Vatan himoyachilari kuniga bag’ishlab shanba kuni Kremlda o’tgan marosimda so’zga chiqqan Rossiya prezidenti Vladimir Putin rus harbiylari Suriyada ochiqchasiga Rossiyani dushman deb atayotgan hamda Rossiya va MDH davlatlariga kengayish rejalarini yashirmayotgan jangarilarni yo’q qilishayotganini aytib o’tdi.
“Suriyada olib borilayotgan harbiy amaliyotlar askarlarimizning harbiy mahoratini yuksaltirib bormoqda. Bizning askar va zobitlarimiz Yaqin Sharqda jang olib borar ekanlar Rossiya manfaatlarini himoya qilishmoqda va ochiqchasiga vatanimizni dushman deb atayotgan hamda Rossiya va MDH davlatlariga kengayish bo’yicha rejalarini yashirmayotgan jangarilarni yo’q qilishmoqda”, – dedi Putin.
Uning qayd etishicha, harbiy kosmik kuchlari uchuvchilari, harbiy bo’linma dengizchi va askarlarining harbiy xizmatlari yuksak tahsinga sazovor.
“Ular murakkab sharoitda Suriya hukumat qo’shiniga, aksilterror koalitsiyasi a’zolariga jangarilarni tor-mor etishda, tinch aholini zo’rovonlik, vahshiylik va zulmdan xalos etishda yordam ko’rsatishmoqda”, – deya ta’kidlab o’tdi Putin.
Turkiston:
Vladimir Putin boshchiligida olib borilgan siyosat natijasida Rossiya iqtisodi inqiroz yoqasiga kelib qoldi. Xususiy mulkni cheklanishi, zavod va fabrikalarni davlat nazorati ostiga olinishi odamlarda davlat mulkiga nisbatan e’tiborsizlikni paydo qildi, raqobat va izlanishni tomiriga bolta urdi. Chunki inson o’ziniki bo’lmagan narsaga e’tiborsiz bo’lishi tabiiy. Sobiq sho’rolar ittifoqini inqirozga yuz tutishiga asosiy sabablardan biri ham aynan shu bo’lgan edi. Raqobatni yo’qolishi natijasida Rossiyada ishlab chiqarilgan maxsulotlar nafaqat Yevropa davlatlari, balki Markaziy Osiyoda ham o’tmaydigan matohga aylanib qoldi.
Shu sababli ham Putin avval Bojxona ittifoqi deb nomlangan, keyinchalik Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga aylangan ittifoqni tashkil etdi. Bundan ko’zlangan maqsad esa Xitoy, Turkiya va Yevropa davlatlaridan kelayotgan mahsulotlarni bu ittifoqqa a’zo davlatlarga kirishiga cheklov kiritish va o’zini hech kimga kerak bo’lmay qolgan, zamon talablaridan ortda qolib ketgan mahsulotlari uchun iste’mol bozorini tashkil etishdan iborat edi. Ammo ko’rilgan bu choralar ham Rossiya inqirozini oldini ololmasligi ko’rina boshlagach, Putin rus xalqining Ulug’ vatan urushi yillaridan sinovdan o’tgan eski uslubi vatanparvarlik va millatchilik robitasi foydalanishga qaror qildi. Chunki Putin va uning komandasini faqatgina urush va notinchliklar qutqarib qolishi mumkin edi. Shu maqsadda Putin rus xalqi va rusiyzabonlarni huquqini himoya qilish bahonasida Qrimni bosib oldi. Donetsk va Luganskdagi ayirmachilarni qo’llab-quvvatlay boshladi. Buning ortidan kutilganidek, rus xalqini Putinga nisbatan yo’qola boshlagan ishonchi va xurmati qayta tiklana boshladi.
Biroq AQSh boshchiligidagi Yevropa davlatlarini Rossiyaga qarshi qo’llay boshlagan jazo choralari shundoq ham nochor bo’lgan rus iqtisodini yanada qiyin ahvolga solib qo’ydi. Bundan qutulish uchun esa Putin Donetsk va Luganskdagi ayirmachilardan voz kechish evaziga Suriya jallodi Bashar Asadga harbiy yordam ko’rsatishga Barak Obamadan ruxsat oldi. Bunga sabab Putinga qaerda va kim bo’lishidan qat’iy nazar urush kerak.
Garchi Putin Suriyaga “IShID”ga qarshi kurashish bahonasida bostirib kirgan bo’lishiga qaramay, rus harbiy kosmik kuchlarining asosiy nishoni tinch fuqaro, yosh bolalar va ayollar bo’lyapti. Shunga qaramay Putin hech narsadan uyalmay “Suriyada olib borilayotgan harbiy amaliyotlar rus askarlarining harbiy mahoratini oshib borayotgani”ni aytmoqda.
Bundan tashqari, Putin “IShID” vahimasini bo’rttirib ko’rsatish orqali sobiq mustamlakalari, xususan Markaziy Osiyo davlatlari nazoratini o’z qo’lida saqlab qolishga harakat qilmoqda. Putin bu kabi bayonotlar bilan birinchi marta chiqayotgani yo’q. 2015 yilning 16 oktyabr kuni Qozog’istonning Burabay shahrida bo’lib o’tgan MDH rahbarlari sammitida Putin “IShID safida hozirda Rossiya va MDH davlatlaridan chiqqan 5 mingdan 7 minggacha odam jang qilayotgani”ni aytib o’tgan edi.