomaʼlum tanani aniqlash… yoki tugʻruqxonalarda bolaning qaysi onaga tegishli ekanini aniqlashda har qanday isbotlash vositalaridan foydalanish mumkin. Shular jumlasiga DNK natijalaridan foydalanish ham kiradi. Shuningdek shaxsi nomaʼlum tana topilgan hududda yashaydigan kishilar bilan jiddiy tekshirish oʻtkazish, tugʻruqxonada ishlaydigan ishchilar bilan tekshirish oʻtkazish va bundan boshqa toʻgʻri natijaga olib boruvchi sof isbotlash vositalarini qoʻllash bularning barchasi joiz. Chunki bu ishlarni isbotlashda xos sharʼiy nusus vorid boʻlgan emas, demak bu isbotlash umumiy nususlar ostiga kiradi. Ammo biror masalani isbotlash borasida sharʼiy nusus vorid boʻlgan boʻlsa, unda faqat oʻsha sharʼiy nususga cheklaniladi.
Ikkinchi: Endi sizning bolaning nasabini inkor qilish haqidagi savolingizga javob bersak… Bu masala haqida xos sharʼiy nusus vorid boʻlgan, shuning uchun oʻsha nususga cheklaniladi. Buning quyidagi ikki jihati bor:
DNK natijalari bu masalaga yaramaydi, chunki bolaning nasabini isbotlash va inkor qilish borasida Islomda oʻziga xos dalillar mavjud. Nasab oʻsha dalillar asosida isbotlanadi yoki inkor qilinadi. Bunga DNK tekshirish natijalari aniqlangandan keyin chiqarilgan fatvolar taʼsir qilmaydi. Chunki Misrda, xususiy mulk vazirliklarida, Quvaytda ushbu mavzu haqida turli fikrlar mavjud. Ayrimlar isbot va inkor, har ikkisida DNK natijalari joiz desa, ayrimlar faqat inkor qilishda joiz deyishadi. Yana ayrimlar er-xotinlik mavjud boʻlsa nasabni isbotlashda joiz, ammo zinoda joiz emas deydi. Ayrim Gʻarb saqofatidan taʼsirlangan va oʻzini faqih deb daʼvo qiluvchilar zino holatlarida ham nasabni isbotlash borasida joiz deyishadi.
Bu masaladagi toʻgʻri hukm nasab borasida shariat aniq belgilab bergan hukmdir. Biz bu haqda ijtimo nizomi kitobida batafsil tushuntirganmiz. Unda nasab mavzusida quyidagi iboralar kelgan:
(Homilador boʻlishning eng oz muddati olti oy, odatdagi muddati toʻqqiz oy. Er oʻz xotini bilan turmush qurgan paytdan olti oy va undan koʻproq vaqt oʻtib ayoli tugʻsa, bola uning bolasi boʻladi. Bu xususda Paygʻambar ﷺ:
“الْوَلَدُ لِلْفِرَاشِ”
“Bola toʻshak egasiniki”, deganlar (muttafaqun alayh). Xulosa shuki, ayol oʻz eriga xotin boʻlib turgan davrda va nikohlariga olti oydan koʻproq vaqt oʻtib tugʻsa, bu bola shu erning farzandi boʻladi.
Biroq, xotini olti oy yoki undan koʻproq vaqt oʻtib bola tugʻsa va bu bola eridan boʻlmaganligi aniqlansa, topilishi zarur boʻlgan bir qancha shartlar bilan eri bu bolani rad qilishi mumkin. Agar mazkur shartlar topilmasa, uning rad qilishining qiymati boʻlmaydi. Xohlaydimi yoki bosh tortadimi, bola baribir uniki boʻlib qolaveradi. Bu shartlar quyidagilar:
Birinchisi: Chaqaloq tirik tugʻilgan boʻlishi kerak. Zero, oʻlik tugʻilgan chaqaloqning nasabi rad etilmaydi. Chunki sharʼiy hukm oʻlik tugʻilgan bolani inkor qilishga joriy qilinmaydi.
