Turkmaniston ham qoʻshnilari izidan borib Islom va musulmonlarga qarshi kurashini kuchaytirmoqda

0
883

Turkmaniston ham qoʻshnilari izidan borib Islom va musulmonlarga qarshi kurashini kuchaytirmoqda

“Chillaki chillakini koʻrib chumak uradi” deganlaridek Turkmaniston hukumati ham yon qoʻshnisi Oʻzbekiston izidan borib Islom va musulmonlarga qarshi olib borayotgan kurashini tobora kuchaytirib bormoqda.

Turkmanistonning sobiq prezidenti, marhum Saparmurod Niyozov qalamiga mansub “Ruhnoma” kitobi nashr qilinganidan soʻng ommaviy axborot vositalarida “Turkmanboshi”ni paygʻambar deb atala boshlanishiga turkmanistonlik diniy ulamo Xojaahmad Oʻrozqlichev bu musulmonlar eʼtiqodiga zid ekanligini aytib chiqishi ortidan Islom diniga qarshi kurashni kuchaytirib yuborgan edi. Ulamoning shu soʻzlaridan soʻng turkman hukumati Oʻrozqlichev tarjimasidagi turkman tilida chop etilgan 40 ming nusxa Qurʼonni yoqishga buyruq beradi. Shu bilan kifoyalanib qolmagan rasmiy hukumat poytaxt Ashxoboddagi masjidlarni teng yarimini buzib tashladi va oʻz eʼtiqodida sobit turgan musulmonlarni turli xil ayblovlar bilan qamoqqa tashlay boshladi. Huquq faollari bergan maʼlumotlarga koʻra, qattiq rejimli “Ovadon Tepa” turmasida 300 ga yaqin dindor mahkumlar bor. Ularga yaqinlari bilan uchrashish, tashqaridan biror narsa olib kiritish taʼqiqlanadi.

Musulmonlarni Islom dinidan toʻsish yoʻlida kurash olib borayotgan rasmiy hukumat endilikda islomiy koʻrinishlarga ham qarshi kurashni boshlab yubordi. Doshoʻgʻiz viloyatida kuch organlari saqol qoʻygan musulmonlarga qarshi “ov”ni boshlab yuborishdi. OAV bergan xabrga koʻra, mahalliy milliy xavfsizlik boshqarmasi va yoʻl politsiyasi xodimlari saqol qoʻygan va 50 yoshga toʻlmagan musulmon erkaklarni ushlab, maxsus suhbatdan oʻtkazishmoqda.

Suhbatda “Nima uchun saqol qoʻyding? Vahhobiymisan? Namoz oʻqiysanmi?” kabi savollar berilib, ortidan ularni saqollarini olib tashlashga majburlashmoqda.

OAV bilan suhbatlashgan Begmurot ismli shaxsning aytishicha, uning doʻstiga politsiya xodimlari aroq quyib berib ichishni talab qilishgan, keyin esa choʻchqa goʻshti yeyishga majburlashgan.

Begmurotning soʻzlariga koʻra, politsiya talabiga itoat qilmaganlarni qattiq kaltaklab, saqollarini majburan qirib tashlashmoqda. Uning aytishicha, keyinchalik bu kabi itoatsiz odamlar hech qanday sud va tergovsiz 7-8 yilga ozodlikdan mahrum etilyapti. Begmurot shundaylardan ikkitasini shaxsan tanishini aytib oʻtdi.

Izohlar yo'q