Kareim Siamning havlga oid savoliga javob

525
0

Hizb ut-Tahrir amiri olim Ato ibn Xalil Abu Roshtaning feysbuk sahifasidagi ziyoratchilarning bergan savollariga javoblaridan (fiqhiy)

Kareim Siamning havlga oid savoliga javob

Savol:

Assalomu alaykum va rohmatullohi va barokatuh

Havl bu yil ham, sana ham emas. U ikkalasidan ham farq qiladi va 10 oy boʻladi. Alloh Taoloning

وَحَمْلُهُ وَفِصَالُهُ ثَلَاثُونَ شَهْرًا

“Unga homilador boʻlish va uni (sutdan) ajratish (muddati) oʻttiz oydir” [Ahqof 15]

degan kalomiga koʻra havl mana shunday. Agar oʻttiz oydan toʻqqiz oy homiladorlik vaqtini olib tashlasak, yigirma bir oy qoladi, yaʼni har bir havl oʻn yarim oyligi chiqadi. Shuningdek, Alloh Taoloning ushbu kalomi:

يُرْضِعْنَ أَوْلَادَهُنَّ حَوْلَيْنِ كَامِلَيْنِ

“Toʻla ikki havl emizadilar” [Baqara 233]

Yaʼni tuqqandan soʻng yigirma bir oy deganidir. Demak, zakot ham har oʻn yarim oyda boʻladi va bu har yetti yilda sakkiz marta zakot berishimizni anglatadi.

Javob:

Va alaykum assalom va rohmatullohi va barokatuh.

Chamasi, savolingizni Islom salomi bilan boshlashga vaqtingiz yetmagan, koʻrinadi! Nima boʻlganda ham, mayli, sizning oʻrningizga oʻzimiz savolingiz boshiga salomni qoʻyib, javobimizdan oldin unga alik olib qoʻyaverdik! Axir, salomga baxillik qilmaganingiz yaxshi emasmi, ey Karim?!

Savolingizga ikki sabab tufayli javob bermayman degan fikr kelgandi: Birinchisi, yil maʼnosidagi havl “حول” lugʻatda ham, shariatda ham sobit narsa. Ikkinchisi, siz javob olish uchun savol bermayapsiz. Siz havl oʻn yarim oy, deya qaror qilib boʻlgansiz va uning ustiga – savolda kelganidek – ibodat, yaʼni zakotni qurib olgansiz!

Biroq buni atroflicha oʻylab koʻrgach, savolingiz baʼzi insonlarni chalgʻitib qoʻymasligi uchun javob berishga qaror qildim. Allohning tavfiqi ila, gap bunday:

Birinchidan: Havl “حول” maʼnosi lugʻatda yil yoki sana, deyilgan. Bu soʻz shunchalik mashhurki, baʼzi qomuslar uni yil yoki sana, deb qoʻya qolgan, sharhlab ham oʻtirmagan. Goʻyo bu soʻz ommatan eʼtirof etilganday! Havl “حول” soʻzining maʼnosini sizga ayrim lugʻatlardan keltiraman:

Lisonul arab: “حول” soʻzi “عام” yil maʼnosida boʻlib… uning koʻpligi “أعوام”dir.
Sihohu tojil lugʻat va sihohul arobiyya: Havl “حول” soʻzi yil maʼnosidadir.
Qomusul muhit” “حول” soʻzi yil maʼnosidadir. “حول” soʻzining koʻpligi أحْوالٌ, حُؤولٌ, حُوُولٌ.
Tojul urus: havl “حول”: oʻzining oʻzgarishi, quyoshning chiqish va botishda aylanishi eʼtiboridan yil maʼnosidadir.
Qomusul fiqhiy: “حول” soʻzi yil maʼnosidadir.
Ikkinchidan, Qurʼoni Karim ochiq arabcha kalom boʻlib, uni arab tili bilan tafsir qilinadi va shu bois tafsirlarda bunday kelgan:

Tafsiri Tabariy – Jomiul bayon T Shokir (5-31):
Abu Jaʼfar aytadi: Alloh Taoloning حَوْلَيْنِ soʻzi ikki yil deganni anglatadi. Menga Muhammad ibn Amr hadis rivoyat qilgan: bizga Abu Osim Isodan, u Ibn Abu Nabihdan, u Mujohiddan hadis rivoyat qildiki,

وَالْوَالِدَاتُ يُرْضِعْنَ أَوْلَادَهُنَّ حَوْلَيْنِ كَامِلَيْنِ

“Onalar bolalarini toʻla ikki havl emizadilar” [Baqara 233]

deganda ikki havl ikki yildir.

