Ahmad Shahid: Oʻzbekistonda din va eʼtiqod, vijdon erkinligi haddan ortiq tartibga solinadi
BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashining din va eʼtiqod erkinligi masalasi boʻyicha maxsus maʼruzachisi Ahmad Shahid Oʻzbekiston hukumati taklifiga binoan mamlakatga tashrif buyurdi. U respublikada din va eʼtiqod erkinligi bilan bogʻliq holatni oʻrgandi.
Uning maʼlum qilishicha, 2018 yil martida oʻz oʻrganishlaridan kelib chiqqan holda, Oʻzbekistondagi din va eʼtiqod erkinligi bilan bogʻliq vaziyatga doir maʼruza va takliflaridan iborat hisobotini eʼlon qiladi.
Ahmad Shahid tashrifi yakunlanishi munosabati bilan International Hotel Tashkent mehmonxonasida matbuot anjumani oʻtkazdi.
Maxsus maʼruzachining alohida uqdirishicha, “Oʻzbekiston garchi dunyoviy davlat ekanini taʼkidlasa-da, mamlakatda vijdon, fikr, eʼtiqod va din erkinligi haddan ortiq tartibga solinadi. Diniy tashkilotlar davlat roʻyxatidan oʻtmasdan faoliyat yuritsa, noqonuniy hisoblanadi. Hukumat har qanday diniy harakatlarga nisbatan hushyor turishga moyildir”.
Uning soʻzlariga koʻra, mamlakat Konstitutsiyasida din va eʼtiqod, vijdon erkinligi kafolatlangan boʻlsa ham, amalda birmuncha cheklovlarga duch kelinmoqda. “Fuqarolar din haqida fikrlarini izhor qilishda yoki eʼtiqodidan kelib chiquvchi diniy amallarini erkin bajarishda ayrim cheklovlarga uchramoqda. Baʼzan bu borada oʻzini-oʻzi tsenzura qilish holatlari koʻzga tashlanadi”, – dedi Ahmad Shahid matbuot anjumanida.
BMT maxsus maʼruzasichi Oʻzbekistonda diniy savodxonlikni oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan “Jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish” tashabbusini yuqori baholadi. U soʻnggi bir necha oyda 16 ming atrofidagi diniy ayblovlar asosida ayblangan fuqarolar maxsus roʻyxatdan oʻchirilganini olqishladi.
Tashrifi davomida Toshkent, Fargʻona, Buxoro viloyatlariga borgan Ahmad Shahid Qoraqalpogʻiston Respublikasida ham boʻlib, u yerda “Jasliq” qamoqxonasini borib koʻrdi. Bundan tashqari, Oʻzbekistondagi etnik va diniy jamoalar vakillari, fuqarolik jamiyati tashkilotlari, NNT vakillari bilan ham uchrashib, muloqotlar oʻtkazgan.