Ikkinchisi: Ota ochiqdan-ochiq yoki biror ishora bilan bu bola – uning farzandi ekanligiga iqror boʻlmagan boʻlishi kerak. Agar ochiqdan-ochiq yoki biror ishora bilan bu bola uning farzandi ekanligiga iqror boʻlgan boʻlsa, bundan keyin bolaning nasabini inkor qilishi mumkin emas;
Uchinchisi: Bolani inkor qilish muayyan vaqt va muayyan holatlarda boʻlishi kerak, yaʼni tugʻilish vaqti, tugʻish uchun kerakli narsalarni sotib olish vaqti, er uyda boʻlmagan paytda xotini tuqqanligidan xabar topgan vaqti. Bu aytib oʻtilgan vaqtlar yoki holatlardan boshqa paytda bolaning nasabini inkor etishi eʼtiborga olinmaydi. Shunga koʻra, xotini bola tugʻib, eri uni inkor qilishga imkoni boʻla turib inkor etmasa, bola uning nasabidan hisoblanadi va bundan keyin bolani tan olmaslikka otaning haqqi boʻlmaydi. Bolaning tugʻilganini bilgan va uni tan olmaslik imkoniga ega boʻlgan holatda otaga ixtiyor beriladi. Bola tugʻilganini bilib, uni inkor qilishga imkoni boʻla turib inkor qilmasa, bola uning nasabidan boʻldi deb hisoblanadi. Chunki Rosululloh ﷺ:
“الْوَلَدُ لِلْفِرَاشِ”
“Bola toʻshak egasiniki”, deganlar. Agar ota bolaning tugʻilganini bilmagani haqida daʼvo qilsa va u bexabar qolish ehtimoli boʻlgan joyda, masalan boshqa mahalla yoki boshqa shaharda boʻlgani uchun uni tasdiqlash mumkin boʻlsa, u gapini qasam ichib tasdiqlaydi. Chunki asl-asos bilmaslikdir. Endi agar uning gapini tasdiqlash mumkin boʻlmasa, masalan er xotini bilan bir hovlida boʻlgan boʻlsa, uning daʼvosi qabul qilinmaydi. Chunki bunday holatda bilmay qolishi mumkin emas. Agar er: “Bola tugʻilganini bilgandim, biroq uni inkor qilishga haqli ekanimni bilmagan edim”, desa yoki “Buni ham bilardim, lekin darhol inkor qilishim kerakligini bilmagan ekanman”, desa va u omma xalq kabi buni bilmaydiganlar jumlasidan boʻlsa, uning bu daʼvosi qabul qilinadi. Chunki bu hukmni omma xalq bilmaydi va bu borada Islomni yaqinda qabul qilgan kishiga oʻxshaydi. Shuningdek u kabi kishilar bilmaydigan har qanday hukmni bilmasligi uzr deb qabul qilinadi. Agar bilmay qolishi mumkin boʻlmagan ish boʻlsa, uning bilmasligi uzr deb qabul qilinmaydi.
Toʻrtinchisi: Bolani inkor etish ortidan laʼnatlashish yoki laʼnatlashish orqali bolani inkor etishi kerak. Toʻliq ravishda laʼnatlashish bilan bolani inkor etsagina, bola uning nasabidan deb hisoblanmaydi.