Zajjojning “Maonil Qurʼon va eʼrobuhu” (1\312):
حَوْلَيْنِ كَامِلَيْنِ “toʻla ikki havl”dan murod, yigirma toʻrt oy boʻlib, bola tugʻilgan kundan boshlab, emchakdan chiqargan kungachadir.

Tafsiri Bagʻaviy – Toyyiba (1-277):

حَوْلَيْنِ كَامِلَيْنِ “toʻla ikki havl” yaʼni ikki yildir. Buni taʼkidlash uchun “Kamol”da ham zikr qilgan.

Uchinchidan: Endi sizning

وَحَمْلُهُ وَفِصَالُهُ ثَلَاثُونَ شَهْرًا

“Unga homilador boʻlish va uni (sutdan) ajratish (muddati) oʻttiz oydir”, oyatini zikr qilib, soʻng homiladorlik 9 oy boʻladi, qoldiq esa 21 oy qoladi deb, shu 21 oyni

وَالْوَالِدَاتُ يُرْضِعْنَ أَوْلَادَهُنَّ حَوْلَيْنِ كَامِلَيْنِ لِمَنْ أَرَادَ أَنْ يُتِمَّ الرَّضَاعَةَ

“Onalar bolalarini toʻla ikki havl emizadilar. (Bu hukm) emizishni benuqson qilmoqchi boʻlgan kishilar uchundir”, oyatda aytilgan ikki havl boʻladi deyishingizga kelsak, siz tushunish va oʻlchovda xato qilgansiz! Siz homila muddatini faqat toʻqqiz oy boʻladi deb oʻylagansiz, bu esa notoʻgʻri. Chunki homiladorlik muddati olti oy, yetti oy, sakkiz oy va toʻqqiz oy boʻladi. Lekin havl 12 oy boʻlishi aniq-sobitdir. Shuning uchun ham mazkur ikki oyat tafsiri mana bunday boʻladi:

وَالْوَالِدَاتُ يُرْضِعْنَ أَوْلَادَهُنَّ حَوْلَيْنِ كَامِلَيْنِ

“Onalar bolalarini toʻla ikki havl emizadilar”, oyatining maʼnosi, onalar toʻla ikki yil (24 oy) emizadilar, degani,

وَحَمْلُهُ وَفِصَالُهُ ثَلَاثُونَ شَهْرًا

“Unga homilador boʻlish va uni (sutdan) ajratish (muddati) oʻttiz oydir”, oyatining maʼnosi, homilaning eng kam muddati olti oydir, chunki emizishni kamoliga yetkazish, yaʼni 24 oyda tugatiladi. Demak, eng kam homiladorlik vaqti 30-24=6 oy boʻladi. Bu barcha fuqaholar oʻrtasida mashhur boʻlib, bu borada ixtilof qilishmagan.

Toʻrtinchidan: Shunday qilib, siz tushunish va oʻlchovni yaxshi qilolmagansiz, natijada, sobit-aniq havlni oʻzingiz oʻzgartirib olgansiz, soʻng shu oʻzgartirib olganingizni sobit-aniq homiladorlik muddati qilib olgansiz! Oqibatda, oyat madluliga teskari maʼno berib, havl oʻn yarim oy, degan xulosani chiqargansiz. Bu nafaqat xato, balki adashish hamdir!

Mavzu yorishgan boʻlsa kerak, deb oʻylayman… Alloh sizni ishlaringizda rushd-hidoyatga boshlasin.

Birodaringiz Ato ibn Xalil Abu Roshta

10 jumodus-soniy 1438h

9 mart 2017m

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.