Qozogʻiston Qirgʻizistonga 100 million dollarlik yordam koʻrsatadi
“24.kg” saytida xabar berishicha, “Qozogʻiston va Qirgʻiziston respublikalari hukumatlari oʻrtasida yordam koʻrsatish va undan foydalanishni nazorat qilishga doir Protokol ratifikatsiyasi toʻgʻrisida”gi qonun loyihasiga muvofiq, Qozogʻiston Qirgʻizistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (EOII)ga kirishi uchun 100 million dollar qiymatli yordam koʻrsatadi.
“Yordam bir necha translar orqali taqdim etiladi. Har bir holatda texnik yordamga doir alohida protokol imzolanadi va ratifikatsiya qilinadi. Tadbirlar roʻyxatiga faqatgina Qirgʻizistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga qoʻshilishiga doir “yoʻl xaritalari” tadbirlari kiritiladi. Yordam pul vositalari, uskunalar, tovar va xizmatlar shaklida koʻrsatiladi. Transhni amalga oshirish yakunlari boʻyicha undan foydalanish nazorat ostiga olinadi”, – dedi Qozogʻiston moliya vaziri Baxit Sultanov.
“Qirgʻiziston yordamdan foydalanish va taqdim etilayotgan hujjatlar ishonchliligi uchun javobgar”, – deya qoʻshimcha qildi Sultanov.
Yana bir qonun loyihasi bilan Qirgʻizistonga texnik xususiyatga ega tadbirlar roʻyxati (harajatlar smetasi)ni muvofiqlashtirishini yengillashtirish uchun yordam koʻrsatish tartibiga oʻzgarishlar kiritiladi.
Bundan tashqari, Yevroosiyo iqtisodiy integratsiyasi sharoitlarida iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish toʻgʻrisidagi kelishuvga tuzatishlar kiritildi. Unga koʻra texnik xususiyatga ega tadbirlar roʻyxati, yaʼni xarajatlar smetasi ishlab chiqildi. B.Sultanovning soʻzlariga koʻra, transh summasi 7 million 526 ming 789 dollarni tashkil qiladi va pul shaklida taqdim qilinadi.