Qirg’iziston hukumati Qozog’iston bilan muzokaralar olib bormoqda

578
0

Qirg’iziston hukumati Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII)ga a’zo bo’lish doirasida Qozog’iston bilan 100 million dollar ajratish bo’yicha muzokalar olib bormoqda. Bu haqida yangi saylangan bosh vazir Temir Sariev 4 may kungi hukumat yig’ilishida ma’lum qildi.

Uning so’zlariga ko’ra, Qirg’izistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo’shilishidan avval xal qilinishi zarur bo’lgan ikki muhim masala bor va bular bo’yicha muzokaralar davom etyapti, lekin a’zo bo’lish muddati ortga surilmoqda.

Bosh vazirning ta’kidlashicha, YeOIIga qo’shilish tarixiy qaror. Uning qo’shimcha qilishicha, prezident ham, hukumat ham, parlament ham ittifoqqa a’zo bo’lish bo’yicha Qirg’iziston manfaatlari doirasida qarorlar qabul qilishmoqda.

“Qirg’iziziston-Rossiya taraqqiyot fondi tashkil etildi. Rossiya grant sifatida 200 million dollar ajratdi va biz bu mablag’larni barchasini yo’l xaritasini amalga oshirishga yo’naltiramiz. Biz barcha narsani tayyorlab qo’ydik, ammo boshqa tomondan hujjatlar hozircha imzolanmaydi, kelishuv kuchga kirmaydi. Yana ozgina sabr qilinglar”, – dedi Bosh vazir.

Turkiston:

Temir Sariev Qirg’iziston bosh vaziri etib tayinlanishidan oldin ham YeOIIga a’zo bo’lib kirish muddati ortga surilishi mumkinligi haqida xabar qilgan edi. O’sha vaqtda ham Sariev ittifoqqa a’zo bo’lishdan oldin xal qilinishi zarur bo’lgan ikki masala borligi, bular Xitoy bilan erishilgan texnik-iqtisodiy shartnomasi va fitosanitariya nazorat masalalari ekanligini aytib o’tgan edi.

Garchi Qirg’iziston hukumati Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo bo’lib kiradigan bo’lsak bizlar uchun 170 millionlik bozor ochiladi, deb aytib kelayotgan bo’lsada, aslida bu hozircha quruq gapdan boshqa narsa emas. Chunki, Qirg’iziston qishloq xo’jaligi ham, sanoati ham Rossiya, Qozog’iston va Belorus davlatlari bilan raqobatlashadigan darajada emas. Oddiy bir misol, Qirg’izistonning un ishlab chiqaruvchi zavodlari Qozog’iston zavodlari bilan raqobat qila olmaydi. Bundan tashqari sut va go’sht maxsulotlarini etkazib berilishida ham fitosanitariya nazorati sababli muammolar yuzaga kelishi aniq. Yengillik faqatgina Qirg’izistondan borib qora ishlarda ishlovchi mehnat muhojirlari uchun bo’lishi mumkin.

Biroq, bunday muammolar va a’zo bo’lish muddati ortga surilishiga qaramay Qirg’iziston ixtiyoriy-majburiy ravishda YeOIIga a’zo bo’lishga sari intilmoqda.

O’tgan oy oxirlarida Qirg’izistonga Rossiyadan tashrif buyurigan Geosiyosiy muammolar akademiyasi va Xalqaro geosiyosiy analizlar markazi prezidenti iste’fodagi general-polkovnik Leonid Ivashov “Vecherniy Bishkek” saytiga bergan intervyusida, “Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo bo’lish birinchi navbatda Rossiyaning emas, balki Qirg’iziston manfaatlariga mos. Rossiyadan uzoqlashib Yevropaga yaqinlashishga harakat qilgan Ukrainada nimalar sodir bo’layotganiga diqqat bilan qarash kerak. Ukraina yo’q bo’lib bormoqda. Qirg’iziston esa Ukrainaga qaraganda kichkina mamlakat”, – deya ochiqchasiga tahdid qilgan edi.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.