Qirg‘iziston Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasidagi o‘z ishtirokini “muzlatish” to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda Yevropa ittifoqi-Markaziy Osiyo oliy darajadagi dialogning 2016 yil 18 may kuni Bryusselda o‘tayotgan 3-majlisi davomida Qirg‘iziston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Dinara Kemelova ma‘lum qildi.
Dinara Kemelova majlis ishtirokchilarining e‘tiborini Marakaiy Osiyoda suv-energetika hamkorligi muammolariga, Markaziy Osiyoning alohida olingan mamlakatlarining gidroenergetik jihatlarini va ehtiyojlarini hisobga olmayotgan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasining faoliyatiga qaratdi. “Qirg‘iziston tomoni jamg‘armaning bo‘yicha taklif etgan islohoti amalga oshirilmadi, – deyiladi Qirg‘iziston TIV bayonotida. – Shu munosabat bilan Qirg‘iziston Jamg‘arma va uning organlari faoliyatida o‘z ishtirokini “muzlatishga” qaror qildi”.
Dinara Kemelova, shuningdek, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasining to‘laformatli islohoti o‘tkazilmas ekan, Qirg‘iziston uning faoliyatida ishtirok etishini qayta tiklash istiqbollarini ko‘rmasligini qayd etib o‘tdi.
Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining 1993 yil 4 yanvarida Toshkentda qabul qilgan qaroriga muvofiq tuzilgan. Jamg‘armaning asosiy vazifasi – mintaqaning barcha mamlakatlari manfaatlarini hisobga olgan holda Orolni qutqarish bo‘yicha qo‘shma dasturlar va amaliy haraktlarni moliyalashtirish, Orolbo‘yi va Orol dengizi basseynini ekologik jihatdan sog‘lomlashtirish deb qabul qilingan. Jamg‘armaning muassislari – O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Turkmaniston.
Manba: “Farg‘ona” axborot agentligi