Mana shu toʻrt shart topilsa, bola otaning nasabidan boʻlmagan deb hisob qilinib, onasiga nisbat beriladi. Ibn Umar rivoyatiga koʻra:
“أَنَّ رَجُلاً لاَعَنَ امْرَأَتَهُ فِي زَمَنِ رَسُولِ اللهِ ﷺ وَانْتَفَى مِنْ وَلَدِهَا فَفَرَّقَ رَسُولُ اللهِ ﷺ بَيْنَهُمُا، وَأَلْحَقَ الْوَلَدَ بِالْمَرْأَةِ”
“Rosululloh ﷺ zamonlarida bir kishi xotini bilan laʼnatlashishdi va bolasini inkor qildi. Rosululloh ﷺ er-xotinni ajratib yuborib, bolani onasiga nisbat berdilar”. (Buxoriy rivoyati). Agar bolani inkor qilish shartlari topilmasa, bola inkor etilmaydi va erning naslidan deb hisoblanadi. Bu bola farzandlikning barcha huquqlariga ega boʻladi. Yuqorida tugʻilgan bola erdan boʻlgani haqida ixtilof tugʻilgandagi holat haqida gapirildi. Endi xotin bola tuqqanligi haqida er-xotin oʻrtasida janjal boʻlib qolsa, yaʼni xotin er-xotinlik asnosida eridan bola tuqqanligini daʼvo qilsa, eri esa xotini bola tuqqanligini inkor etsa, xotin oʻz daʼvosini bir muslima ayolning guvohligi bilan isbotlaydi. Bunday holatda bir ayolning guvohligi kifoya qiladi. Chunki nasl-nasab toʻshakning mavjudligi bilan qaror topadi. Guvohlik shartlari topilgan bir ayolning guvohlik berishi bilan bolaning tugʻilganligi isbotlanishi mumkin). Iqtibos tugadi.
Shunga koʻra bolaning nasabi DNK natijalari bilan inkor qilinmaydi, balki yuqorida aytilgan shariat belgilab bergan shartlar bilan inkor qilish joiz.
Uchinchidan: Eslatib qoʻyish lozim boʻlgan narsa shuki, Islom nasab masalasiga katta ahamiyat qaratgan boʻlib, quyida bu haqdagi ayrim nususlarni keltiramiz:
Buxoriy sahihida Saʼd roziyallohu anhudan chiqargan hadisda shunday deydi: Men Rosululloh ﷺning shunday deb aytayotganini eshitdim:
“مَنِ ادَّعَى إِلَى غَيْرِ أَبِيهِ، وَهُوَ يَعْلَمُ أَنَّهُ غَيْرُ أَبِيهِ، فَالْجَنَّةُ عَلَيْهِ حَرَامٌ”
“Kimki bir kishini otasi emasligini bila turib, uni otam deb daʼvo qilsa, unga jannat haromdir”.
Ibn Mojja Abdulloh ibn Amrdan rivoyat qilgan hadisda Rosululloh ﷺ aytadi:
“مَنِ ادَّعَى إِلَى غَيْرِ أَبِيهِ لَمْ يَرَحْ رِيحَ الْجَنَّةِ، وَإِنَّ رِيحَهَا لَيُوجَدُ مِنْ مَسِيرَةِ خَمْسِمِائَةِ عَامٍ”
“Kimki otasi boʻlmagan kishini otam deb daʼvo qilsa, jannat hidini hidlamaydi. Jannat hidi besh yuz yillik masofadan kelib turadi”.
Nasoiy (Sunanul kubro) nomli kitobida Abu Hurayradan chiqargan hadisda u kishi aytadiki: Rosululloh ﷺ laʼnatlashish oyati nozil boʻlgach shunday deb aytayotganini eshitganman:
“حِينَ نَزَلَتْ آيَةُ الْمُلَاعَنَةِ: أَيُّمَا امْرَأَةٍ أَدْخَلَتْ عَلَى قَوْمٍ مَنْ لَيْسَ مِنْهُمْ، فَلَيْسَتْ مِنَ اللهِ فِي شَيْءٍ، وَلَنْ يُدْخِلَهَا اللهُ جَنَّتَهُ، وَأَيُّمَا رَجُلٍ جَحَدَ وَلَدَهُ، وَهُوَ يَنْظُرُ إِلَيْهِ احْتَجَبَ اللهُ مِنْهُ، وَفَضَحَهُ عَلَى رُءُوسِ الْأَوَّلِينَ وَالْآخِرِينَ”
“Qaysiki ayol bir qavmga ulardan boʻlmagan bolani nisbatini bersa, Allohning rahmatidan mahrumdir hamda Alloh uni hech qachon jannatiga kirgizmaydi. Qaysiki kishi oʻz bolasi ekanini bila turib uni inkor qilsa, Alloh uni rahmatidan uzoq qiladi hamda avvalgiyu oxirgilarga uni sharmanda qiladi”.
7 robius-soniy 1439h
25 dekabr 2017m