Xitoy banklari Rossiyaga qarshi joriy etilgan sanktsiyalarga qo’shildi

0
498

Rossiya bank va kompaniyalarining g’arb sanktsiyalarini engib o’tishda Xitoy ko’magiga bo’lgan umidlari borgan sari so’nib bormoqda. VTB guruhi raisining birinchi o’rinbosari Yuriy Solovevning “Finance Asia” uchun yozilgan kolonkada xabar berishicha, Pekin Rossiyaga qarshi birorta moliyaviy sanktsiyalar kiritmagan bo’lsada, Xitoy banklari AQSh va Yevropa ittifoqi tomonidan kiritilgan cheklovlarga qo’shilishdi.

Shuningdek, XXR ning ko’plab kredit tashkilotlari Rossiya banklari bilan operatsiyalarni amalga oshirishdan bosh tortmoqdalar. Ular o’zaro savdoni moliyalashtirishdagi ishtiroklarini sezilarli kamaytirishdi, ular bu vazifani rossiyalik sheriklariga topshirishdi.

“Mavjud hamkorlik qiyinchiliklarsiz o’tmayapti. Ikki tomonlama hamkorlikning rivojlanishini to’xtatib turgan asosiy muammo AQSh va YeI sanktsiyalar kiritganidan keyin Rossiya banklariga nisbatan Xitoyning qarama-qarshi pozitsiyasida turishidir. Bugungi kunda ko’plab Xitoy banklari Rossiya banklari ishtirokidagi banklararo operatsiyalarda ishtirok etishmayapti. Bundan tashqari, Xitoy banklari tashqi savdo bo’yicha bitimlardagi ishtiroklarini sezilarli kamaytirishdi, ayniqsa, savdoni moliyalashtirish bo’yicha”, – deb yozadi Solovev.

Xitoy bozoridan yuan (Xitoy pul birligi)da moliyalashtirishni jalb qilish hajmi ham hozircha juda cheklangan, deb nolimoqda qudrat bo’yicha Rossiyada ikkinchi o’rinni egallaydigan davlat banki raisi o’rinbosari.

“Xitoylik hamkorlarimizning so’zlariga ko’ra, buning uchun chet el emitent (qimmatli qog’ozlar va qog’oz pul chiqarish huquqiga ega bo’lgan davlat, bank yoki idora) lari Davlat kengashi, Markaziy bank va Moliya vazirligidan ruxsatnoma olishlari kerak. Biroq, bunday ruxsatnomalarni olish uchun aniq belgilangan tartib mavjud emas. Hozircha mahalliy kapital bozoriga chiqishga Xalqaro moliya korporatsiyasi va Osiyo taraqqiyot banki kabi moliyaviy tashkilotlar muvaffaq bo’lgan xolos”, – deb ta’kidladi Solovev.

 Xitoy bozoriga chiqish va yuanda mablag’larni jalb qilishni boshlashni hatto Rossiya Moliya vazirligi ham xohlagan bo’lardi. Moliya vaziri o’rinbosari Sergey Storchak 3 iyun kuni Rossiya XXR valyutasida obligatsiyalar chiqarish imkoniyatini o’rganayotganini aytgandi. Ammo vazir o’rinbosarining tan olishicha, hozircha bu g’oyalar amaliy tatbiqdan ancha uzoq.

“Biz tashkiliy masalalarni, buni qanday ishlashini bilmaymiz, agent banklarni ham. Bozorning butun infrastrukturasini o’rganish kerak: unga kim va qanday chiqadi, qaysi vositachilar orqali chiqiladi, bozorga chiqish yoki emissiyani ro’yxatdan o’tkazishga imkoniyat berish uchun qimmatli qog’ozlar bo’yicha nazorat organi qanday qarorlar qabul qiladi, kim potentsial investor bo’lishi mumkin, kimga ruxsat berilgan, kimga ruxsat berilmagan”, – deya izohlab o’tdi Storchak.

Moskva va Pekin o’rtasidagi o’zaro hisob-kitoblarda dollardan voz kechish haqidagi muzokaralar ham qiyin kechmoqda. Ikkala taraf ham bir-birini sustkashlik qilish va yon berishni xohlamaslikda ayblamoqda. Shuningdek, XXR Savdo vazirligi Yevrosiyo departamenti direktori Lin TSzi rossiyalik jurnalistlarga Rossiyaning dialogdagi faolligi pasayib borayotganligini bildirgan.

VTB rahbari Andrey Kostin ham qiyinchiliklarni tan oldi va kelishmovchiliklarning sababini aytdi: uning so’zlariga ko’ra, Xitoy tarafi hisob-kitoblarda ustunlik yuanda bo’lishi kerakligini talab qilmoqda, bunga sabab qilib, so’nggi paytlarda rubl o’ta salbiy o’zgarish sur’atini ko’rsatayotganini keltirmoqda. Rossiya tarafi esa hisob-kitob valyutasi odatda eksport qiluvchining valyutasi bo’lishi kerakligini aytmoqda.

8 may kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin, bugungi kunda Rossiya va XXR ning o’zaro tovar ayirboshlashdagi milliy valyutalarning ulushi tahminan 7% ni tashkil qilishini xabar qilgan edi.

Izohlar yo'q